Mantiqut-tayr (nasriy bayoni). Farididdin Attor  ( 116327 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24 25 ... 33 B


Ansora  20 Mart 2010, 16:12:36

YUSUF ALAYHISSALOM BIRODARLARINING QAHATCHILIK YILIDA MISRGA KELISHLARI

Yusufning o‘nta aka-ukalari qahatchilik yilida non topish maqsadida Misrga keldilar va Azizi Misr o‘rnida vazirlik lavozimini egallagan Yusuf ularni qabul qildi. Aka-ukalar Yusufni tanimadilar, chunki u parda orqasida o‘tirardi. Ular qahatchilik yilida boshlaridan kechayotgan og‘ir ahvoldan nolib gapirib berdilar va undan yordam berishni so‘rardilar. Yusuf oldida bir mis lagan bor edi, u qo‘lini laganga urgan edi, lagan ovoz chiqardi, go‘yo u ham nola qilardi. Yusuf og‘alariga qarab dedi:
- Bu ovozning ma’nosini bildilaringmi?
O’nta og‘a-ini bir-birlariga qarab, ojiz bo‘lib qoldilar, so‘ngra dedilar:
- Ey haqshunos aziz, kim ham lagan ovozining ma’nosini anglabdi?
Yusuf dedi:
- Men bilaman bu ovoz nima deyatganini. Lagan deydiki, sizlarning husnu jamolda yagona bir ukangiz bor edi, uning nomi Yusuf edi, bir otadan dunyoga kelgan edilaring. Yusuf oralaringda yaxshi xulqi bilan ajralib turardi.
Yusuf shunday deb ikkinchi marta laganni chertdi va dedi:
- Endi demoqdaki, hammangiz Yusufni quduqqa tashladilaring, keyin gunohsiz bo‘rini guvohlikka olib keldilaring.
Keyin u laganni uchinchi marta chertdi, ovoz chiqargach, dedi:
- Laganning bu ovozi deydiki, otangizni ayriliq alamida kuydirdilaring. Oy yuzli Yusufni Misr savdogariga arzimas pulga sotdilaring. Bu ishni kofirlar ham o‘z birodariga nisbatan qilmaydi. Ey qarshimda turganlar, Allohdan uyalmadinglarmi?
Og‘alar bu so‘zlardan gangib qoldilar, uyatdan terga botdilar. Ular Yusufni sotganda aslida butun jahonlarini sotgan edilar. Yusufni quduqqa tashlaganda esa hammalari balo qudug‘iga tushgan edilar.

Qayd etilgan


Ansora  20 Mart 2010, 16:12:45

Kimki bu qissadan xulosa chiqarmasa, qalb ko‘zi ko‘r, o‘zi esa johilu nodondir. Sen shu qissaga mahliyo bo‘lib, menga aloqasi yo‘qdeb angrayib qolma. Chunki, ey bexabar, bu qissa sening ham qissangdir. Nimaiki sen bevafolik yuzidan qilgan bo‘lsang, oshnolik shartiga rioya qilmagan bo‘lsang, bu Allohga ayondir. Agar birov bir umr laganni chertsa, sening noshoista ishlaring ma’lum bo‘lib boraveradi.
Harakat qilib, uyqudan uyg‘ongil, o‘z botiningga nazar sol. Shuni esda tut va tayyor turginki, tongla qiyomat kuni sening o‘zgalarga yetkazgan barcha jafolaring, xatolaring, kofirliklaringni ko‘z oldingga keltirib ko‘rsaturlar, bir-bir sanab berurlar. O’shanda tos - lagan shunchalik baland chalinadiki, uning ovozidan aqlu hushingni yo‘qotajaksan.
Bu to‘ntarilgan tosga o‘xshash osmon ostida qachongacha aylanasan, undan kech, chunki u qon to‘ldirilgan tog‘oraga o‘xshashdir. Tog‘ora tos ichida giriftorsan hanuz, o‘zing ham cho‘loq chumoliga o‘xshaysan. Agar tog‘ora ichida qolib ketsang, har damda boshqa bir ovoz senga eshitiladi. Ey Haqshunos odam, qanot chiqarib, vodiylarni uchib o‘t, bo‘lmasa tog‘ora ovozidan rasvo bo‘lasan.

 

Qayd etilgan


Ansora  20 Mart 2010, 16:13:15

O’TTIZ IKKINCHI MAQOLA

BOSHQA QUSHNING SAVOLI

Boshqa bir qush Hudhuddan so‘radi:
- Ey, rahbaru peshvo, Uning huzurida gustoxlik — beadablik ravomi? Agar birov beadablik qilib qo‘ysa, keyin uni azim qo‘rquv chulg‘ab oladi. U yerda gustoxlik qilish mumkinmi, ayt, ma’no duri sochib tushuntirib ber buni.

