16-bob. Dengiz mavjlangani kabi mavj urib keladirgan fitna haqida
Halaf ibn Havshan rivoyat qiladilar: «Sahobalar fitna xususida Imrulqaysning quyidagi baytlarini misol keltirmoqni xushlar erdilar»:
«Urush jonon kabi dastlab qilur odamni maftun,
Ziynatini ko‘rsatib barcha nodonni etur afsun.
Gurkirab yonsa, alanga olsa ko‘kka bo‘y cho‘zib,
Badnamo kampir kabi ko‘ngulga tekkaydur u kun.
Rangu ro‘yi o‘zgarib ham sochi bo‘lur oqu qaro,
Endi bo‘lmas hidlamoq, o‘pmoq uni badbo‘y uchun.
Shaqiq raziyallohu anhu rivoyat qilidilar: «Huzayfa: «Bir kuni biz Hazrat Umarning huzurlarida o‘ltirgan erdik ul kishi: «Qay biringiz Janob Rasulullohning fitna haqidagi hadislarini bilursiz?» — dedilar», — dedi. Shunda Huzayfa: «Barcha fitna kishining o‘z xotini, bolalari va qo‘shnisidan sodir bo‘lg‘aydur, uni sadaqa bermoq, namoz o‘qimoq va amri ma’ruf qilmoq birlan daf etg‘aydurlar» — deb aytganlar», — debdi. Hazrat Umar: «Men buni nazarda tutganim yo‘qdur, men dengiz yanglig‘ mavj uradirgan fitna haqida so‘rayotirmen», — debdilar. Huzayfa: «Ey Amir al-mo‘‘miniyn, unday fitnadan siz xavotir olmasangiz ham bo‘lur, chunkim siz birlan uning o‘rtasidagi eshik yopiqdur!» — debdi. Hazrat Umar: «O’shal eshik sindirilg‘aymi yokim ochilg‘aymi?» — debdilar. Huzayfa: «Ehtimol, sindirilg‘aydur», — debdi. Hazrat Umar: «Agar sindirilsa, abadulabad qayta yopilmas!» — debdilar. Huzayfa: «Ha, shundoq!» — debdi. Keyin, biz Huzayfaga: «Hazrat Umar o‘shal eshikning kim erkanligin bilurmi erdilar?» — deb so‘radik. Huzayfa: «Ha, albatta, men ertangi kun kelmog‘idan avval tun bo‘lmog‘ini bilganimdek yaxshi bilg‘aydurlar, chunkim men ul kishiga Janob Rasulullohning shul haqdagi hadislarini aytib berganmen», — dedi. So‘ng, biz o‘shal eshik haqida boshqa savol bermoqqa tortinib, Masruqqa: «Sen so‘rag‘ilchi!» — dedik. Ul so‘ragan erdi, Huzayfa: «O’shal eshik Hazrat Umarning o‘zlaridurlar» — deb javob berdi».
Abu Muso al-Ash’ariy rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam hojat talab bo‘lib Madina bog‘laridan biri tomon yo‘l oldilar, men ortlaridan ergashdim. Keyin, ul zot bog‘ ichkarisiga kirib ketdilar, men bog‘ darvozasi oldida qoldimda: «Koshki erdi, men Janob Rasulullohning darvozabonlari bo‘lsam!» — deb qo‘ydim, ammo menga bunday demadilar. Janob Rasululloh qazoi hojat qilib bo‘lgach, izorlarini shimarib quduq taxtasiga o‘ltirdilarda, oyoqlarini uning uchiga osiltirib oldilar. Shu payt Abu Bakr kelib, boqqa kirmoqqa ijozat so‘radilar. Men: «Shoshmay turingiz, ruxsat so‘rab kelayin!» — dedim. Keyin, borib Janob Rasulullohga: «Abu Bakr kirishga ijozat so‘rayotirlar», — dedim. Janob Rasululloh: «Ruxsat berg‘ilda, jannat birlan uni xushnud qilg‘il!» — dedilar. Abu Bakr ichkariga kirib izorlarini shimardilarda, Janob Rasulullohning o‘ng taraflariga kelib ul zot kabi oyoqlarini kuduqqa osiltirib o‘ltirdilar. So‘ng Hazrat Umar kelib qoldilar. Men: «Shoshmay turingiz, ruxsat so‘rab chiqayin!» — dedim. Janob Rasululloh: «Ruxsat berg‘ilda, jannat birlan uni ham xushnud qilg‘il!» — dedilar. Hazrat Umar ichkariga kirib izorlarini shimardilarda, Janob Rasulullohning chap taraflariga kelib oyoqlarini quduqqa osiltirib o‘ltirdilar. Shunda quduq taxtasida o‘ltirgani joy qolmadi. Shul asnoda Hazrat Usmon kelib ichkariga kirmoqqa ijozat so‘radilar. Men: «Shoshmay turingiz ruxsat so‘rab chiqayin!» — dedim. Janob Rasululloh: «Ijozat berg‘ilda, jannat birlan uni ham xushnud qilg‘il hamda unga musibat ham yetajagini aytg‘il!» — dedilar. Hazrat Usmon quduq taxtasidan joy topolmay, aylanib o‘tdilarda, ularning ro‘parasiga kelib quduqning chetiga o‘ltirdilar, so‘ng izorlarini shimarib oyoqlarini uning ichiga osiltirib oldilar. Shunda men birodarim (Abu Burda) kelib qolarmikan deb Olloh, taologa iltijo qildim, kelmadi. Ibn Musayyab: «Men bul holni uchchovlari (Janob Rasululloh, Hazrat Abu Bakr va Hazrat Umar)ning qabrlari yonma-yon erkanligiga, Hazrat Usmonning qabrlari ersa, ulardan chetda qolg‘onligiga yo‘ydim», — deydi».
Abu Voil rivoyat qiladilar: «Qarindoshlaringnzni katta mansablarga tayinlayotganingizdan odamlar norozi bo‘lishayotir deb Hazrat Usmonga aytmabmi erding?» — deyishdi Usomaga. Usoma bunday dedi: «Fitna eshigini birinchi bo‘lib ochg‘uvchi shaxs bo‘lib qolmayin deb, maslahat tarzida yotig‘i birlan aytgan erdim. Men kechagina o‘z so‘ziga amal qilmay yurgan odamga, bugun amir bo‘lib qolsa, «Sen yaxshisen!» deb tilyog‘lamalik qiladirganlardan ermasmen. Chunkim, Janob Rasululloh: «Bir odamni olib kelishib, do‘zaxga tashlashg‘ayda, eshak tuyoqlari birlan (somon) yanchgandek yanchishg‘ay. Shunda uning atrofiga do‘zax ahli to‘planib: "Ey falonchi, sen odamlarga islom amallarini ado etmoqni hamda makruh ishlardan qochmoqni buyurar erding-ku?!» — deyishg‘ay. Ul ersa: «Ha, to‘g‘ri, shunday qilur erdimu, ammo o‘zim bunga amal qilmas erdim» — degaydur» — deb aytgan erdilar».