Abdulla Oripov. Saylanma  ( 167430 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 ... 31 B


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:12:21

GO’ZALLIKNI YO’QLASH

Yuzlaringda ajin, sochlaringda oq,
Yelkangdan yuk bo‘lib bosibdi yillar.
Quralay ko‘zlarda tubsiz bir charchoq,
Bekor gap, kim desa: yoshdir ko‘ngillar.
Bir vaqtlar nomingni eshitgan zahot
Yonardik o‘t ketgan kabi to‘qayga.
O, hissiz tabiat, shafqatsiz hayot,
Shunday go‘zallikni bekitding qayga?
1988

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:12:29

TASKIN

Atir hidi bilan borma mozorga,
Bormagin u tomon kiyinib bashang.
Alam qilar yotgan har bir xoksorga,
Ularning xo‘rligi oshadi, bilsang.

Axir ko‘ngillari ularning yarim,
Axir, aslo o‘lmas hayot degan o‘y.
Degil:. Havas qilmang, birodarlarim
Bir kun yoningizga kelurman, deb qo‘y.
1988

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:12:44

BU YO’LLAR

Bu yo‘llar xayoldek bilmas intiho,
Shoshilar o‘zining manzilotiga.
Bu yo‘llar eltadi na Makka, na yo
Birlashgan Millatlar Tashkilotiga.

Bu yo‘llar dunyoni tinmay aylanib,
Intilar sirli bir ko‘ngil qulfiga.
Axiyri tasmadek qolar boylanib
Seningdek go‘zalning qora zulfiga.
1988

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:13:00

E’TIQOD
(Shu kunning rivoyati)

Mahshar yaqin qoldi,
Qiyomat yaqin,
Ota bilan o‘g‘il bir-biriga yov.
Samovot boshida chaqsa ham chaqin,
Hech kimsa hayiqmas, qo‘rqmaydi birov.

Og‘izda bol kabi turgan bu til ham
Zaharga aylangan, nishga aylangan.
Dilbarlar chashmini kuylagan qalam
Ko‘zlarni o‘yishga endi shaylangan.

O’g‘lim libosimni burdalab ketgan,
Tavba, deb ushlashga qolmagan yoqa.
Malomat pichog‘i suyakka yetgan,
Qalqonlar teshilgan, otlar betaqa..

O’t bosgan qabrning tepasida chol
G’arq bo‘lib turardi shundoq o‘ylarga.
Dam-badam o‘tmishga eltardi xayol,
Eltardi kurashlar, aza, to‘ylarga.

Qabrdan bir ovoz chiqdi-ku, shu choq,
Hazin va g‘azabnok, dardli, shiddatkor:
Mahshar yaqin emas, qiyomat uzoq,
Hamma balolarga o‘zingsan aybdor.

O’g‘lingga topilgay qilichu qalqon,
Taqalab bergaysan bir kun otini.
Sizlar chi, bir kun to‘q, bir kun yupun
Tashvishingiz yo‘qdir vujuddan bo‘lak

Tindi iztirobli qabrning sasi,
Nima bu? Ro‘yomi? Vasvasmi? Gumon?
Chol endi, ichiga tushib nafasi
Ketdi, uyigamas, raykomga tomon.
1988

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:13:21

MAYMUNIYAT

Turib-turib maymun bir kun boshin qashladi
Va maymuniy rejalarni tuza boshladi.
Dedi: - Shukr, o‘lib ketmish Gulxaniy bobo
Demak bizning davrimiz ham kelmish mutlaqo.
Krilov ham marhum emish allaqachonlar,
O’zimizga qolgan demak endi zamonlar.
Ne qilsak ham qo‘limizda inon-ixtiyor,
Bizning yo‘lni to‘solguvchi endi kim ham bor
Shundoq deya maymun shirin o‘ylarga bordi,
So‘ng tavakkal... shoirlikni boshlab yubordi
Maymunona fikrlardan nazm tizdi u,
O’rmon bo‘ylab kecha-kunduz izg‘ib kezdi u.
Qarasaki ishlar tuzuk, ilhomlar ravon,
Mushugini .pisht. demaydi, birorta hayvon
Madaniyat sohasida kerak bo‘lar der,
Uni bir kun qabul qildi hatto janob sher.
Siylandi u, ibrat uchun unvon berildi,
Maymun esa kerilgandan endi kerildi.
Hayvon zotin mensimayin qo‘ydi u butkul,
Biz maymunlar, deb boshlardi nutqini nuqul
Lablarida kamtarona bir mamnuniyat,
Derdi: - Olam gultojimiz biz maymuniyat,
Oh, insonlar. Qilolmasman ularga toqat.
Shu borada maymun chora izlardi faqat.
Oxir o‘ylab maymun topdi shundoq naqlni:
Insonlarning orasida Darvin, aqlli,
Toping uni. Ulug‘ olim bizni alqagan,
Gulxaniy ham, Krilov ham bizdan tarqagan.
1988

