Yusuf alayhissalom sabr qildilar, gunohga yaqinlashmadilar, qamoqni afzal ko’rdilar, natijada Alloh unga halol nikohni nasib etdi. Biz bu rivoyatlarni nimaga keltirdik? Inson o’zini harom ish qarshisida qanday tutishi lozimligini uqtirdik, xolos. Zero, inson farzandining hayotida har xil vaziyatlar bo’ladi. Ba’zi narsalarni o’zi ham, nafsi ham xohlaydi. Uzatsa qo’li yetadi, uzib oladi, ammo «Yo’q, olmasligim lozim, bu olma harom!» — deb uni uzmaydi. Boshqa yerdan birortasi bir lagan olma olib keladi. Agar uning nasibasida olma yeyish bo’lsa, u o’zgarmaydi, faqatgina inson harom qarshisida turganda o’zini tutishi lozim! Shunday qilsa, albatta, Alloh u qulini sevadi.
Bu yerda Alloh yaxshi ko’rgan, unga ma’qul bo’lgan amallar haqida suhbatlashyapmiz. O’zimizni tutamiz, haromga ko’z tashlamaymiz. O’zimizni tutamiz, haromga quloq bermaymiz. O’zimizni tutamiz, haromga ko’maklashmaymiz. O’zimizni tutamiz, harom joyga qadam tashlamaymiz. Qur’oni karimda bildirilgan, ta’kidlangan taqvoning ahamiyati va mohiyatini yaxshilab o’ylab, tushunib unga amal qilishga bor kuch va imkoniyatimiz bilan jiddu jahd qilaylik. Gunohning oqibati - jahannamni ko’z oldimizga keltiraylik.
Demak, inson biror gunoh ishni qilmoqchi bo’lganda, uni qilmay, niyatidan qaytsa, bu uning taqvodorligidan nishona. Bu yerda Alloh taolo shuni so’ramoqda: «Biror gunoh ishga ro’para kelganda meni eslab, g’azabimni o’ylab o’zingni orqaga tortdingmi?» Demak, biz ro’za tutib, haromdan chekinishni o’rganamiz. Ramazonda olganimiz iroda tarbiyasini har kunimizga tadbiq qilamiz. Haromga qo’l uzatmaymiz, unga qaramaymiz, uni gapirmaymiz, uni yemaymiz, haromga qadam ham tashlamaymiz.