*****************
TO'RTINCHI QISM
Jamoat bayoni- Namozni imom va jamoat bilan o’qimoq yolg’iz va tanho o’qimoqdan yigirma yetti daraja ortiq savoblidir.
- Ikki, uch va undan ziyoda kishi farz namozini qanday holda o’qisin?- Ularning orasidan bir kishi imom bo’lib, qolganlari unga ergashib (iqtido qilib) o’qimoqlari sunnatdir.
- Jamoat bilan o’qiladigan namoz qanday holda o’qiladi?- Imom bosh bo’lib, qolgan kishilar namozga ergashib o’qiydilar. Namozning har rukni va har amalini imomdan keyin yoki imom bilan barobar bajaradilar, hech bir amalni imomdan ilgari qilmaydilar.
- Imomga ergashuvchilar (muqtadiylar) namoz ichida bo’lgan hamma zikrlarni o’qiydilarmi?- Yo’q, hammasini emas, balki qiyomda takbiri tahrimadan so’ngra faqat Sanoni o’qiydi. «A’uzu billah», «Bismillah»ni va suralarni o’qimaydi, balki sukut qiladi. Ruku’dan qiyomga qaytganda imom «Sami’allohu liman hamidah»ning o’zinigina aytadi. Orqadagilar «Robbana lakal hamd»ni aytadilar, «Sami’allohu liman hamidah»ni aytmaslar. Boshqa zikrlarni imom ham aytadi, ergashuvchilar ham aytadilar. Ammo imom takbirlarni va «Sami’alloh»ni, salomni ovoz chiqarib aytadi. ergashuvchilar zikrlarni ichda aytadilar. Ovoz chiqarib o’qiladigan namozlarda Fotiha surasi tamom bo’lgandan so’ng ergashuvchilar ichlarida «Omin», deydilar.
- Ergashuvchi bir kishi bo’lgan vaqtda imomning qaysi tarafida turadi?- Imomning o’ng tarafida. Imomga shu qadar yaqin turadiki, ergashuvchining oyoq barmoqlari imomning tovoniga barobar turadi. Imomning chap tarafida va orqasida tursa ham joizdir, lekin sunnatga xilof bo’ladi.
- Ergashuvchining qadami imomning qadami bilan barobar bo’lsa yoki imomdan keyinroq bo’lsa, ammo o’tirgan holda tizzasi imomning tizzasidan ilgari o’tib tursa, zarari bormi?- Zarari yo’qdir, qadam mo’tabardir.
- Balog’atga yetgan katta kishilar bilan yosh bolalar qo’shilib bir imomga ergashsalar, qanday holda saf oladilar?- Yosh bolalar ulug’ kishilar safida emas, o’zlari ortda saf bo’lib turadilar.
- Yosh bola ulug’ kishilar safida turib namoz o’qisa, ulug’ kishilarning namoziga zarari bormi?- Ulug’ kishilarning namoziga zarari yo’q. Lekin sunnatga xilof bo’ladi.
- Xotinlar erkak kishiga ergashib namoz o’qimoqlari durustmi?- Durust, lekin bunda imom xotinlarga imom bo’lmoqni qabul qilmog’i va niyat etmog’i shart. Agar imom xotinlarga imom bo’lmoqni niyat qilmagan bo’lsa yoki imom bo’lmaslikni niyat qilgan bo’lsa, u xotinlarning namozi durust bo’lmaydi.
- Xotinlar qaysi safda turadilar?- Hammadan oxirgi safda turadilar, bolalardan ham keyingi safda turadilar.
- Agar xotin kishi erkak kishilar safiga kirib, erkaklarga barobar tursa, erkaklarning namoziga zarari bormi?- Agar imom xotinlarga imom bo’lmoqni niyat qilgan bo’lsa, erkaklarning namozi buziladi, agar xotinlarga imom bo’lmoqni niyat qilmagan bo’lsa, xotinlarning namozi buzilishi shu suratda bo’ladiki, erkak bilan xotin kishi bir namoz uchun taxmira boylagan bo’lsalar-u ikkovlarining o’qigan namozlari ado namozi bo’lsa.
- Xotinlarning jamoat uchun masjidlarga chiqishlari durust bo’ladimi?- Yosh xotinlarning har qaysi namoz uchun jamoatga chiqishlari makruhdir. Ammo qarigan xotinlarning faqat peshin va asr namoziga jamoatga chiqishlari makruhdir. Undan boshqa namozlarga qarigan xotinlarning chiqishi makruh emasdir.
- Balog’atga yetgan kishilar yosh bola va xotin kishilarga ergashib jamoat bilan namoz o’qisalar, durust bo’ladimi?- Durust bo’lmas.
- Bir yosh bolaga boshqa yosh bola ergashib jamoat bilan namoz o’qimog’i durust bo’ladimi?- Durust bo’ladi.
- Bir xotin boshqa xotinga ergashib jamoat bilan namoz o’qimog’i durust bo’ladimi?- Namoz durust bo’ladi, lekin makruhdir.
- Xotinlar o’zlari jamoat bo’lib namoz o’qishni xohlasalar, imomi qay yerda turadi?
- Erkaklar imomidek butkul ilgari o’tib, qavmdan ajrab turmas, balki saf o’rtasida turar, lekin sezilmas qadar oldinroqda turishi yaxshiroq.
- Imom orqasida turadigan ergashuvchilarning qay tariqa turmoqlari sunnat?- Har bir ergashuvchi safni to’g’ri olishi uchun oralarida biror kishi sig’arlik yo undan ham kamroq bo’sh joy qoldirmaslikka g’oyatda qattiq e’tibor berish sunnatdir.
- Uzrsiz kishi uzrli kishiga ergashishi durust bo’ladimi? Masalan, bir kishining jarohati bo’lsa, o’sha jarohatdan hamma vaqt qon va yiring kelib tursa, biror namozning vaqti qadar zamon pok turmasa, shu kishiga bunaqa holda pok kishining ergashishi durust bo’ladimi?- Durust bo’lmaydi.
- Farz namoz o’qiydigan kishiga nafl namoz o’qiydigan kishining ergashishi durust bo’ladimi?- Asr namozi va shom namozidan boshqa namozlarda durust bo’ladi. Ammo asr namozidan so’ngra nafl namoz o’qish makruh bo’lgani sababli va nafl namozni uch rakatli qilib o’qish durust bo’lmagani sababli bu ikki namozga nafl niyati bilan ergashib o’qish durust bo’lmas.