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:13:31

BOR GAP

Qanchalik iroda, qancha kuch kerak,
Maysani toptamay o‘tmoqlik uchun.
Qanchalik iroda, qancha kuch kerak,
Farzanding gunohin yutmoqlik uchun.

Qanchalik iroda, qancha kuch kerak,
Noravo Vatanni sevmoqlik uchun.
Qanchalik iroda, qancha kuch kerak,
Noraso elga so‘z demoqlik uchun.

Bularning baridan bo‘lmoq-chun xalos,
Ikki gaz arg‘amchi yetgaydir, xolos.
1988

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:13:40

TARAQQIYOT

Ovchilar maqtangan qadim zamonda
Bo‘za va nosvoyning kayfini surib:
- Falon yil, falon payt, falon dov
Eng katta olqorni olganman urib.

Eng yuksak cho‘qqini zabt etgan sayyoh
G‘urur bilan degan o‘lganga qadar:
- Aziz nabiralar, siz bilmaysiz, oh,
Men o‘sha cho‘qqida quchganman zafar.

Me’morlar ham yashar asrma-asr,
Ularning faxri ham shundan iborat:
- Men bunyod etganman eng yuksak qasr
Mening ijodimdir eng zo‘r imorat.

Taraqqiyot ekan, zamonlar kelib,
Orzu bosib ketdi butun olamni.
Hozir maqtanishar: - Qo‘yingiz biling
Men badnom qilganman eng zo‘r Odamni.
1989

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:13:51

BEGONALIK

Yoy o‘qi kamondan qochadi yiroq.
Tog‘lardan qochadi daryo va buloq.

Bulutlar bag‘ridan qochadi yomg‘ir,
Sukunatdan qochib shamollar sang‘ir.

Nafis chechaklarning xushbo‘y atri ham
G’unchalar qo‘ynidan qochar damodam.

Har to‘lqin bo‘shliqqa quchog‘in ochar,
Vahshiy qoyalarga bosh urib qochar.

Burgut panjasini yerdan uzgan on,
Tovushqon qochadi butazor tomon.

Ogoh bo‘lsang agar olam siridan
Dunyolar ham qochar biri-biridan.

Shu taxlit yashaydi buyuk koinot,
Manzilin topolmas idroksiz hayot.

Yiroq yiroq tushsa insondan inson,
Bu holning sharhiga ne deysan, ey jon!

Ona farzandiga quchog‘in ochsa,
Farzand-chi, onadan ming farsah qochsa.

Qochsa bir-biridan o‘g‘il ham padar,
Yodini unutgan telbalar qadar.

Qovushmasa insof, ezgulik, sabot,
Men buning sababin bilmasman, hayhot.

Tafakkur basharga garchi yalovdir,
Nechuk odam qavmi odamga yovdir.

Javob berar bunga na yer, na osmon,
Na Budda, Na Zardo‘sht, na Injil, Qur’on.

Endi bandalarga o‘zing qil shafqat,
Ey oliy joziba - Sirli Muhabbat!
1989

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:14:00

TOVLAMACHI KIMSALARGA

Har bir tashabbusning bor o‘z zamoni,
Yaxshi tomoniyu yomon tomoni.
Zamondan orqada qolib ketmay, deb
Shirkat tuzib olmish gala mo‘ltoni.

Ular ostonangda yotib olarlar,
O’ligin yelkangga ortib olarlar.
Tilagan narsasin bersang berding-ku,
Bermasang, ko‘plashib, tortib olarlar.
1989

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:14:10

SHOIR
(Hazil)

E’lon ossang agar biror shaharda,
Esi butun odam kerak deb shu on.
Taloto‘p bo‘lgandek ro‘zi mahsharda,
Yopirilib kelardi odamlar g‘ujg‘on.

E’lon ossang agar shaharda shu kun,
Jununvash, devona kimsaga doir.
Tarqab ketar edi qolganlar, butun,
Faqat qolar edi "œU men", - deb, shoir!..
1989

Qayd etilgan