112. Imon jihatdan mo’minlarning komilrog’i — xulqi yaxshi bo’lgani va xotinlarga yaxshi muomala qiladiganidir.
113. Ogoh bo’lingki, g’azab bamisoli inson ichidagi yonib turgan cho’g’dir. Bilasizlarki, g’azabi kelgan kishining ko’zlari qizarib, tomirlari shishib ketadi. Agar birortalaringiz shunday holatga tushib qolsalaringiz yerga o’tirib olinglar! Ogoh bo’lingki, odamlarning yaxshisi — g’azabi sekin kelib, asliga tez qaytadiganidir. Ularning yomoni esa g’azabi tez kelib, asliga sekin qaytadiganidir. G’azabi sekin kelib, sekin ketsa yoki tez kelib tez ketsa, bu ham durust. Ogoh bo’lingki, savdogarlarning yaxshisi savdo-sotiq ishlarida xushmuomala bo’ladi, yomoni esa qo’pol muomalali bo’ladi. Ana shunday xislatlardan loaqal bittasiga ega bo’lsa ham durust.
114. Ogoh bo’lingki, har bir xiyonatchi qiyomat kuni xiyonati miqdorida tanilish uchun bayroq ko’tarib yuradi. Ogoh bo’lingki, xiyonatning kattasi amirlarning xalq ommasiga qilgan xiyonatidir. Ogoh bo’lingki, haq gapni bilgan kishining u gapni gapirishiga odamlarning haybati to’sqinlik qilmasin! Ogoh bo’lingki, jihodlarning afzali zolim podshoh oldida aytilgan haq so’zdir. Ogoh bo’lingki, umringizning qolgan qismi, bamisoli yashab turgan kuningizning qolgan qismi kabidir.