576. Sha’biy aytadilar: No‘’mon ibn Bashir minbarga ko‘tarildilar va Allohga hamdu sano aytdilar. So‘ng: "Payg‘ambardan sollallohu alayhi vasallam: "Musulmonlar bir-birlariga nasihat qilib yurmog‘i va o‘zaro rahmli bo‘lmog‘i lozim. Jasaddagi a’zolar misoliki, agar bittasi og‘risa, qolgan a’zolar bedorlik bilan hamdard bo‘ladi, toki og‘riq ketguncha", deganlarini eshitganman", dedilar".
Anas ibn Molik (r.a.) aytadilar: "Umar (r.a.) kechalarning birida aylanib yurardilar. Bir joyga tushgan to‘daning yonidan o‘tdilar. Umar (r.a.) ularga o‘g‘ri tushishidan qo‘rqdilar. Abdurahmon ibn Avfning oldilariga keldilar. Abdurahmon: (r.a.): "Bu soatda nima qilib yuribsiz, yo amirul mo‘minin?" deb so‘radilar. "Bir jamoatning yonidan o‘tdim. Keyin o‘zimcha, bular yotib uxlaydi, so‘ng ularni o‘g‘rilar tunaydi, deb qo‘rqdim. Men bilan yuring, ularni qo‘riqlaymiz", dedilar. Ikkovlari borib, jamoat yotgan joyga yaqinroqda o‘tirib, qo‘riqchilik qila boshladilar, tong yorishgachgina turdilar. Keyin Umar (r.a.): "Ey ahli jamoat, namoz", deb bir necha marta nido qildilar. Ularning harakatga tushganlarini ko‘rib, qaytib ketishdi".
Faqih (r.a.) aytadilar: Sizlar oldin o‘tganlarga ergashishlaringiz lozim. Payg‘ambar alayhissalom sahobalari bir-birlariga rahm qilganlari tufayli maqtovga erishdilar. Alloh taolo aytadi:
"O‘zaro rahm-shafqatlidirlar" (Fath, 29).
Ular musulmonlarga va barcha maxluqlarga rahmlidirlar, zimmiylarga ham rahm qiladilar, shunday ekan, qanday qilib musulmonlarga rahmli bo‘lmasinlar.
Umardan (r.a.) rivoyat qilinadi. U kishi zimmiylardan biri odamlar eshigi oldida tilanchilik qilib yurganini ko‘rdilar. U qari chol edi. Umar (r.a.) unga: "Biz senga insof qilmadik. Yoshligingda sendan jizya oldik, bugun esa tashlab qo‘yibmiz", dedilar va u kishiga musulmonlarning baytul molidan ovqat berib turishni buyurdilar.
Ali ibn Abu Tolib (r.a.) aytadilar: "Umarning (r.a.) yelkalarini qisib vodiy tomonga yugurib ketayotganlarini ko‘rdim. U kishiga: "Ey amirul mo‘minin, qaerga ketyapsiz?" dedim. U zot: "Zakot tuyalaridan bittasi qochibdi, uni izlab ketyapman", dedilar. O‘zingizdan keyingi xalifalarni xor qildingiz", dedim. "Meni malomat qilmang, ey Abul Hasan, – dedilar, – Muhammad sollallohu alayhi vasallamni haq bilan yuborgan Zotga qasamki, agar bir uloq Furot daryosi sohiliga ketib qolsa, qiyomat kunida Umardan so‘raladi. Musulmonlarni tashlab qo‘ygan hokimning, mo‘minlarni adashtirgan fosiqning hurmati yo‘qdir".