Mening daryo ko‘nglim, bilsang, muhabbat osmonining farishtalari, vafo malikalari Layli, Shirinlarning ismlaridan ham nur taralib turadi. Ular asrlar osha pokiza ismlari bilan yuraklarda yashaydilar. Ayol zotini sadoqatga, vafoga chorlaydilar. Bu ismlarni dilda, tilda takrorlagan oshiqning ko‘nglida vafo yuz ochadi. Yigitki bor, o‘z yorlaridan shunday diyonat, sadoqat ko‘rishni istaydi. Vale baxtning oftobi hammaning boshiga birday tushmaganidek, vafo ko‘rsatib yashash, vafo ko‘rib yashash har kimga ham nasib qilavermas ekan.
Biz ismi go‘zal yordan vafo ko‘rmadik. Ayb kimda?! Kim kimni asrolmadi? Biz rashkning quli bo‘ldik, biz gumonning quli bo‘ldik, sevgim... Bilmadikki, jahl aqldan, gumon iymondan ayirmish. Bizning qalblarga gumon solgan, qarolik istagan qora botirlar allaqachon Yaratgandan o‘z jazolarini olib, yuzlari ham qaro bo‘lgan. Biz-chi, kech ochilgan ko‘zlar, ko‘nglimiz ko‘kidan qaytmas bo‘lib uchib ketgan oqqushlarimizni sog‘inib yashamoqdamiz, o‘rtanib yashamoqdamiz. Ishq ahlining yo‘llariga, dillariga hamisha tuzoq tashlaguvchi qora botirlarga ham umr tilaguvchilar bormikin, sevgim?! Birovga o‘lim tilamoq gunoh. Ammo qora niyatli qora botirlarga umr ham tilab bo‘lmaydi...
Ishq bog‘ida ungan tikonlar,
Tovoningni poylab yoturlar.
Ular abad ozori jonlar,
Qora yurak, qora botirlar.
Baxti borni ko‘rolmaganlar,
Tosh otmayin turolmaganlar,
Yomonliksiz yurolmaganlar,
Qora yurak, qora botirlar.
Qo‘llaridan tushmaydi tuzoq,
Ikki dilning arosinda tog‘,
Gul shoxida qishlaydigan zog‘,
Qora yurak, qora botirlar.
Yuzlarining qarosi ketmas,
Ko‘chasidan ilon ham o‘tmas,
Ko‘nglida hech oppoq tong otmas,
Qora yurak, qora botirlar.
Ko‘zga tushgan cho‘pdayin yomon,
Boshga tekkan toshdir har gumon,
Ayting, qandoq yurursiz omon,
Qora yurak, qora botirlar.