Muallimlarning ham talabalar uyushmasi, ashroflar uyushmasi va o‘sha davrlarda rivojda bo‘lgan ba’zi kasb va hunar egalarining uyushmalari kabi birlashtirib turuvchi ittifoqlari bo‘lgan. Naqib, ya’ni uyushma boshlig‘ini o‘zlariga mudarrislar saylardilar. Faqat uyushma a’zolari o‘rtasida ixtilof kelib chiqqandagina, bu ishga sulton aralashardi.
Abu Shoma o‘zlarining «Ar-Ravzatayn» kitoblarida Muqallad Ad-Davla’iydan quyidagini rivoyat qiladilar: «Hofiz al-Murodiy vafot etganlarida, fuqaholar jamoasi ikkiga: arab va kurdlarga bo‘lingandi. Ichimizda mazhabga moyil kishilar shayx Sharofiddin ibn Abu Asrunni chaqirishni xohlagan bo‘lsa, nazar va xilof ilmiga moyil bo‘lganlar Al-Qutub an-Nisoburiyni chaqirmoqchi edilar. Shu sabab bo‘lib, fuqaholar o‘rtasida fitna chiqdi. Sulton Nuriddin bundan xabar topib, fuqaholar jamoasini huzuriga chorladi. Ular kelishganda, Sultondan noib bo‘lib Majiduddin ibn Ad-Doya shunday dedi: «Madrasalarni bino qilishdan biz faqat ilmni yoyish va bid’atni yo‘q qilishni ko‘zlaganmiz. O’rtangizda bo‘lib o‘tgan hodisalar yaxshi ham emas, sizlarga yarashmaydi ham. Mavlomiz (ya’ni, Nuriddin): «Ikki toifaga ham rozimiz va ikki shayxni ham chaqiramiz», dedilar. Shundan so‘ng ikki shayx ham chaqirildi. Shamsiddin o‘zining nomidagi madrasaga bosh bo‘lgan bo‘lsa, Qutbiddinni An-Nafariy madrasasiga rais tayin etildi».
Shunday madrasalar, xususan, oliy ma’hadlar Islom olami shaharlarining u chetidan bu chetigacha to‘lib ketgandi. Tarix turli shaharlarda madrasalar insho etilishida asosiy rolni musulmon amirlari o‘ynaganliklarini hayratga tushib so‘zlaydi. Masalan, ulardan biri Salohiddin al-Ayyubiy qo‘l ostidagi Misr, Damashq, Musil, Baytul Muqaddas kabi shaharlarning barchasida madrasalar qurdirgan. Yana bir amir Nuriddin ash-Shahid esa bitta Suriyaning o‘zida o‘n to‘rtta ma’had barpo etgan. Ularning oltitasi Damashqda, to‘rttasi Halabda, ikkitasi Hamohda, yana ikkitasi Humsda va bittasi Ba’labakkada bo‘lgan. Buyuk saljuqiy vazir Nizomulmulk Iroq va Xuroson mamlakatlarini madrasalar bilan to‘ldirib yuborgan. Hatto, Iroq bilan Xurosonning har bir shahrida bittadan madrasa qurilgani zikr qilinadi. Madrasalar, hatto, uzoq, chekka yerlarda ham barpo etildi. Masalan, Ibn Amr jazirasida ulkan va go‘zal madrasa qurilgandi. Qaysi bir shaharda ko‘zga ko‘ringan va chuqur ilmli olim bo‘lsa, unga madrasa qurib berilar, vaqf ajratilar va kutubxona taqdim etilardi.