Tohir Malik. Shaytanat (to'rtinchi kitob)  ( 351538 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 ... 73 B


AbdurRohman  18 Noyabr 2007, 15:09:10

Asadbek bu gapning yolg‘onligini bildirib qo‘ymaslik uchun xuddi rost gapirayotgan odam kabi ona-bolaga bir-bir tik qarab oldi. To‘g‘ri, Chuvrindi o‘g‘lining o‘qishidan gap ochgan edi. Faqat hozir Asadbek aytgan tarzda emas, balki «Bek aka, sizning o‘g‘illaringizga havasim keladi. Umidjonimda o‘qishga sira toqat yo‘q. Bolaligidan shunaqa. Kitob o‘qi, desam yig‘lardi. Endi-ku «o‘qimayman» deb dangal aytdi. O‘qimasa o‘qimas. Lekin bitta diplom to‘g‘irlab qo‘ysammikin», degan edi. Hozir Asadbek «o‘qimaganiga qo‘ymayman» deganda o‘sha «diplom to‘g‘irlash»ni nazarda tutdi. Bir ozlik sukutdan so‘ng u fikrini davom ettirdi:
— O‘zimning bolalarimni o‘qitib, senikilarni ko‘chaga tashlab qo‘yamanmi? Sen aytmasang ham o‘qitaman. Xotirjam bo‘l, bolalaringning hammasi o‘qiydi. «Hohlamayman» deydiganini ham tinch qo‘ymayman.
Xizmat qilib yurgan Xumkalla uchta kosa qo‘yilgan patnisni ko‘tarib kirib, ularning gaplari uzildi.
— Kennayi, qo‘shnilardan qaynoq moshxo‘rda chiqdi. Bek aka, siznikini qatiqlamadim-a?
Xumkalla shunday deb kosalarni dasturxon ustiga qo‘yayotganida kelin yuziga ohistagina fotiha tortib, o‘rnidan turdi-da, «Men ichkarida icha qolaman», deb eshik tomon yurdi.
— Kennayi, siznikini olaveraymi bo‘lmasa? — Xumkalla shunday deb bitta kosani patnis ustiga qo‘yib, iziga qaytdi.
Chuvrindining o‘g‘li Xumkalla kirishidan to chiqquniga qadar unga g‘alati qarash bilan qaradi. Asadbek buni sezib, u ham Xumkallaga tikildi. Tikildi-yu, unda sarosima yoki dovdirash holatini ilg‘amadi. Ko‘proq Chuvrindi bilan birga bo‘luvchi Xumkallaning fe’lini, qiliqlarini yaxshi bilmagani uchun ham Asadbek hech nima sezmadi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  18 Noyabr 2007, 15:10:52

Asadbek ota uyidagi palovxo‘rlikda Jalilning zo‘ri bilan uch-to‘rt qoshiq osh yegan edi. Boshqa payt bo‘lganida balki taomning hidi nafsni qitiqlab uyg‘otardi. Ammo bir necha soat oldin o‘lik chiqqan uyda nafs uyg‘ona olmadi. Asadbek ko‘ngil uchun qo‘liga qoshiq oldi-da, ovqatga botirib aylantirdi.
— Ich bolam, sovutma, — dedi mehribonlik bilan.
Chuvrindining o‘g‘li ham ko‘ngil uchun bir qoshiq ichib opoq dadasiga qarab oldi.
— Kechasi telefon qilgan odamning ovozini tanidingmi? — deb so‘radi Asadbek, kosani sal nari surib. — Men adanglarni chaqirmagan edim. Bu gap oramizda qolsin. Ayangga ham aytma. Ovozni kimga o‘xshatding?
Umid yelka qisib, yerga qaradi.
— Aytaver, qo‘rqma. Bu tasodifga o‘xshamayapti. Agar adanglarni... o‘ldirishgan bo‘lsa... unda sen... ularni o‘ldirasan. Ketgan kelarkan, ketmonlagan qaytib kelmas ekan. Men bu ishning tagiga yetaman. G‘alamisni topib o‘ldirmasak, adanglar bizdan rozi bo‘lmaydi. Hayot shunaqa, Umidjon bolam, erkak odam qasos uchun yaralgan.
Asadbek hayot haqidagi, yaralish va o‘lim to‘g‘risidagi, mehr va zulm xususidagi o‘z dunyoqarashi, o‘z xulosalariga tayanib aytdi bu gaplarni. U «al qasosul minal Haq» —  «qasos Haqdandir» degan haqiqatning ma’nosiga yetmas edi. Asadbekday odam bu haqiqat mag‘zini chaqolmasa hayotning achchiq mevasini endigina totgan bu yigit nima desin? Yarim tunda otasining o‘limi haqidagi xabarni eshitiboq «adamni o‘ldirishibdi», degan xayolga bandi bo‘lib qolgan yigitga Asadbekning hozirgi gaplari qanot berdi. U otasining murdasi uyga olib kelinib, g‘assolning qo‘liga topshirilgunicha ham, Yerga topshirilib, to fotihachilar oyog‘i uzilgunicha ham «Kim o‘ldirdi?» degan savolga javob topmoq istadi. Ko‘ngil so‘rovchilarning aksari uning ko‘ziga qotil bo‘lib ko‘rindi ham. «Bandalik...» degan so‘zlari yigitning qulog‘iga «Bopladik...» deganday eshitildi. Hatto... «opoq dada» deb erkalab mehr qo‘ygani Asadbek ham bu ro‘yxatga bir kirib chiqdi.
Hozir opoq dadasining dardli ohangdagi gaplarini eshita turib undan gumonsiragani uchun uyaldi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  18 Noyabr 2007, 15:11:24

