85. (Ey Muhammad), albatta sizga (ushbu) Qur’onni (ya’ni uni tilovat qilishni unga amal qilishni va uni ummatlaringizga (etkazishni) farz qilgan zot, shak-shubhasiz sizni bir qaytadigan joyga (Makkaga) qaytarguvchidir. (Mushriklarga) ayting: «Parvardigorim, hidoyat keltirgan kishilarni ham, ochiq-ravshan zalolatdagi kimsalarni ham juda yaxshi bilguvchidir». I z o h.
Mufassirlar yozishlaricha ushbu oyat payg‘ambar alayhis-salom Makkadan Madinaga hijrat qilib ketayotganlarida, yo‘lda Juhfa degan joyga qo‘nib, o‘zlari tashlab chiqib keayotgan vatanlari Makkani qo‘msagan vaqtlarida nozil bo‘lgan ekan. 86. Siz o‘zingizga Kitob — Qur’on tushirilishidan umidvor ham bo‘lgan emasdingiz. Faqat Parvardigoringiz tomonidan rahmat-marhamat bo‘lib (sizga Quron nozil qilindi). Bas siz hargiz kofir kimsalarga yordamchi bo‘lmang!
87. Va sizga Allohning oyatlari nozil qilinganidan so‘ng hargiz (u oyatlarga amal qilishingizdan) to‘smasinlar! Siz (odamlarni ham yolg‘iz) Parvardigoringizga (ibodat qilishga) chorlang va mushrik kimsalardan bo‘lmang!
88. Alloh bilan birga boshqa biron «iloh»ga iltijo qilmang! Hech qanday iloh yo‘q magar Uning O’zigina bordir. Barcha narsa halok bo‘lguvchidir, magar Uning O’zigina (mangudir). Hukm Uning (hukmidir), Va (barchalaringiz) yolg‘iz Unga qaytarilursizlar. ANKABUT SURASIOltmish to‘qqiz oyatdan iborat bo‘lgan bu sura ham Makkada nozil qilingandir. Sura iymon egalari sidqidildan mo‘min bo‘lganmilar yoki til uchida iymon keltirganmilar, sinash uchun turli imtihonlarga ro‘baro‘ qilinishlari aniq ekanligi haqida xabar berish bilan boshlanib, yaralganlarning fitnalariga aldanib iymon-e’tiqodidan kechgan kimsalar albatta Yaratganning azobiga giriftor bo‘lishlarini uqtiradi.
Shuningdek, bu surada dinu iymonga da’vat qilguvchi kishilar zimmasida juda sharafli va ayni paytda o‘ta mushkul vazifa borligi aytilib, bir necha payg‘ambarlar faoliyati misolida Haq yo‘lidagi da’vatning mo‘‘jizasi tasvirlab beriladi. Yana bu surada Alloh taolo O’zining mo‘‘jizasi bo‘lmish Qur’oni Karimni bandalariga yetkazish uchun o‘qishni ham, yozishni ham bilmaydigan Muhammad alayhis-salomni payg‘ambarlikka tanlagani to‘g‘risida xabar berib, aks holda buzg‘unchi kimsalar: «Qur’onni Muhammadning o‘zi yozgan», deb odamlarni shubhaga solishlari aniq ekanligini uqtiradi. Sura sabr-toqat bilan Haq yo‘lida kurashgan zotlarga Allohning o‘zi yor bo‘lishi haqida oyat bilan tugallanadi.
Bu suradan o‘zlari qo‘llari bilan yasab olgan butlariga sig‘inib, ulardan najot kutadigan mushriklar xuddi o‘zi to‘qigan to‘ridan panoh istaydigan o‘rgimchakka o‘xshashligi to‘g‘risidagi oyat ham o‘rin olgani uchun «Ankabut — O’rgimchak» surasi deb nomlangandir.
Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman). 1. Alif, Lom, Mim.
2. Odamlar: «Iymon keltirdik», deyishlari bilangina, imtihon qilinmagan hollarida, qo‘yib qo‘yilishlarini o‘yladilarmi?!
3. Holbuki Biz ulardan avvalgi (iymon keltirgan barcha) kishilarni imtihon qilgan edik-ku!! Bas (shu imtihon vositasida) albatta Alloh («Iymon keltirdik» deb) rost so‘zlagan kishilarni ham, yolg‘onchi kimsalarni ham aniq bilur.
4. Yoki yomon amallar qiladigan kimsalar Bizdan (jazoyimizdan) qochib qutulishni o‘yladilarmi?! Naqadar yomon hukm chiqaradilar-a?!
5. Kim Allohga ro‘baro‘ bo‘lishdan umidvor bo‘lsa, bas, albatta, Alloh (belgilagan mukofot va jazo) fursati shak-shubhasiz kelguvchidir. U eshitguvchi, bilguvchidir.
6. Kim jihod qilsa, faqat o‘z (foydasi) uchun jihod qilur (ya’ni kim Alloh yo‘lida sa’y harakat qilsa, bundan Alloh emas, balki o‘sha kishining o‘zi uchun manfaat bo‘lur). Zero Alloh barcha odamlardan behojatdir.