— Yo‘q, sen gapir, qo‘llaringni ushlaganimni uyalmay-netmay yangangga aytganingni.
— O‘zi gapirsin, aytdim, deya aldasam-da, yangamdan qochib yurganini.
— Aytmaganing chinmi?
— Chin.
— Men yangangga ro‘para bo‘lolmabman, yuzlariga qanday qarayman, deb.
— Bilsa, haliyam aytganim yo‘q.
Kuyov zavqlandi. Shiftga tikilib, sukutga ketdi.
Jimjitlik qayliq ko‘ngliga tahlika soldi. Qayliq xayoli bir yoqlarga ketdi.
— Nimalarni o‘ylayapti? — dedi.
— O‘zimizning oqshomlarni.
— Zubaydani-chi?
Qayliq kuyovni jon joyidan ushladi.
Kuyov xayoli uchdi-ketdi.
— Sen unday o‘ylarga borma, — dedi kuyov. — Chin, qaraganim chin. Men senga aytsam, qaraydigan vaqtlar edi-da. Kimga qaragan bo‘lsam, seni deb qarab edim. Chin, Zubaydaga qaradim. Yo‘q, u sen emas bo‘ldi. Bolxinga qaradim. U-da sen emas bo‘ldi. Tag‘in birovga qaradim. U-da sen emas bo‘ldi. Tag‘in birovga qaradim. U, sen o‘zing bo‘lding...
— Shu chinimi?
— Chinim.
Qayliq iyib ketdi. Qayliq dildorlik berdi, qayliq dilbarlik berdi...
— Unda... men sizga... tan berdim!