Kayvoni jiyan mendan qachon kelganimu necha kunga kelganimni so‘radi.
— Ukaning shu odatlari ma’qul-da, — dedi so‘ng otamga yuzlanib. — Kelasolib darrov el-ulusning mavlid-ma’rakasini ko‘zlaydilar. Uzim ko‘rganman-da bir-ikkida. Sog‘ bo‘lsinlar. Rahmat. Savob. — Keyin, bir zum tin olgach, marhumning egasi sifatida, bu yerda o‘tirganlar necha bor eshitgan, yana eshitajak, o‘zi ham necha bor takrorlagan, tag‘in takrorlayajak o‘lim tafsilotini, taomil bo‘yicha, endi bizga so‘zlay boshladi: — Bilmadim, bippa-binoyi yurgan edilar. O’sha kuni deng, bir-ikki joyga ta’ziyaga ham boribdilar, qaytishda bozor-o‘char qilib keptilar ro‘zg‘orga. Baloday. Hech kimning xayoliga kelmagan. So‘ngra deng, bu endi peshin namozidan keyingi gap — Samievning oldiga jo‘nabdilar, direktorning. Shundan shu yoqqa. Piyoda. Oyoqlarida bodlari bor edi, keksa odam. Samiev bir vaqtlar qo‘llarida traktorchilik qilgan ekan, shuni orqa qilganlar chog‘i-da. Mana, o‘zlaring ko‘rib turibsizlar: hovli katalakday, boz ustiga, yarimchasi yo‘lga tushmoqchi. Gap o‘zimizniki-yu, qaynona-kelinning ham sobiqasi kelishmayroq qolgan. Shunga, ullariga bir parcha yer so‘ramoqchi bo‘lganlar-da, yangamizning aytishicha. Samiev nima depti deng: «NKVDda ishlaganingizda otamni qamatgansiz, sizga yer yo‘q». Nokasning gapini qarang! Shuncha zamon o‘tib, eski alaming endi, sovxozga direktor bo‘lganingda esingga tushdimi, nomard! Qamatgan bo‘lsa, otang biron ayb qilgandirki, qamatgan-da. Qolaversa, amakimiz milisada ozroq ishlaganlaridan xabarim bor edi-yu, — eski shapkalarini ho‘v yillari, bolalik-da, biz kiyib yurgich edik, — lekin NKVD-pnkvdsini eshitganimiz yo‘q.
Mudrab yotgan ko‘hna chol daf’atan jonlanib, luqma soldi:
— E, o‘ vaqtlar o‘ning bari bir edi.
— Birmidi, bir emasmidi, otasini tus amakim qamatganini kim isbotlaydi, bobo, qani?! — dedi tarafgir jiyan cholga «hujum» qilib. — Samievingiz u vaqtlar enasining qornidayam bo‘lmagandir. Hay, mayli, nimayam derdik endi! — So‘ng bizga o‘girilib, uzr so‘ragandek, gapini aybdorona ohangda davom ettirdi:— Amakimizni bilasizlar: sal haligiday, qizilroq edilar. Boz ustiga deng, keyingi vaqtda bu yerdagi g‘urbatlardan siqilibroq yurgan ekanlarmi, otashin bo‘lib, anovi gaplarini aytibdilar: «O’n to‘rt yoshimdan marksistman». «Bor, o‘sha Marksingga bor, Marksing yer bersin!» debdi-ya enag‘ar Samiev. Bo‘lgan gap shu. Qaytib keptilar, yangamizga picha hasrat qilgan bo‘lib, anovi supaga yonboshlabdilaru jonlari chiqibdi...
Xuddi shuni kutib turgandek, alhol qiziq ish bo‘ddi. G’ir-g‘ir esayotgan beozor shabada to‘zonga o‘xshab bir guvrandiyu girillab uchib kelgan qandaydir do‘ppi tepamizdagi olma shoxiga ilinib qoldi. Shamol tag‘in bir g‘ayrat ko‘rsatgan edi, shohdan uzilib, pastak devor osha qo‘shni hovli tomon parvoz qiddi.
Irg‘ib turib devor sari taYapingan jiyanni beri-roqda o‘tirgan qariya to‘xtatdi:
— Hah, qo‘ying endi, Mardonboy, halizamon bolalaringiz ko‘tarib chiqadi. — Keyin miyig‘ida kulimsiragan bo‘lib dedi: — Rahmatlining boshida do‘ppi ko‘rganimiz yo‘q edi o‘zi.
