— Taqdirning hazilini qara, Jon, — dedi yonida turgan Chiang, — aftidan, sen yangilikdan umuman cho‘chimaydigan ko‘rinasan, biroz cho‘chisang ham sezdirmaysan, men o‘n ming yil mobaynida senga o‘xshagan qushni juda kam uchratdim.
Oqcharloqlar sukut saqlab turishardi, Jonatan esa o‘zini noqulay sezib chayqalib qo‘ydi.
— Ana endi, agar xohlasang, vaqt bilan ishlashga kirishishimiz mumkin, — dedi Chiang, — chunki sen o‘tmish va kelajakka erkin o‘ta olishni o‘rganishing zarur. Shunda sen eng mashaqqatli, eng shijoatli va eng qiziqarli ishga kirishishga tayyor bo‘lasan. Ya’ni sen yuksakka parvoz etishga chog‘lanasan hamda ezgulik va muhabbatning mohiyatini tushunib olasan.
Oradan bir oy, aniqrog‘i, vaqtning bir oy sifatida qabul qilingan muddati o‘tdi. Jonatan favqulodda zo‘r g‘ayrat bilan ilmini oshirdi. U oldinlari ham bir ko‘rganini darhol ilg‘ab olar, oddiy tajribaga tayanib, ustozsiz ham murakkab mashqlarni uddalardi. Endi esa Chiangday Ulug‘ Ustozning tanlagan shogirdi bo‘lib, u yangidan-yangi tushunchalarni tez qabul qilar, go‘yo qush emas, balki bir siqim parga o‘ralgan mukammal rejalashtirilgan mo‘’jaz qurilma edi.
Biroq bir kun kelib Chiang g‘oyib bo‘ldi. Bungacha u oqcharloqlar bilan osoyishta suhbat qurdi, ularni ilm olishni har qanday holatda ham to‘xtatmaslikka da’vat etdi, umrning mazmunini ta’min etuvchi, ko‘z bilan ilg‘ab bo‘lmaydigan ulug‘ maqsad — komillik sari izchil intilish zarurligini tayinladi. U gapirar, parlari esa tobora yorqin yog‘du taratardi; nihoyat Chiangdan taralayotgan nur ko‘zlarni qamashtiradigan darajada yaraqlay boshladiki, oqcharloqlar endi unga ortiq qarab turolmadilar.
— Jonatan, — dedi Chiang, va bu uning so‘nggi kalomi edi, — Muhabbat nimaligini anglashga harakat qil.
Oqcharloqlarning qamashib qolgan ko‘zlari yana ko‘ra boshlaganda Chiang g‘oyib bo‘lgan edi.