— Demak... biz bora-bora yerliklar hisobiga yashashimiz kerak ekan-da?
— Juda unchalik emas. Biz avvalo ularga yordam beramiz. Ularning ong darajalari biznikidan past.
— Balki yuqoridir?
Fid Rhaqqa tikilib qoldi. Yuqori labi uchdi. Teskari o‘girilib oldi. Bir necha daqiqa ilgari ham Luknning gaplaridan g‘azablanib, shu alfozda deraza yoniga borib turgan edi. Rhaq bemavrid bahslashganini sezib, afsuslandi. Fiddan sado chiqavermagach, iziga qaytmoqchi bo‘ldi. Eshik tutqichiga qo‘l yuborganda barmoqlarining titrayotganini ko‘rdi. Qiziq, asabiylashishga hech bir asos yo‘q edi. Aksincha, Yerga uchuvchilar ro‘yxatida nomzodi borligini bilib, quvonishi lozim edi. Bu xushxabarni intiqliq bilan kutayotgan edi...
— Men bu xabarni eshitib, quvonarsan, deb o‘ylabman, — dedi Fid bosiq ohangda.
Rhaq to‘xtab, o‘girildi. Fid hamon deraza oldida turardi.
— Fid, o‘zim ham hayronman.
— Agar yana uchishni istasang, salomatligingni o‘yla. — Fid shunday deb unga qaradi. Rhaq gapirolmadi. Boshini quyi egib, chiqib ketdi. Dahlizda o‘g‘lini ko‘rib, taajjublanib to‘xtadi.
— Sen bu yerda nima qilib yuribsan?
— Sizni izlayapman. Tezda uyga boring. Onam yo‘qlayaptilar.
— Uydan hozirgina keldim-ku?
— Toblari qochdi.
— Yur, bo‘lmasa.
— Men tajribaxonadagi do‘stimga bir og‘iz gap aytamanu orqangizdan yetib boraman.
Rhaq shoshganicha uyga jo‘nadi. O‘g‘li, aytganiday, orqasidan yetib bormadi. Rhaq xotini yotgan xonaga kirdi. Xotini pinakka ketgan ekan, cho‘chib ko‘zini ochdi. Erini ko‘rib, ma’yus jilmaydi.
— Tinchlikmi? — dedi xasta ovozda.
Rhaq nima deyishini bilmay ikkilandi.
— Tinchlik... qiladigan ishim yo‘q, zerikyapman, — dedi nihoyat. — O‘zing tuzukmisan?
— Ha, bugun ancha yengil tortib turibman. O‘lingiz hozirgina ketdi.
— Senga bir nima dedimi?
— Hech... Ha, aytmoqchi, videomagnitofoningizga bir nimalarni yozdi shekilli.
Rhaq xonasiga kirib, videomagnitofon tugmasini bosdi. Kaftdek ekranda o‘g‘lining jiddiy qiyofasi ko‘rindi. U shoshilmay dona-dona qilib gapira boshladi:
— Har narsaning cheki-chegarasi bo‘lishi kerak. Hissiz sayyoraning umri qisqa. O‘tmishini rad etgan va unutgan jamiyatning kelajagi ham yo‘q. Biz norozilik sifatida butun to‘damiz bilan o‘zimizni qurbon qilamiz. Tangda bir kunmas-bir kun, albatta his-tuyg‘u, mehr-oqibat ko‘z ochadi, degan umid bilan o‘lamiz. — O‘g‘li bir oz tin oldi. Keyin ovozini balandlatdi: — Nima uchun biz faqat yuksalishni va ishni o‘ylashimiz kerak? Biz avlodlarga nimani meros qilib qoldiramiz? Vahshiyliknimi?