— Ota-bobolarimiz hamisha shunday qilishgan, — dedi Asadbek. — Biz ham shunday qilamiz. Agar sen bilan men eplay olmasak, ukalaring ulg‘ayganida o‘ldirishadi u palidni. Agar ukalaring katta bo‘lgunicha u o‘lib qolsa, iflosligi uchun bolalari javob beradi. Hukm shu. Boshqacha bo‘lishi mumkin emas. Endi ayt, ovozni tanidingmi? — Umiddan sado chiqavermagach, Asadbek uning hozirgi qarashiga asoslanib — Xumkalla emasmi? — deb so‘radi.
Umid opoq dadasiga bir qarab oldi-yu, ishonchsizlik bilan bosh irg‘adi.
— Bo‘pti, birovga og‘iz ochma. Sen qarashingdan gumoningni sezdirib qo‘yyapsan. Chaqirgan Xumkalla bo‘lsa, chaqirtirgan kim? Bu yog‘iga aralashmay turasan.
Bolaning tashqi ko‘rinishi otaga o‘xshagani bilan fe’li hamisha ham bir xil bo‘lavermaydi. Umidning bo‘y-basti otasiga tortsa-da, qiziqqonligi o‘xshamasdi. Yosh yigitlardan vazminlik, chuqur mulohaza yuritishni talab qilishning o‘zi to‘g‘ri emas. Qiziqqonlik barcha yoshlarga xos. Vaqti kelib, bosh turli devorlarga urilib, ko‘zi ochilgach, unda o‘sha vazminlik, sermulohazalilik o‘z-o‘zidan uyg‘onadi. Xudo umrini bersa, balki Umid ham otasi kabi bo‘lar, vallohi a’lam.
Hozir esa... Agar hozir Asadbek «to‘g‘ri fahmlabsan, otangni shu o‘ldirgan» desa, o‘ylamay-netmay qo‘liga pichoqmi yoki boltani olib yugurib qolar edi. Asadbek shuni nazarga oldimi, har nechuk uni tiydi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  18 Noyabr 2007, 15:12:09

Bola — bola-da. Asadbek «ayangga aytma», deb ta-yinlagan bo‘lsa-da, onasi «opoq dadang bilan nimalarni gaplashding?» deb so‘raganida bir ozgina gullab qo‘ydi. To‘g‘ri, gumonini, qasos haqidagi gaplarni aytmadi. «Bu tasodifga o‘xshamasmish», deyishining o‘ziyoq onasini bir qalqitib yubordi.
Chuvrindining xotini bu ayriliqning tasodif emasligini xabar eshitganidayoq his qilgan edi. U bir kunmas bir kun oqibat shu bo‘lar deb qo‘rqib yashadi. Qo‘rqib kutganining yuz berganini biliboq ko‘z oldi qorong‘ulashdi. Bir necha lahza tildan qoldi. Xayolidagi «kim o‘ldirdi?» degan savol buluti quyuqlashdi. Bu borada ona-bolaning fikr-o‘ylari hamohang edi.
Umidning gaplarini eshitib qalqishiga sabab bo‘lgan narsa gumonining to‘g‘ri ekani emas, balki bu haqiqatdan o‘g‘lining xabar topishi edi. Otasining o‘ldirilganini bilgan qaysi o‘g‘il tinch yurarkin? Yoshlikning qaynoq qoniga qasos o‘ti harorat bersa yangi falokat yuz ochmasmi ekan? Bu falokat bolasini biron baloga giriftor etmasmi ekan? Shu xavotir onaning yurakkinasini yorib yuboray dedi.  «Opoq dadang adashganlar. Adang birovga yomonlik qilmovdilar. Birovning adangda xusumati bo‘lmagan. Bu bir falokat, bir tasodif», deb o‘g‘lini chalg‘itmoqchi bo‘ldi. O‘zi ham ishonmaydigan bu gapga o‘g‘li ishonarmi ekan?
Bu haqda o‘ylamadi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  18 Noyabr 2007, 15:14:24

