Bunda xabarchi bilan ulovi sayrdan to'xtadi: go'yo qushdan ikki par tushib qolganday bo'ldi. Tarkibiy unsurlar azobidan qutilib, jahon tashvishlaridan ozod bo'lib, egnidan manmanlik to'nini tashlab, olovdan odamlik uchqunini ayirib, o'zni o'zlik asoratidan qutqarib, o'zdan o'zgalikka aylandi. Yel, tuproq, o't va suvdan tozalanib, men, sen, u va bulikdan tozalanib, yaqinlik dargohida o'rin topib, hatto undan ham yaqinroq bo'lishga harakat qildi. Yetmish ming pardani bartaraf etdi, orada parda qolmadi. Oradagi bor-yo'q to'siqlar bartaraf bo'lib, u do'st oldida suyukli bo'lib qad ko'tardi.
LimaAlloh bo'sag'asiga yastandi, xuddi ikki yoydek bir-biriga yaqinlashdi. Man etish va moneliklar barham topib, ruxsat bo'lgach, monelik bo'lmaydi demakdir. Ko'zlarini mislsiz o'tkir nur bilan yoritdi. Soyalik mulohazasi bartaraf bo'ldi.
Hech bir kishi topa olmaydigan martabani topdi: bu ish kishilik qo'lidan keladigan ish emas edi.
Bu damda o'zi va o'zligidan xabari yo'q, balki o'z va o'zligidan asar ham yo'q edi. Yotlikdan nishon qolmay, hatto o'zlik ham oradan ketib, faqat jonon qoldi. U jonon jamolini ko'z bilan ko'rib, uning visolidan so'z orqali bahra topdi. Har lahzada yuz ming hurmat ko'rsatib, to'qson ming so'zni idrok etdi. Gunohkor ummatning gunohini so'radi, barcha og'ir ahvoliga chora istadi. U nimaniki istagan bo'lsa, mutlaq tirik — Allohdan topdi: Haq tiladi, Haqdan tiladi va Haqdan topdi.
O'z orzusi imkoni darajasida murod hosil qilib, ko'kdan juda masrur va shod bo'lib qaytdi. Yuksak dargoh ham uning visolidan masrur bo’ldi: amridan bu qabulxona ajoyib tarz jihoz topgan edi. U ko'kka otlanganida, qimmatbaho dur edi, u yerdan jo'shqin daryo bo'lib qaytdi.
Bir kiprik qoqilgan muddatda anglab bilgani shuki, ajoyibi ham shundaki, shu vaqt ichida u yerga borib, keldi. Boshqa olamdan yerga qaytib kelgach, ushbu olam ishiga tartib joriy etdi. Biz har qancha gunohkor va gumroh bo'lsak ham, bu voqeadan voqifligimiz uchun hadiksiramasak bo'ladi. Chunki tong-la Qiyomatda shunday homiy va qo'llovchi kishi gunohlarimizni Allohdan tilaydi.
Ey Allohim, payg'ambar oraga tushgan kuni, u kimning gunohini tilasa, sen uning istagini qabul qilasan. Yuz minglab gunoh va tug'yon ahli ilohiy fazli bilan uning rahmatiga sazovor bo'ladilar. O'sha guruhda Foniy ham boladi, uni ham zora noumid qilmasang.