HUDHUDNING JAVOBI

Hudhud dedi:
- Kimki ahliyat, ya’ni valiylik toifasidan bo‘lsa, Ul zot asrorining mahrami bo‘ladi. Agar u gustoxlik qilsa, bu ravodir. Chunki bunday orifi asror Podshohning sirini saklab yuruvchidir. Ammo, ajabki, sirni saqlovchi sofdil kishi gustoxlik qiladimi? Yo‘q, albatta. Adab chap tomondan bo‘lsa, hurmat o‘ng tomondandir. Bir nafas gustoxlik bunda ravo bo‘lishi mumkin. Tuya boquvchi kishi sahrolarda yuradi, u axir shohga sirdosh bo‘lolmaydi-ku. Agar tuyakash roz ahliday gustoxlik qilaman desa, imondan ham, jondan ham ajraladi. Lashkardagi odam podsho oldida gustoxlik qilishga jur’at etadimi?
Agar ajamlik o‘ynoqi ko‘rina boshlasa, uning gustoxligi shodligidandir. U ishq g‘alabasi avjida devona kabidir, hatto ishq zo‘ridan suv ustida cho‘kmay yuraveradi. Ishq savdosida o‘rtangan kishi havoda uchayotganday, qo‘llari qanot, oyoqlari taxti ravonday bexudu beparvodir, u hamma narsani Haq deb o‘ylaydi va hatto suvni ham, o‘zini ham, Rabbini ham unutadi. Uning gustoxligi muhabbatining haddan zo‘rayishi natijasidir. Uning gustoxligi naqadar yoqimli va yaxshi, chunki u bamisoli olov devonadir, - bir dasta olovdir, olov! Olov yo‘lida biron narsa butun, salomat qoladimi? Majnun kishini malomat qilish mumkinmi? Agar senda mana shunaqa devonalik yuz bersa, nimaniki desang, eshitmoq joiz.

Qayd etilgan


Ansora  20 Mart 2010, 16:13:49

BIR DEVONANING XUROSONDA AMID QULLARINI KO’RGANI HIKOYASI

Xurosonda davlatu boylik ziyoda bo‘la boshladi, chunki bu yerda bir amid (qavm sardori) paydo bo‘ldi. Yuzlari oyday chiroyli yuzta turk quli bor edi, hammasi ham sarvqomat, qimmatbaho kiyimlar kiygan, oltin-kumush, duru gavhar, taqinchoqlar taqqan, zarrin halqalari tunni yoritadigan, belbog‘lari ham javohirli, mingan otlari ham bezakli edi. Shu mahal bir janda kiygan, oyoqyalang, och devona uzokdan qullarni ko‘rib, yonidagilardan bu hurlar to‘dasi kim, deb so‘radi. Shahar kattasi javob berib dedi: «Bular bizning shahrimizning buzurgvor sardoriga qarashli qullardir». Devona buni eshitib, boshidan hushi uchdi, dimog‘idan tutun chiqqanday bo‘ldi. Keyin osmonga qarab dedi: «Ey buyuk Arshning egasi! Sen bandani siylashni amiddan o‘rgan!»*
Sen agar shu devonaday gustoxlik qilish payida bo‘lsang, o‘ylab ko‘r. Avval shu ulug‘ daraxtga yarashiq novda va yaproq bo‘lishga intil. Agar bunday baland daraxt shoxining yaprog‘i bo‘lmasang, gustoxlik qilib kulgiga qolma. Devonalarning gustoxligi yaxshi, agarda ular sham’ atrofida aylanib yonishga chog‘langan oshiqlarday bo‘lsalar. Bundaylar tariqat yo‘li nima ekanini ham bilmaydilar va ko‘rolmaydilar, yomon nima, yaxshi nima, farqiga bormaydilar. Ular faqat Ulug‘ Podshoh yodida o‘rtanib yashaydilar, xolos.

Qayd etilgan


Ansora  20 Mart 2010, 16:14:11

YALANG’OCH DEVONA HIKOYATI

Bir yalang‘och devona qish faslida yo‘lda ketardi, yomg‘ir qor aralash yog‘a boshladi. Yalang‘och, badani jiqqa ho‘l, sovuqdan titrardi. Boradigan joyi yo‘qedi, yura-yura bir vayronaga yetib oldi. Vayronaga kirib, pana bir joyda o‘tirgan edi, tomdan boshiga bir g‘isht kelib tushdi. Boshi yorilib qon oqa boshladi. Shunda u osmonga qarab dedi:
- Qachongacha podsholik nog‘orasini chalasan, bundan yaxshiroq g‘ishting yo‘qmidi mening boshimga uradigan?
Kimki jonini ko‘ngliga xush yoqadigan mahram deb topsa, daraxt kabi bu yo‘lda yashnab ko‘karadi. Yo Uning dargohida kamol topadi, yoki bu yo‘lda ko‘ngil devonasiga aylanadi. Har kimki Ul dilnavoz Yorning devonasi bo‘lsa, ko‘ngli nimani xohlasa, noz bilan Unga izhor etadi.