3

Ertasiga ertalab Asadbek yana keldi. Bu safar mehmonxonaga kirmadi. Xassakashlar uchun darvozaxonaga qilingan joyga o‘tirdi. Kesakpolvonni ko‘rib fe’li bir buzildi, rangi bir bo‘zardi-yu, darrov o‘zini qo‘lga oldi. Xuddi kecha qabr tepasida turib «Yo‘qol! deb haydamaganday, sir boy bermagan holda so‘rashdi. A’yonining «O‘zing tuzukmisan, xavotir olib uyingga boruvdim, yo‘q ekansan», degan savoliga «Yaxshiman, shukr», deb javobni qisqa qildi. «Sen menikiga borganingda men bu yerda edim», deyishining hojati yo‘q edi. Asadbek uyiga qaytgach, bu yerdan chiqib qozixonaga borgan Xumkalla barcha xabarni hojasiga yetkazgan, hatto qatiq qo‘shilmagan moshxo‘rdaning ichilmaganini ham aytib «bir nimadan xitlanmadilarmikin?» deb ilova qilgan edi. U sadoqati uchun hojasidan shirin so‘z ko‘rinishida bo‘lsa ham bir mukofot kutgan edi. Sho‘ring qurg‘ur Xumkalla sho‘ri qurib qolganini, oxirgi mukofot o‘lim sharobi ekanini tasavvur ham qila olmas edi. Umri adog‘idagi so‘nggi xabarini aytib bo‘lgan Xumkallani Qozi maishatga taklif qilib «ijozat bering» degan ma’noda hojasiga qaradi. Kesakpolvon:
— Bo‘pti, bugun ja-a ezadigan kun bo‘ldi, bi-ir chigil yozdi qillaring, — deb marhamat qildi.
Asadbek Kesakpolvonga sir boy bermay o‘tirgach, atrofni zimdan kuzatib Xumkallani qidirayotgan pallada shahar chekkasidagi axlatxona atrofida hamisha och yuruvchi itlarning bayrami avjga chiqqan edi. Itlar galasidagi zo‘rlar qorinlarini to‘ydirib, uzun tillari bilan tumshuqlarini yalab nari ketishgan, zaifroqlari esa Xumkallaning so‘nggi etlarini suyakdan ayirib yeyish bilan ovora edilar.

Qayd etilgan


AbdurRohman  18 Noyabr 2007, 15:16:55

Kesakpolvon hozircha o‘z taxtida o‘tirgan hojasining olazarak qarab qo‘yishlarini sezdi, Halimjonni chaqirib qulog‘iga shivirlaganini ko‘rganda sergaklandi. Halimjon ketgach, Asadbek a’yonini imlab        chaqirdi.
— Dasturxonga qarab qo‘ysang bo‘lmaydimi? — dedi Asadbek bir oz zardali ohangda. — O‘lar joyda emasmiz-ku, yo bozorda meva-chevaning urug‘i qurib ketibdimi?
— Endi... ma’rakada siporoq bo‘lsin, debman-da. Hozir qotiramiz, — deb o‘zini oqladi Kesakpolvon.
— O‘tir,— dedi Asadbek, — Halimni jo‘natdim. Sen yigirmani o‘yladingmi?
— Ha, o‘n to‘qqiz kunda qilamiz. Mahmudning hurmati bor, darrov o‘tkazib yuborsak, ayb bo‘lar.
— Qaerda bo‘ladi?
— Shu yerda, hovlisi keng, bemalol.
— Osmonga qarab qo‘y-chi?
— Uch-to‘rtta parashyut olib kelib to‘sib tashlaymiz.
— Bo‘lmaydi. Anhor bo‘yini gaplash. Tuzukroq qorilarni ayttir.
— Qorilarning xo‘rrozini toptiraman. Yo Sobitxoningni Qo‘qondan oldirib kelaymi?
— Uni bezovta qilma. Sen bundan buyog‘iga yigitlarga ko‘z-quloq bo‘lib tur, bevoshlik qilishmasin. Avval ham aytuvdim, a? Esingdami? Zamonga qaralaring, noziklashib qoldi. Qozixonangni yopdingmi?

