Demak, bu yerdan shu narsa kelib chiqadiki, har bir farzandning o’tib ketgan ota-onasi uchun eng yaxshi hadyasi — uning yaxshi inson bo’lishi. Chunki, u qilgan yaxshi amallar savobining bir ko’rinishi ota-onasiga yuboriladi. U tashvish tortmasin, uning savobidan olib qo’yilmaydi. Alloh taoloning rahmati keng, ne’mati ko’p, xazinasi so’ngsiz. Ya’ni uning savobi qancha bo’lsa, savobi kamaytirilmasdan, ota-onasiga yuboriladi. Masalan, Bursa o’zining qandlari bilan mashhur. Biz bu shahardan o’tsak, albatta uning qand-qursidan olib ketamiz. Antaliyaning nimasi bor bilmadim, yoki Afyonning qaymog’i mazali, qaymog’li luqumlari bor hatto. Ya’ni har shaharning bir mashhur narsasi bor. Ammo «Marhumlarga nimani hadya qilib yuborsak bo’ladi?» — deb o’ylashingiz tabiiy narsa. Sizning yaxshi musulmon bo’lishingiz, bu — eng yaxshi hadya. Namoz o’qing, ro’za tuting, Qur’on o’qing, xatm qiling, yaxshilik qiling, xayr-hasanotlar qiling! Siz yaxshi inson bo’ldingizmi, oxiratdagi ota-onangiz xursand bo’lishadi. Tushingizga kirib,sizga rahmat aytishadi.
Muhammad alayhissalomning izidan yuramiz, chunki najot faqat uning yo’lidan bormoqdir. Barcha diniy ilmlarning manbai u Zoti bobarakotning hadisi shariflarida jamdir. Qur’oni karimni Alloh ularga tushirdi, vahiy ularga keldi va u zot bizga yetkazdilar. Ya’ni Qur’oni karim U zot orqali bizga yetib kelgan. Demak, Payg’ambarimiz sallallohu alayhi vasallam va u kishining bizga topshirib ketgan sunnatlari boshimizning toji ekan. Unga loqayd qarash mumkin emas. Qur’oni karim menga yetadi, deyish mumkin emas. Chunki vahiyning mohiyatini aqllar qamrab ololmaydi. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam sunnatlari bu — Qur’onning izohi, sharhi, tafsiri va mujassam bir o’rnagi. Bir hadisi sharifda aytiladi:
Ya’ni: Payg’ambarimiz sallallohu alayhi vasallam marhamat qiladilar: (Navmus soimi iba’datun). Ro’zadorning mukofotiga qarang! «Ro’za tutgan kishining uyqusi ham ibodat». Ro’zador charchaydi, holsizlanadi, bir ozgina shu yerda cho’zilay, deydi. Axir, buning yozi bor, qishi bor, issig’i bor, sovug’i bor... Uzun-uzun kunlari bor...