Qayd etilgan


Ansora  20 Mart 2010, 16:14:32

BIR KISHINING QO’SHNI ESHAGINI SO’RAB OLGANI HIKOYATI

Korizda ishlovchi bir kambag‘al odam bor edi. U bug‘doyini tegirmonga olib borib, un qilib kelish uchun qo‘shnisining eshagini so‘rab oldi. Tegirmonga borgandan keyin yukni tushirib, eshakni tashqarida qoldirdi, o‘zi esa kech bo‘lgach uxlab qoldi.
Shu payt bo‘ri kelib eshakni yeb ketdi. Eshak egasi kambag‘aldan undan tovon to‘lashni talab qildi. Biroq eshakni omonatga olgan odam: eshagingni bo‘ri yedi, bo‘ridan tovon talab qil deb turib oldi.
Ikkalasi janjallashib yugurib mirob — korizlar bosh-lig‘i oldiga keldilar va voqeani aytib, tovonni kim to‘lashi lozimligini so‘radilar. Mirob dedi:
- Kimki bu och bo‘rini sahroga qo‘yib yuborgan ekan, albatta tovonni o‘sha to‘lashi kerak. Ikkovlaring ham tovonni O’shandan talab qilinglar. Axir u yaratadi va nobud qiladi, yuz minglab qo‘y va eshaklar-ning bo‘riga yem bo‘lishini u amr etadi. Bo‘rini yaratgan Uning o‘zi ekan, bu nogahon balolardan ham U qutqaradi. E Rab, U ajoyib tovonlar to‘laydi, ammo U qilgan ishga bandalar tovon to‘lamaydi.
Misr ayollarini ko‘rdingmi, ne holatga tushdilar, chunki ular Yusufning jamolini ko‘rgan edilar. Agar bir devona podsho davlatxonasidan baxt topsa, holati o‘zgarsa, hech ajablanma. Shu holatda devona o‘zligini yo‘qotadi, orqa-oldi, pastu baland, boru yo‘qning farqiga borolmaydi, hatto ko‘z solib qarashga ham holi yetmaydi. Bu holatda devona faqat Undan so‘zlaydi, Unga so‘zlaydi, xolos. Nimaiki xohlasa, Undan xohlaydi, U bilan istagi bitadi.

Qayd etilgan


Ansora  20 Mart 2010, 16:14:54

MISRDAGI QAHATCHILIK YILIDA BIR DEVONANING GUSTOXLIGI HIKOYATI

Misr mamlakatida birdan qahatchilik boshlandi. Qahatchilik shu darajada qattiq ediki, odamlar «non-non» deb jon berardilar. Yo‘llarda odamlar o‘lib yotardi, bir qism kishilar o‘liklar go‘shtini yeb jon saqlardilar. Bir devona bu ahvolni ko‘rib, dedi:
- Ey dunyou dinning Egasi, rizqing yetishmas ekan, kamroq yaratsang bo‘lmaydimi?
Dilini Ilohga bergan bedillar ishq ichra xudu bexud, shavq olovida hamisha kuyib yuradilar, ular o‘z vujudlaridan ham bezorlar.
Devonalardan sodir bo‘ladigan gustoxlikni karam va saxovat devoni afv etadi. Uning so‘zi ma’qul bo‘lmasa ham kechiradilar, uni yaxshilikka yo‘yadilar. Har dam unga yaxshi muomala etadilar, agar fikri yaxshi bo‘lsa, mukofotlaydilar. Alloh oshiklari nuqsondan pokdirlar, xuddi daraxtlarday ilohiy shamolda raqs tushib turadilar. Xuddi daraxt kabi oyoqchari loy (er) dadir. Shu zaylda Unga yaqinlik kamolotiga erishadilar. Kimki bu dargohning beadabi — gustoxi bo‘lsa, uzr so‘rasa, yana ogohu orif bo‘ladi. Bu dargohda rost emas, mabodo egri so‘zlasa ham, lekin uning uzrini shirinlik - sidqidillik tilab turadi.