Qayd etilgan


AbdurRohman  18 Noyabr 2007, 15:18:00

— Allaqachon yopib tashlaganman.
— Hosilning bollari tinch yuribdimi?
— Gah, desang qo‘lingga qo‘nadigan qilib qo‘yganman.
— Haydar, endi ikkalamiz qoldik. Birga boshlagan edik, oxirida ham ikkalamiz qoldik.
— Oxirida deganing nimasi?
— Hamma narsaning oxiri bo‘ladi, og‘ayni. Men senga suyanaman, meni yolg‘izlatma.
Asadbekning dardli ohang libosiga o‘rab aytgan bu yolg‘oni xuddi rost gapday eshitilib, Kesakpolvonni eritdi. «Ha, endi o‘limini bo‘yniga olibdi», degan fikr xayolini bir yoritdi. Asadbekning yelkasiga qo‘lini tashlab, mehribonlik bilan quchdi:
— Unaqa sovuq nafas qilma, oshna. Hali qiladigan ishimiz ko‘p.
— Buni to‘g‘ri aytding. Qiladigan ishimiz ko‘p...
Asadbek shunday deb a’yoniga qaradi. Bu qarash zamirida «Sening ishing taxtga chang solish, mening ishim esa boshqa», degan ma’no yashiringanini Kesakpolvon fahmlamadi.
Shu payt xizmatchi yigitlardan biri yaqinlashib, Moskvadan Xongirey so‘rayotganini aytdi. Asadbek Kesakpolvonga savol nazari bilan qaradi-da, o‘rnidan turib, mehmonxona tomon yurdi. A’yoni esa ikki qadam qo‘yib ergashdi-yu, so‘ng to‘xtadi. Asadbek bundan sergaklandi: «Nega to‘xtadi? Xongireyning gapiga nega qiziqmadi?»
Shaxovskiydagi qarorgohidan mehmonlarni kuzatib, Kozlov masalasida ham, Asadbek masalasida ham muddaosiga yetgan Xongirey hol so‘ragach, qayg‘uli xabar eshitganini aytib, ta’ziya bildirdi-da:
— Asad, men doimo sen bilan birgaman, — deb tasalli berdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  18 Noyabr 2007, 15:18:34

Asadbek minnatdorlik bildirgach, qisqa suhbat yakun topdi. Xabarning Moskvaga yetgani ajablanarli hol emas. Telefon go‘shagi ko‘tarilsa, bir-ikki daqiqada har qanday xabar Moskva nima, dunyoning narigi chekkasiga ham yetadi. Lekin o‘sha go‘shakni kim ko‘targan, kim Xongireyning raqamlarini tergan? «Xongireyning shu atrofda izg‘ib yurgan laychalarimi yo bag‘rimda isinib yotgan ilonlardan birimi?» — deb o‘yladi Asadbek iziga qaytar chog‘ida. — «Sen bilan birgaman», dedi. Ha, albatta, birgasan. O‘lsam ham seni birga olib ketaman».
Kesakpolvon joyiga qaytib o‘tirmay, darvozaxonada turgan edi. Asadbekni qarshilab ko‘zini olib qochgan holda:
— Tinchlikmi? — deb so‘radi.
— Tinchlik, — dedi Asadbek unga tikilib, — ko‘ngil so‘rab qo‘ydi. Mehr-oqibati yaxshi shu yigitning.
— Har nima qilsa ham musulmonligi bor-da, — dedi Kesakpolvon.
«Ha tulki, shu «musulmon»ga qul bo‘lmoqchimisan? Agar shu Xongirey musulmon bo‘lsa, men bo‘lmadim. Shunaqa musulmondan yana o‘nta bo‘lsa bu dunyoda kofirning hojati yo‘q». Asadbek bu fikrini oshkor qilmaslik uchun o‘zini majburlab jilmaydi-da:
— To‘g‘ri aytding. Kozlov deb uning ko‘nglini xira qilganimiz chakki bo‘ldi, — dedi.
Yarim soatga qolmay Halimjon yelim chelakni to‘ldirib uzum olib kelgach, Kesakpolvonning gumoni tar-qadi. Halimjon xizmat qilib yurgan yigitlar davrasiga qo‘shilganda Asadbek uni yana imlab chaqirdi. Halimjon qulog‘iga aytilgan gapga ma’qul ishorasini qildi-da, ko‘cha tomonda turgan Kesakpolvonga yaqinlashib «Zaynabni olib kelaman», dedi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  18 Noyabr 2007, 15:19:13

