Kursantlar kulgidan o’zlarini zo’rg’a tiyib turishardi. Ammo ular asosiy jang hali oldinda ekanligini yaxshi tushunishar va unda kim yutib chiqishini bilishardi. Ular Markni Teddi bilan yuzma-yuz qoldirishib ortga tisarilishdi...
Demen hujjat varaqlab o’tirgan Neffning oldidagi katta yozuv stoli yonida turardi. Neff nimanidir izlardi. Nihoyat u izlagan narsasini topdi. Uning barmog’i bolaning baholar ro’yxati ustida yurardi.
- Matematika, - boshladi u, - «yaxshi». Mantiq... «juda yaxshi». harbiy tarix... tuzuk. - Uning qoshlari chimirildi. - Buni yaxshi o’rganish kerak.
- Ha, janob serjant. - Demen komandirni deyarli eshitmasdi. U og’irligini u oyog’idan bu oyog’iga solgancha, Neffning ortidagi oynaga tikilar, eng kichik yoshdagilar vzvodining dam olishga ketayotganini kuzatardi.
- Jismoniy tayyorgarlik, - davom etdi Neff, - «a’lo». - U hujjatni qo’ydi va barmoqlarini chalishtirib, oldinga egildi.
- Eshitishimcha, sen yaxshi futbolchi ekansan, - Torn titrab ketdi. U yaxshi o’ynashini bilardi. Lekin bu haqda gapirishni yoqtirmasdi.