Jahonda tan olingan buyuk hajviyot ustalaridan biri, turk adibi Aziz Nesinning hikoyalari bizda shu qadar ko‘p tarjima qilinib bosilganki, o‘quvchilar uni bir kunlar o‘zbek yozuvchisidek qabul qilishgan, desa mubolag‘a bo‘lmaydi.
Bundan to‘rt-besh yil burun, hayotining so‘nggi yillarida adib nomi bir oz malomatga chulg‘andi. Biz bu ish haqmi, nohaqligini muhokama qilmaymiz (qolaversa, Lev Tolstoy ham umri so‘ngida shu holga tushgan). Biz bilmaymiz. Bunga haqqimiz ham yo‘q. Lekin aytish mumkin, u iste’dodli ijodkor, hayoti esa ancha murakkab kechgan edi. Shu bois, Nesin bir kitobi muqaddimasida, men hikoyani yig‘lab yozaman, negadir o‘quvchi kulib o‘qiydi, mazmunidagi gapni keltirgan.
Uning asosiy tarjimoni Miad Hakimov edi.
Bir gal menga Osiyo va Afrika yozuvchilari anjumanida qatnashish buyurgan. O‘shanda Aziz Nesinni "œO‘zbekiston" mehmonxonasi oldida uchratganman. U bo‘yi o‘rtadan pastroq, jussasi ham o‘rtacha kishi edi. Yonida undan ham bo‘yi pastroq Miad Hakimov viqor to‘kib turardi. Miad aka uni tanishtirdi. Men qaysi tilda gaplashishni bilmay chaynalgan edim...
— O‘zbekcha gapiravur, — dedi adib.
Asarlari haqida gapirayotib, e’tibor berdim. Yuzi osoyishta, ko‘zlari muloyim, o‘zi umuman, juda oddiy, sodda edi.
Dastxat yozdirib olish uchun qo‘limda kitobi yo‘qligiga o‘kindim. Lekin bu muammoni ham u darhol hal qildi — anjuman chiqartirgan kitobchani olib, shunday dastxat yozdi:
Buyuk adib va insonning yosh bir ijodkorga munosabatidagi samimiyatni unutish qiyin. Men, Olloh uni o‘z rahmatiga olgan bo‘lsin, deyman.
Omon MUXTOR