2
Qishloqda bir bo‘zbola bo‘ladi.
Bo‘zbola yelkador, pishiq qomatlik bo‘ladi. Kulcha yuzlarida chuqur-chuqur kuldirgichlari bo‘ladi. Qo‘y ko‘zlik, siyrak qoshlik bo‘ladi.
Bo‘zbola qomatini g‘oz tutadi. Joyida tik turadi. Qo‘llarini ko‘kragiga qovushtiradi yo beliga tiraydi. Bir nuqtaga tikiladi. Qayerga tikiladi, nimaga tikiladi?
Bilmaymiz, biz bilmaymiz.
Inchunin, o‘zi-da bilmaydi.
Bo‘zbolani ilk bor ko‘ramiz.
Shunda, bu bola yo qattiq qayg‘uda, yo bir nimani o‘ylab o‘yiga yetolmayapti, deymiz.
Yurish-turishidan... kekkayadi, o‘zidan o‘zgani oyog‘i bilan ko‘rsatadi, deymiz. Shox-u butog‘ing bormi, muncha kerilasan, deymiz.
U mizoji xush ko‘rmish odamlar bilan salom-alik qiladi. Bordi-keldi qiladi. Chin dildan gapi¬rishadi. Ochilib gurunglashadi.
Ko‘ngliga o‘tirmaydiganlar bilan salomlashgisida kelmaydi!
Oqibat, bo‘zbola bizni nazarga ilmaydi, deymiz.
Oqibat, bo‘zbolani birovimiz xush ko‘ramiz, birovimiz noxush ko‘ramiz.
U o‘zini biz uchun dil-dildan oshno biladi.
Bizga sodiq mehr qo‘yadi. Biz bilan hamisha xayrixoh, hamdard bo‘ladi. Bir qorindan talashib chiqqanlardayin bo‘lsam, deydi.