Xo‘ja Kalon «mendek musofirni» deb faqat o‘zi haqida gapirayotganday ko‘rinsa ham aslida u Bobur bilan kelgan barcha vatandoshlarini nazarda tutmoqda edi. «Bu ulkan mamlakatga bir urvoq ham bo‘lolmaymiz, katta xalqqa aralashib yo‘q bo‘lib ketamiz, undan ko‘ra oladigan o‘ljamizni olib, shimolga tezroq qaytib ketaylik», deb yurgan beklar yolg‘iz Xo‘ja Kalon emas edi. Bobur shuni o‘yladi-yu:
— Maqsad nom-nishon qoldirish bo‘lsa, — dedi,— odam shu maqsadga o‘zini fido qila bilishi kerakmi yo‘qmi? Biz o‘rgangan salqin bog‘lar, ravon ariqlar bu yerda yo‘q. Uzum yo‘q, qovun yo‘q, yax yo‘q. Yaxshi ot yo‘q. Sulton Ibrohimdek podshoning saroyida shamu shamdon ishlatilmas ekan. Yuz-ikki yuz charog‘bon davtiylar tirik shamdon bo‘lib xizmat qilar ekanlar. Chap iliklariga sepoya bor chirog‘ni tutib, o‘ng iliklariga yog‘ solingan kaduni ko‘tarib, ulug‘lariga chirog‘ kerak bo‘lganda o‘trularida shamdonga o‘xshab turar ekanlar... Men buyurdimkim, hunarmandlarga bizning shamdonlaru qandillarni ko‘rsatib, shundaylarini yasatsinlar. Bir oy o‘tmay saroyga yetgulik shamdonu qandil tayyorlandi. Shamgarlik ham joriy etildi. Tok ektirdim, nasib qilsa hind uzumini ham yermiz. Bugun ko‘rib kelgan bog‘imizning o‘rni qanchalik besafo yerlar bo‘lganini ko‘rgan edingiz. O‘lmasak, ushbu yerda Samarqandu Hirotning eng mashhur bog‘u chorbog‘laridan ham go‘zalroq bog‘lar, ko‘shklar barpo etilganini ko‘rurmiz. Samarqandu Hirotda inqirozga yuz tutgan madaniyatni biz endi hind madaniyatiga qo‘shib yuksaltira olsak... Shuning hammasi bizdan nomu nishon bo‘lib, avlodlar xotirasida qolmasmi, bek?
— Hazratim, niyatlaringizning ulug‘ligiga tasanno ayturmen. Lekin vatanimizda qilmagan nek ishlarni begona yurtda qilsak, kim buning qadriga yetur? Ne qilsangiz ham biz kelgindi fotihlarmiz. «Bular yigitlarimizni jangda o‘ldirib, kishvarimizni zo‘rlik bilan olgan», deb ta’na qilmaslarmi? Paytini topganda qasos olmaslarmi?