Chumolilar hayotidan fotoreportaj:Ular haqida ancha avval fotoreportaj uyushtirmoqchi edim. O'shanda ular tomorqaga ekilgan, so'ng unib, urug' tukkan, oxir oqibat yulib tashlangan o'sma urug'larini qariyb 20 metr masofaga tashib ulgurishgan edi. Ularning mashrutlarini kuzatib ham orom olsa bo'ladi. O'zlaridan 5-6 baravar og'ir yukni katta tezlikda (tezlik shu darajada kattaki, bir chumolini muayyan tasvirga olish imkoni bo'lmadi) o'z inlariga tashlab, yana orada bir-birlari bilan salomlashgandek aloqa qilib ketishlarini kuzatgan kishi tafakkur qilmasdan iloji qolmaydi.
Keling, ular bilan yaqinroq tanishib olaylik:
Chumolilar — pardaqanotlilar turkumiga mansub hasharotlar oilasi. 1 va 2-qorin bo‘g‘imlari ingichkalashib, ko‘krak bilan qo‘shiladigan poyachani hosil qiladi. Boshi katta, jag‘lari kuchli rivojlangan. Chumolilar jamoa (oila) bo‘lib yashaydi. Chumolilar oilasi bir necha ming, hatto millionlab individlardan tarkib topgan. Oilada ko‘p minglab ishchi chumolilar, qanotli o‘nlab erkaklari va bir necha ona chumoli bo‘ladi. Erkak chumolilar faqat ko‘payish davrida paydo bo‘lib, urug‘lanishdan so‘ng o‘lib ketadi. Ishchi chumolilar jinsiy organlari rivojlanmagan urg‘ochilardan iborat. Ona chumoli urchish davrida paydo bo‘ladi; urchishdan so‘ng qanotini tashlab, tuxum qo‘ya boshlaydi, 20 yilgacha yashaydi. Ishchi chumolilar oilani oziq bilan ta’minlaydi, uyani qo‘riqlaydi (navkarlar) yoki suyuq zaxira oziqni saqlaydigan asalli bochkachalar hosil qiladi va boshqa vazifalarni bajaradi.