Xabarda kelishicha, ramazon oyining hiloli ko‘ringanda, Arsh, Kursi va ularni ko‘tarib turuvchi farishtalar: "Muhammadning ummatiga jannat bo‘lsin", deb hayqiradilar. Alloh huzurida tayyorlab qo‘yilgan karomatlarni ko‘rib, quyosh, oy, yulduzlar, havodagi qushlar, suvdagi baliqlar, shaytonlardan boshqa barcha jonzotlar Muhammad (sollallohu alayhi vasallam) ummatlari uchun Allohdan mag‘firat so‘raydilar. O‘sha kechada biror kishi mag‘firatsiz tong ottirmaydi. Alloh taolo maloikalarga: "Ramazondagi hamma salovotu tasbihlaringizni Muhammad (alayhissalotu vassalom) ummatiga bag‘ishlanglar", deydi.
Umar ibn Xattob (r.a.) Payg‘ambarimizdan (sollallohu alayhi vasallam) rivoyat qilganlar: "Sizlardan birontangiz ramazon oyida uyqusidan uyg‘onib, to‘shagida u yon-bu yoniga ag‘darilsa, bir farishta unga: "Tur, Alloh senga baraka bersin", deydi. Shunda banda namoz o‘qish niyatida o‘rnidan tursa, uning haqiga to‘shagi duo qilib: "Ey Parvardigor, bunga jannatning baland-baland to‘shaklaridan (ko‘shklaridan) ato qil", deydi. Kiyinganida kiyimi: "Ey Alloh, unga jannat kiyimlaridan ato et", deb duo qiladi. Kavushini kiysa, kavushi: "Ey Alloh, uning qadamini sirot ko‘prigida sobit qil", deb iltijo etadi. Tahorat olsa, suv: "Ey Alloh, uni gunoh va xatolardan pok qil", deydi. Namoz o‘qishga kirishsa, uyi: "Ey Alloh, uning qabrini keng va nurli qil", deb aytadi. So‘ng Alloh unga rahmat nazari bilan qaraydi. Duo qilayotganida Alloh aytadi: "Ey bandam! Sendan duo, Mendan ijobat! Sendan so‘rash, Mendan berish! Sendan istig‘for Mendan esa mag‘firat!"