Jiyan qaytib joyiga cho‘kkalarkan, xijolatomuz il-jaydi:
— Yangigina edi. Hali kiyilmagan. Amakim shapka kiyardilar. Rasmiga deb osib qo‘ygan edik-da.
Shundagina ayvondagi dorga tashlab qo‘yilgan ki-yim-kechakka diqqat qildim. Marhumning usti-boshi. O’sha, ko‘zga tanish moshrang liboslar. O’sha kattakon bloknot, o‘sha rang-barang avtoruchkalar.
Chekkarokda, ustun qozig‘ida shumshayibgina bir dona oq yaktak osilib turibdi. Chamasi, do‘ppi shuning tepasida bo‘lgan. Omonatroq ilingan ekanmi qoziqqa...
Harchand urinmayin, rahmatlini bu yaktak, bu do‘ppida tasavvur qilolmadim. O’ ko‘proq anovi liboslarga loyiq edi. Galife bobo...
Keyin — xayr-xo‘sh. Xudo rahmat qilsin. Joylari jannatda bo‘lsin. Qolgan umrlari bizlarga — tiriklarga nasib etsin...
Kayvoni jiyan kuzatuvida ota-bola hovlidan chiqdik.
Qaytyapmiz.
— Endi Bog‘bologa, — dedilar otam mashinani markazga yetmay yuqoriga burib. — Xalilovnikiga. Yaqinda ukasi mototsikddan uchib o‘ldi. Alomat yigit edi, qo‘li gul. Xalilovning uyini bilarsan, ho‘-o‘ terakzorning orqasida. Asom zo‘rga hamsoya-da.
— Qaysi Asomni aytyapsiz? — deb so‘radim pari-shonhol. — Asom degan sinfdoshim bo‘lardi...
— Ko‘nglingga olmagin-u, ulim, Asom zo‘rniki unutgan bo‘lsang, ancha begonalashib qolibsan.
Ko‘nglimga olmadim. To‘g‘ri-da, balki o‘sha men aytgan Asomdir. U ham bolaligida o‘lgudek zo‘mu zo‘ravon edi.
Yo‘dda gap aylanib, tag‘in Salim Qarorga ko‘chdi.
— Boya shu odamni e’tiqodli edi, deb ta’rifladik, ota. Menimcha, u bor-yo‘ga oddiygina qo‘rqoq bo‘lgan, xolos.
— Gapingda jon bor, ulim, — dedilar otam. — Stalin zamonida yurak oldirib qo‘ygani rost. Uni Termiz turmasida bir hafta kigizga o‘rab jabrlaganlar. «Kigiz jazosi» degan shunday bir qiynoq usuli bo‘lar ekan. O’z og‘zidan eshitganman. Kolxoz davrida bir kecha xirmonjoyda yotib qolib, mastlik bilan yig‘lab hasrat qilgan edi. Bilasanmi, uni nimada ayblaganlar? «Stalin»ga «betayin»ni qofiya qilgani uchun. Salim Qaror shoir edi-da, o‘-o‘, qanday shoir! G’azal yozardi, keyin shuni o‘zi qo‘shiqqa solib aytardi. Eshitganmiz-da. Biz unda bola edik.
Salim Qarorning «Biz ham yoshlikda yozar edik. Keyin, qofiyasini to‘g‘ri keltirolmay...» degan armonli so‘zlarini xotirladim. Gap bu yoqda ekan-da.
— Ehtimol, o‘shanda, kigizga solib kiynaganlari-da, chidayolmay ayg‘oqchilikni zimmasiga olgandir? Haligi bobo bir nimaga sha’ma qilganday bo‘ldi-ku?
— Bo‘lsa bordir, ulim. Neki sir-asrori bo‘lsa, o‘zi bilan olib ketdi endi. Narigi dunyosi obod bo‘lsin, deymiz-da, boshqa nimayam derdik? Rasmi, o‘lganning orqasidan bunday gaplar gapirilmaydi. Ikkovimiz ham gunohga botib bo‘ldik. O’zi qiziq-da: shularni naql qilmasang, yaxshi-yomonni qanday farqlaysan? Tiriklardan gapiray desang — ig‘vo, g‘iybat sanalsa... E-e, ulim, zamonasi ne-ne vallomatlarni mayib qilmadi! Mana shu Asom zo‘rni olaylik...
Xayolim chuvalashib ketdi.