Tayammum
- Tahorat yoki g’uslga suv topa olmagan kishi nima qiladi?
- Tayammum qiladi. Tayammumning bayoni bunday: namoz o’qishga niyat qilinadi. Ikki qo’l kaftlari toza tuproqqa urilib, ishqalanadi, yuzga surtiladi. Xuddi suv bilan tahorat chog’idagiday ish tutiladi, hatto burun oralari, qoshning ostlariga ham mash tortiladi.
- Tahorat va g’uslning tayammumdan farqi bormi?
- Har ikkisining amali bir xildir.
- Tayammumda nechta amal bor?
- To’rtta:
1. Qilgan tayammumi bilan namoz o’qishni niyat qilmoq.
2. Qo’l ishqalangan narsa yer jinslaridan biri bo’lmog’i.
3. Yer jinsiga qo’lni urib, yuzga ishqalamog’i.
4. Bu holatlarni ikki martadan qaytarmog’i.
- Tayammumning sunnati nechta?
- Oltita:
1. «Bismillahir rohmanir rohim», demoq.
2. Barmoqlarni ochib kaftni urmoq.
3. Qo’l tuproqqa urilgach, bir oz muddat qo’lni tuproq uzra tutib turmoq.
4. Qo’llarni avval oldinga keltirib nazar tashlamoq, so’ng yuzga surtmoq.
5. Avval yuzga, so’ng o’ng qo’lga, so’ng chap qo’lga mash tortmoq.
6. Xuddi tahoratdagi singari bunda ham oraga boshqa amallarni qo’shmaslik.
- Suv bo’lsa ham, tayammumga qilishga qaysi holda ruxsat bor?
- Suv ikki chaqirim miqdorida yiroq bo’lsa; suv illatli bo’lsa yoki g’oyatda sovuq bo’lib, kasal qiladigan bo’lsa; suvga tahorat uchun boradigan taqdirda o’ziga yo mol-holiga xavf yaqin bo’lsa; suv olishga idishi bo’lmasa; musofirlikda bo’lib, suvi faqat ichishga mo’ljallangan bo’lsa — bu hollardagi tayammum tahorat, g’usl o’rnida o’tadi.
- Namoz vaqti boshlanib qolganda, tahoratga vaqt qolmay, tayammum qilinsa bo’ladimi?
- Yo’q. Chunki namoz vaqti o’tsa ham, uni qazo qilib o’qish mumkin.
- Yer jinsiga nimalar kiradi?
- O’tga tushsa, yonmaydigan, erimaydigan narsalar kiradi. Masalan, tuproq, chang, qum, tosh kabilar. Lekin ular toza holda bo’lmog’i lozim.
- Bir tayammum bilan ikki-uch vaqt namoz o’qish mumkinmi?
- Buzilguncha necha vaqt namoz kelsa, o’qilaverishi mumkin.
- Tayammumni qaysi amallar sindiradi?
- Tahoratni qaysi amal sindirsa, tayammumni ham o’sha amal sindiradi. Tahorat qilishga yetarli suv topilgach, qilingan tayammum ham sinadi.