ILTIJO
Ey, osmon, men uchun imkoning bormi,
Yulduzga yetgulik narvoning bormi.
Kerakmas, bu yerdan olib ket meni,
Oylarda yurguvchi karvoning bormi.
Olib ket, mayliga yulduz bo‘layin,
Xohlasang quyoshga kunduz bo‘layin.
Faqat qoldirmagin, yolg‘on dunyoda,
Rostlik bo‘lsa menda, ildiz bo‘layin.
Ko‘z yoshim qo‘shilib, yomg‘irlar yog‘sin,
G‘uborli dunyoga qorlarim og‘sin.
Bulutlar boshimga yostiq bo‘lsa gar,
Do‘stu dushmanlarim havas-la boqsin.
Yolg‘on bu dunyoni endi netarman,
Ruhimni vujuddan yechib ketarman.
Ey, osmon! Chorlagin yoningga bir zum,
Borligu yo‘qlikdan kechib ketarman.
"Yoshlik" jurnalidan olindi.