IBODAT (arab. - qulluq qilish, bo‘ysunish, o‘zini past olish, itoat qilish) - xudoga sig‘inish, iltijo qilish. Musulmon ulamolari I.ni bir-biriga yaqin ma’noda turlicha ta’riflaganlar. I. Allohga bo‘ysunish va unga o‘zini xokisor tutishning oliy darajasidir. I. faqatgana Allohni ulug‘lash uchun Uning amriga binoan amal qilishdir. I. Alloh yoqtiradigan va rozi bo‘ladigan so‘zlar, ishlar va zohiriy hamda botiniy amallardir. Allohga kurbat hosil qilish uchun niyat b-n qilinadigan barcha amallar I.dir va h.k. Fuqaholar I.ni tor doirada olganlar. Ularning nazdida namoz, ro‘za, haj, zakot, Qur’on qiroati, zikr, xayri sadaqa kabi narsalar I. hisoblanadi. Shu ma’nodagi I. jismoniy, moliyaviy va jismoniy-moliyaviy I.larga taqsimlanadi. Jismoniy I.ga namoz, ro‘za kabilar kiradi. Moliyaviy I.ga zakot, sadaqai fitr kabilar kiradi. Jismoniy-moliyaviy I.ga haj, umra kabilar kiradi. I. farz, vojib, sunnat, mustahab darajalarida bo‘ladi. Farz I.ni inkor qilgan kofir, uni tan olib, amal qilmagan osiy bo‘ladi. Vojib I.ni qilgan savob oladi, qilmagan gunohkor bo‘ladi. Sunnatni bajargan savob oladi, bajarmagani itob qilinadi. Mustahabni qilgan savob oladi, qilmaganga hech narsa yo‘q. I.ni ado qilishda boshqaning yordamidan foydalanish mumkin. Birovning yordami ila I. qilish imkoni bor odam I. qilishga qodir hisoblanadi va qilmasa gunohkor bo‘ladi. I. qilish uchun uning hammasini ado etishga niyat bo‘lmog‘i lozim. Ba’zisini ado etishga niyat qilsa-yu, qolganiga niyat qilmasa I. to‘g‘ri bo‘lmaydi. Aqli raso bo‘lmagan kishilardan I. soqit bo‘ladi. Uzrli kishilardan I.nish ba’zisi soqit bo‘ladi. Mas., bemor odam turishga qodir bo‘lmasa, o‘tirib namoz o‘qiydi. Musofir odam to‘rt rakaat o‘rniga ikki rakaat namoz o‘qiydi. I.ni ado etmaslik uchun hiyla qilish joiz emas. Mas., namoz vaqti yaqinlashganda uyqu dori ichib olib, uxlab qolib namozni o‘tkazib yuboribman deyish. Zakot farz bo‘lganda molining yarmini o‘g‘liga hadya qilib, molim nisobga yetgani yo‘q, deyish kabilar. I. ado etilayotgan paytda buzilsa, u boshqatdan ado etiladi. Agar I. jarayonida uni tuzatish imkoni bo‘lsa, tuzatib ham olish mumkin. Mas., namozni fosid qilmaydigan xato sodir bo‘lsa, uni sahv sajdasi ila tuzatib olish mumkin. I. ta’abbudiy va g‘ayri ta’abbudiy (hikmati ma’lum va hikmati ma’lum emas) ga bo‘linadi. Mas., ro‘za I.ining sabr, chidam, sog‘liqqa foydasi kabi hikmatlari ma’lum. Ammo namozning nima uchun peshinda 4, shomda 3, bomdodda 2 rakaat farz bo‘lganining hikmati ma’lum emas. Shunga o‘xshash ta’abbudiy I.larni amr bo‘lgani uchun hikmatini surishtirmay ado etilaveradi.