Abdulloh ibn Umardan rivoyat qilinadi: Rasulullohdan (sollallohu alayhi vasallam) Jabroil iymon haqida so'raganida: "Iymon — Allohga, farishtalariga, kitoblariga, payg'ambarlariga, oxirat kuniga va taqdirning yaxshi va yomonligi Allohdan ekaniga iymon keltirishing", dedilar.
Amr ibn Shuayb otasiban, otasi buvasidan rivoyat qiladi: "Biz Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) oldlarida o'tirgan edik, Abu Bakr va Umar (roziyallohu anhumo) bir to'da odamlar bilan kelib, Rasulullohga salom berishdi. Shunda ba'zilar: "Ey Allohning elchisi, taqdirning yaxshi va yomonligi Allohdanmi yoki yaxshilik Allohdan, yomonlik bizdanmi?", deyishdi. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): "Ikkalasi ham Allohdan", dedilar. Abu Bakr (roziyallohu anhu): "Hasanotlar (yaxshiliklar) Allohdan, yomonliklar bizdan", dedilar. Umar (roziyallohu anhu): "Yaxshiliklar ham, yomonliklar ham Allohdan", dedilar. Odamlarning ba'zisi Abu Bakrga (roziyallohu anhu) ergashdi, ba'zisi Umarga (roziyallohu anhu). Shunda Nabiy (sollallohu alayhi vasallam): "Alloh Jabroil va Mikoil orasida hukm qilganidek, o'rtalaringda hukm qilaman. Jabroil, ey Umar, sening gapingni gapirdi, ey Abu Bakr, Mikoil sening gapingga o'xshash narsani aytdi, shunda Jabroil aytdiki: "Agar samo-yu er ahli ixtilof qilsa, ketdik, Isrofilning hukmiga murojaat qilamiz", dedi. Ular Isrofilga voqeani so'zlab berishdi va Isrofil ularning orasida qozilik qilib, albatta, qadarning yaxshi va yomonligi Allohdan ekanin aytdi", dedilar. So'ng Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): "Men ham o'rtalaringizda shunday hukm chiqaraman", deb "Ey Abu Bakr, agar Alloh erda o'ziga osiylik qilishlarini xohlamaganida, iblisni yaratmagan bo'lar edi", dedilar". Vallohu a'lam.