Assalamu alaykum!
G'animat soatlar, g'animat daqiqalarda turibmiz.
Allohga hamdlar bo'lsin, ushbu Ramazoni sharif barakasi ila forumimizda ham 3 bora Qur'oni karimni xatm qilishga O'zi nasib etdi.
Bu yilgi Qur'oni karim xatmida 20 kishi qatnashdi (Kapalak, Aqoid, Ummu Muslima, Muslimshuhrat, Eng ojiz banda, Muhammad Yusuf, Abdulhafiz, Rabella, secret, Registan, Humayro, Azizbek_mx, Muhammad Sohib, Mirolim, Lu'lu', Mo'min Mirzo, AsiRa, Shirin_a, Umarbey, AbdulAziz).
Bu degani dunyoning 20 ta yerida Qur'oni karim oyatlari yangradi. 20 ta xonadonda duolar qilindi. 20 ta uyda forumdoshlar eslanib, ularning haqiga, o'tib ketgan ajdodlari haqiga xayrli duolar qilindi.
Shayx hazratlari yaqinda Marg'ilonga kelganda qilgan ma'ruzalaridagi bir jihat e'tiborimni tortdi. U kishi dedilar: "Bizlar mana shunday sharoit uchun Allohga shukr qilishimiz kerak. Bugun dunyoning ko'p musulmon davlatlarida urush, janjal, ocharchilik kabi balolar sabab Qur'oni karim xatm qilish tugul, ro'za tutishga ham imkoniyat bo'lmayapti... Bizga to'qlikni bergan, tinchlikni hadya etgan Allohga hamdlar bo'lsin!"
Allohim, qilingan ushbu amalimizni beriyo qabul qilsin! Xato-nuqsonlarimiz ko'p, ularni-da qabul qilsin! Forumdoshlardan kimdir bemordir, kimningdir qalbida O'ziga asrab yurgan tilaklari bordir, talablari bordir, O'ziga ayon. Allohim, o'zing qalblarimizning egasisan, shar'iy talablarimizni mukammal qilib bergin!
Keyingi Ramazonlarga ham shunday to'kislik, tinchlik-totuvlikda yetmoqlikni nasib etgin!