326-BOB
MAVZU: ISMI ULUG’ VA SHONI YUKSAK ALLOHNING HAR KECHA DUNYO OSMONIGA «TUSHMOG’I»
443. Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilindi; «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam aytdilar: «Alloh taborak va ta’alo har kecha - tunning ilk uchdan bir qismi kelganida dunyo osmoniga tushadi va bunday deydi: «Men Malikdurman (mulk sohibidurman)! Kimki Menga duo qilsa, uni ijobat etgaydurman; kimki Mendan so‘rasa, unga ato etgaydurman; kimki Menga istig‘for aytsa, uni mag‘firat qilgaydurman!» Va toki tong otgunicha shundoq davom etar».
«Tushadi» so‘zining ma’nosi masalasida ixtilof qilindi. Ayrimlar bu so‘zni zohir ma’nosiga qarab, oddiy tushish deb qabul qildilar. Bular - Mushabbiha yoki Mujassima (antropomorfizm) toifasidirki, Alloh taolo ularning da’vosidan munazzahdir. Ayrimlar esa bu o‘rtada vorid bo‘lgan hadislar sahih emas, deb iddao etadigan darajada haddan oshganlar. Bular Xavorij va Mu’tazila firqalaridir. Ba’zilar bu hadisni ta’vil qilganlar. Ba’zilari esa Allohu taoloni tashbih (o‘xshatish) va kayfiyatdan munazzah qilib (poklab) «nuzul»ga hadisda vorid bo‘lgani tarzda iymon keltirdilar. Salafi solihiyn yo‘li mana shudir. Al-Bayhaqiy to‘rtta imomning; ikki Hammod, ikki Sufyon, Al-Avzoiy, Al-Lays va yana boshqalarning yo‘li shu ekanini ayta-di. Shuni ham ta’kidlamoq kerakki, agar «tushmoq» degani harakat bilan va bir holdan boshqa bir holga ko‘chish yo‘li bilan bo‘lsa, (ya’ni shunday deb tushunilsa), buni Allohu ta’olo haqida aytish mumkin emas. Shu e’tibor bilan hadisda kelgan «nuzul», ya’ni tushmoh sifatiga tashbihsiz va kayfiyatsiz tarzda ishonmog‘imiz lozim. Ul zot O’ziga xos bir tushish bilan «tushgaydir», biz insonlar, maxluklar singari harakat bilan yoki bir holdan boshqa holga ko‘chish yo‘li bilan emas. Allohu a’lamu bimurodihi...
Bu bobda Ali ibn Abu Tolib, Abu Sa’id, Rifo’a Al-Juhaniy, Jubayr ibn Mut’im, Ibn Mas’ud, Abud-Dardo va Usmon ibn Abil-Abbos (roziyallohu anhum)dan hadis rivoyat qilingan. Abu Hurayraning hadisi hasan-sahih.
Bu hadis mutaaddid vajhlardan Abu Hurayra orqali Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallamdan shundoq rivoyat qilingan: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam aytdilar: «Alloh taborak va taolo har kecha, tunning ilk uchdan bir qismi kelganida dunyo osmoniga «tushgay»dir».
Rivoyatlarning eng sahihi shu.