Narsalar o‘z ziddi bilan yuzaga chiqadi. Garchi oz bo‘lsa ham, davomli bo‘ladigan amal foydalidir. Ko‘p bo‘lib, to‘xtab qoladigan amalning qalbni nurlantirib, poklashdagi manfaati kamdir. Shuningdek, kichik gunoh agar davomli sodir etilsa, qalbning qorayishini kuchaytiradi. Davomli kichik gunohlarsiz to‘satdan katta gunoh qilish kam uchraydigan hodisa. Masalan, zinokor avvalo, ayolning ko‘ngliga qo‘l soladi, uni shahvoniy suhbatlarga chorlaydi, tegajoqlik qiladi... Keyin ish zinoga borib taqaladi. Aksincha bo‘lishi kam uchraydi. Yoki ko‘ngilda dushmanlik va nafrat saqlamasdan turib, daf’atan birovni o‘ldirish ham deyarli uchramaydi. Bilgilki, har qanday katta gunoh oldinroq yo keyinroq sodir bo‘lgan kichik gunohlar bilan qurshalgandir. Umr bo‘yi davom etgan kichik gunohdan ko‘ra, qayta takrorlanmagan katta gunohning kechirilishi osonroq kechsa, ne ajab!
Gunohni arzimas bilib, nazarga ilmaslik ham kichik gunohni katta gunohga aylantiradigan sabablardandir. Chunki, qandayligidan qat’i nazar, sodir etilgan gunohni banda katta deb bilsa, Alloh nazdida u gunoh shuncha kichik bo‘ladi. Zero, gunohni katta deb bilish, qalbning o‘sha gunohdan qochishidan, uni yomon ko‘rishidan kelib chiqadi. Bu qochish qalbni gunohning shiddatli ta’siridan to‘sadi. Gunohni kichik sanash esa gunoh bilan ulfat tutinishdan kelib chiqadi. Bu ulfatchilik gunohning qalbdagi izini chuqurlashtiradi. Qalbni toat bilan munavvar aylash biz uchun matlub, gunohlar bilan qoraytirish halokatdir. Xabarda keladi:
"Mo‘min qilgan gunohini yelkaga ortilgan tog‘ deb biladi, tog‘ ustiga qulab ketishidan qo‘rqib yuradi. Munofiq esa qilgan gunohini burni atrofida vizillayotgan, haydasa uchib ketadigan pashsha deb biladi" (Buxoriy rivoyati).
O’tgan zotlardan biri: "Bandaning, "œkoshki, qilgan barcha gunohim mana shu gunohimdek arzimas bo‘lsa edi", deb yozg’irishining o‘zi kechirilmas gunohdir", degan ekan.