— Darvoqe, mulla Shamsibek, —dedi u, — kelar oqshom sen donishmandlar suhbatidan ogoh bo‘lmog‘ing darkor, shuni unutma.
Shamsibek javob o‘rniga qulluq qilib chiqdi. U Qamariddin yordamida me’morni Chilstun yaqinidan topdi. Me’mor kichkina ko‘k salla o‘ragan, kalta soqolli, past bo‘yli kishi edi. Shamsibekning qo‘lini olib, «ko‘zim yo‘lingizda edi», dedi. U sal duduqlanib gapirar, tili ham chuchuk edi. Talaffuziga qaraganda, u samarqandlik emasdi. Shamsibek uning so‘zlaridan qaysi muzofotlik ekanini aniqlay olmadi, so‘rashni o‘ziga ep ko‘rmadi. Zero, buning zaruriyati ham yo‘q edi. Me’mor o‘zini usta Xidir, deb tanitdi.
— Joy qaerdan tanlandi? — deb so‘radi Shamsibek undan.
— Go‘shtlar dastlab shahriston ichkarisida buzildi. Eng so‘nggisi shu yerda aynidi. Shahriyorning farmonlari bilan xiyla etakroqqa, obirahmatning poyiga quradigan bo‘ldik. Xuddi rasadxona singari, uch osh’yonliq qilib tiklash niyatimiz bor.
— Nimaga uch osh’yonliq?
— Sababiki, u ham rasadxona singari savlat to‘kib tursin, shahriston chiroyini ochsin. Odamlar hayratdan yoqa ushlashsin.
— Usta Xidir, so‘raganimni aybga buyurmaysiz, binoni qurishdan maqsad nedur?
— Buni mendan ko‘ra siz mo‘lroq bilasiz. Dorulshafaqa deb aytdilar menga.
— Ha, balli. Bu yerga fuqaro hayratdan yoqa ushlash uchun emas, shifo topgani keladi. Menimcha, binoning bir osh’yonliq bo‘lishi kifoya.
— Nega?
— Bir osh’yonliq bo‘lsa, xastalar uchun ham, hakimlar uchun ham ayni muddao. Atrof katta bog‘ bo‘lmog‘i lozim. Daraxtlar binoni shamsiya1 sifatida quyoshning o‘tli nafasidan asraydi. Uch osh’yonliqda xastalar issiqdan yana bir qadar azoblanadilar. Chiqib tushish ham malol keladi.