Kesakpolvon «Men ham qizimni olib kelsam bo‘larkan», deb o‘ylab, yigitlardan birini imlab chaqirdi.
Xalimjon Zaynabni olib kelgach, darrov iziga qayt-di. Fotihachilar bilan ovora Kesakpolvon uning g‘o-yib bo‘lganini bilmay ham qoldi. Halimjon bu safar hojasidan olgan asosiy topshiriqni bajarish uchun ketdi. Asadbek bu topshiriqni ertalab yo‘lda kelayotganida aytib qo‘ygan edi. Shunga muvofiq Halimjonni o‘sha ondayoq jo‘natsa bo‘lardi. Lekin u yigitni ikki marta chaqirib, qulog‘iga shivirlaganda ko‘zi Kesakpolvonda bo‘ldi. A’yonining sarosimaga tushish yoki tushmasligini tekshirmoqchi edi, kutgani amalga oshdi.
Halimjon Chuvrindining joni uzilgan yerga borib, o‘sha yerdagi xonadonlarda yashovchilar bilan uchrashib, o‘zini «militsiya xodimi» deb tanishtirgach,          «KamAZ»dan tushib qochgan odamning qiyofasini surishtirdi. Odamlar uchun «men militsiyadanman» degan gapning o‘zi kifoya qildi. Birontasi hujjat so‘ramadi. Ayni damda tayinli gap ham aytmadi. Barchalari yarim tundagi fojiadan uyg‘onganlarini, ko‘chaga chiqqanlarida «KamAZ»da hech kimni ko‘rmaganliklarini aytishdi. Faqat birgina kampir «KamAZ»dan tushayotgan past bo‘yli odam qorasini ko‘rganini bildirdi. Halimjon bu ma’lumotni eshitishi bilan tezgina iziga qaytdi-da, fursat topib turib Asadbekka bildirdi.
Bu xabardan Asadbekning ko‘zlari yondi:
— Xumkallani top, nega ko‘rinmayapti? — dedi.
Halimjon yana bir soatcha g‘oyib bo‘lib, Xumkallaning uyida tunamagani haqidagi noxush xabarni yetkazdi. Bu yangilikni eshitgan Asadbekning ko‘kragida bir nima portlaganday bo‘lib, bu portlash kuchidan hosil bo‘lgan to‘lqin bo‘g‘ziga qadar bostirib keldi. Atrofida hech kim bo‘lmaganida «meni go‘l qilib ketishdi, an-qayib qoldim-a», degan afsus bilan peshonasiga bir shapatilagan bo‘lardi. O‘ziga necha juft ko‘z tikilib turgani uchun tashvishli emas, xush yoquvchi xabarni eshitganday o‘zini majburlab jilmaydi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  18 Noyabr 2007, 15:20:26

Peshinda qo‘shnilar pishirib chiqargan oshdan bir-ikki qoshiq yegan bo‘lib, ketishga chog‘langanida Jamshidning mashinasi ko‘rindi. Ikki uy narida to‘xtagan mashinadan Jamshid tushdi-yu, yurarini ham, yurmasini ham bilmay to‘xtab qoldi. Fojeani yo‘lda eshitib, ishonib-ishonmay kelayotgan Jamshid bu ko‘chaga burildi-yu, darvoza yonidagi odamlarni ko‘rib yuragi uvishdi.
Bir necha oy muqaddam shu darvozadan kuyib ko‘mirga aylangan mayitni olib chiqishgan edi. Tutingan ukasiga «aza ochgan» Chuvrindi shu darvoza og‘zida uch kun bel bog‘lab turgan edi. Buni Jamshid bilmaydi. Bilgani — Mahmud akasining o‘rnida hozir Umid bel bog‘lab turibdi. Kecha bu yerdan ko‘tarib chiqishgani ham birovning kuygan murdasi emas, aynan Mahmud akasining jasadi... Yurishga majoli qolmagan Jamshid ko‘chaga chiqib kelayotgan Asadbekni ko‘rgach tamom joyida qotdi.
Jamshidga ko‘zi tushgan Asadbek ham to‘xtadi-da, Kesakpolvondan:
— Buning qaerda edi, nega ko‘rinmadi? — deb so‘radi.
— Hayronman, — dedi Kesakpolvon yelka qisib, so‘ng Jamshid tomon tez-tez yurdi-da, unga yaqinlashib, baland ovozda:
— Qaerlarda sanqib yuribsan, marjaboz?! — deb so‘radi.
Jamshid unga «qaerdaligimni o‘zingiz bilasiz-ku?» degan ma’noda ajablanib qaraganida Kesakpolvon pastroq ovozda «Seni men emas, Mahmud akang yuborgan», deb shipshidi.

Qayd etilgan