Ko‘rib turganingizdek fidoyi bo‘lish, o‘zgalar manfaatini o‘z manfaatidan ustun qo‘yish Qur’onda maqtab zikr etilgan ulkan axloqiy sifatdir. Haqiqiy fidoyilik, haqiqiy do‘stlik mana shunday bo‘ladi. Bu axloqiy sifat faqat moddiy manfaat bilan chegaralanmaydi.
"Mo‘minlar bir-birlarining og‘riqlariga sherik bo‘lishlari kerak. Bu bosh og‘riganda bamisoli butun tana og‘rigani kabidir" degan hadis talabidan kelib chiqib, mo‘minlar hayotning har sohasida din birodarlarini o‘ylaydilar. Men baxtliman-ku, boyman-ku, qolganlar bilan nima ishim bor, kabi xudbinlarcha fikrlash o‘zini mo‘min deb bilganlarga xos emas. Ular har qanday ishda ham Alloh roziligini o‘ylaydilar.
Imom Fahriddin Roziy qilgan rivoyatda Suhayb ar-Rumiy roziyallohu anhu Madinai Munavvaraga hijrat qilib jo‘naganida, quraysh mushriklaridan bir guruhi uning joniga tajovuz qilib, moliga egalik qilmoqchi, o‘zini yo‘ldan qaytarmoqchi bo‘ladilar. Suhayb ar-Rumiy roziyallohu anhu o‘qdonidagi o‘qlari tugaguncha, qo‘lidagi qilichi bilan oxirgi tomchi qoni qolguncha ular bilan olishishini aytdi. Shunda ular haqiqiy maqsadlarini bildirdilar. "Molimning qaerdaligini aytib bersam, o‘z yo‘limda ketaveramanmi?" dedilar. Ular tasdiqlagach, mollari Makkaning qaerida ekanligini aytib berdilar.
Suhayb ar-Rumiy roziyallohu anhu Madiynaga kelib Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam huzurlariga kirishlari bilan ular:
"Savdo foyda keltirdi, ey Suhayb!" deb ikki marta takrorladilar. Biroz turib Alloh:
وَمِنَ النَّاسِ مَنْ يَشْرِي نَفْسَهُ ابْتِغَاءَ مَرْضَاةِ اللَّهِ وَاللَّهُ رَءُوفٌ بِالْعِبَادِ
"Va odamlardan Allohning roziligini tilab jonini sotadiganlar bor. Va Alloh bandalarga mehribondir" («Baqara», 207) degan oyati karimani nozil qildi.