Qayd etilgan


Ansora  20 Mart 2010, 16:15:20

YOSH BOLALAR TOSH BILAN URADIGAN DEVONA HIKOYATI

Bir yurak-bag‘ri ezilgan devona bor edi. Chunki ko‘chada yursa, yosh bolalar orqasidan tosh otib urardilar. Oxir bir hammomning gulxanxonasiga borib, bir burchakda daricha ostida o‘tirdi. Birdan havoni bulut qoplab, do‘l yog‘di va do‘l darchadan kirib devona boshiga urildi. Xona qorong‘i edi, daricha borligi ham sezilmasdi. Shu sabab devona do‘lni bolalar otayotgan tosh deb o‘yladi. Zero, u jala bilan toshni farqlay olmasdi. U nega meni shu yerda ham tinch qo‘ymadilar, deb nomaqbul so‘zlar bilan so‘ka boshladi.
Birdan shamol eshikni ochib yubordi va qorong‘i gulxanxona yorishib ketdi. Shunda devona boshiga tosh emas, do‘l kelib urilganini bildi va o‘zining so‘kishlaridan uyaldi. Dedi:
- Yo rab, bu gulxanxonam qorong‘i edi, xato qildim, kechir. Agar biror devona shunaqa vaysasa, sen itob etib jazolama. Bu yerda yotgan kishi ishqingda hushsiz, mastdir, kimsasiz, beqaroru bedil bir devonadir. Umri noxushlikda o‘tadi, har damda boshida ming g‘am. Sen uning ta’nasini afv et, devona oshig‘ingni jazolama. Agar qorong‘i kulbaaarga nazar tashlasang, barcha tavba qilganlarni ko‘rasan.


Qayd etilgan


Ansora  20 Mart 2010, 16:16:19

VOSITIY VA UNING JUHUDLAR GO’RINI KO’RGANI HIKOYATI

Vositiy yo‘lda ketayotib, juhudlar qabristonidan o‘tar ekan, dilida har xil fikrlar paydo bo‘lar, der edi:
- Bu juhudlar uzrlidirlar, ya’ni ularni kofir deb bo‘lmaydi, ammo buni birovga aytib bo‘lmaydi.
Bu fikrni bir kuni ovoz chiqarib aytgan edi, bir qozi eshitib qoldi. Qozi g‘azablanib, uni qozixonaga chaqirdi. Vositiyning so‘zi qozi fahmiga loyiq emas edi, shu bois bu so‘zni mutlaq inkor etdi, Vositiyni tushunmadi va fikrini qabul qilmadi. Oxiri Vositiy qoziga dedi:
- Ey qozi, bu vayronkor qavm sening hukming bo‘yicha uzrli bo‘lmasalar-da, ammo g‘aybni bilguvchi Allohvand hukmi bo‘yicha bu zamon ma’zur - kechirilgandirlar.


Qayd etilgan


Ansora  21 Mart 2010, 12:19:03

O’TTIZ UCHINCHI MAQOLA

BOSHQA BIR QUSH SAVOLI

Boshqa qush aytdi:
- Men toki tirik ekanman, Uning ishqiga loyiq va yarashiqman. Hamma narsadan voz kechib xoli bo‘lganman, shu bois doimo Haq ishqining lofini uraman. Jahon xalqlarining barini ko‘rganman, hech kimga bog‘liqlik joyim yo‘q, chunki ulardan aloqani uzganman. Mening ishim Uning ishqida yonish, xolos. Bunday ishq savdosi har kimning nasibi bo‘lmaydi. Yor ishqida shunday bandamanki, go‘yo jonim hech narsaga yaramaydiganday bo‘lib qoldi. Men uchun jondan kechish, Jonon yuzi yodida jomi may ichish vaqti keldi. Uning jamoli bilan jon ko‘zini ravshan qilib, visoliga yetib, qo‘limni bo‘yniga qo‘ymoqchiman.

HUDHUDNING UNGA JAVOBI

Hudhud dedi:
- Bunday da’vo va lof bilan Qof tog‘ida Simurg‘ yonida o‘tirish mumkin emas. Har damda Uning oshig‘iman deb lof urma, zero U hech bir kishining qopiga sig‘maydi. Agar Uning davlatidan bir yengil shamol — nasim sen tomon essa, sen shunga ming shukr qilib, yo‘lida harir parda to‘sha. Shunda U seni xursand bo‘lib, o‘z yo‘liga tortadi va seni o‘z xilvatgohida yolg‘iz o‘tqazib qo‘yadi. Sening hozirgi sevging ozor berishdir, holbuki Uning ishqi — sevgisi seni barcha lofu da’volardan xalos etib, Majnun qilib qo‘yishi aniq.

Qayd etilgan