— Yanchish — mening istagim. O‘lmas Kashcheyni eshitganmisiz? Ha, balli, uning joni qutichada saqlanadi. Quticha esa uzoq bir orolda. Bularning joni ham qutichada, quticha esa homiylarning po‘lat sandig‘ida. Homiylari esa qaerda turishini bilasiz. Homiylar yanchilmaguncha bularni birnima qilib bo‘lmaydi. Azizim, e’lon qilingan erkinliklarni u homiylar bo‘g‘ishga qodirlar. Lekin bir kunmas bir kun yanchiladilar, bunga ishonaman!
Komlev vaqti ado bo‘lib qolishidan qo‘rqqandek tez gapirardi. Xotini bir necha marta «bas qil», deyishiga qaramay, fikrini to‘la bayon qilmaguncha gapdan to‘xtamadi.
Ramazonov shifoxonaga kirib, navbatchiga o‘zini tanishtirgach, maqsadini bildirdi, Komlevni tanishtirdi-da, xayrlashib iziga qaytdi.
Qamoqxona shifoxonasidan chiqarilib bu yerga kelib qolganidan, vrachlarning mehribonligidan ajablanib yotgan Jahongir ostonada tanish chehrani ko‘rib, avval ko‘zlariga ishonmadi. Qaddini ko‘tarayotganda Komlev tez-tez yurib kelib, uni yelkasidan ushladi:
— Qimirlama, azizim, qimirlama, ahvolingni aytishdi. Buni qara, jonimiz qattiq ekan, o‘lmay yurib, oxiri ko‘rishdik-a! Zina, kiraver. Ana, kennoyingni olib keldim. O‘shanda tanishtirishga ulgurmovdim.
Ayol jilmayib, bosh irg‘ab salomlashdi.
— Men bugun sen bilan ko‘p gaplashmayman. Shaharda besh-o‘n kun bo‘lamiz, oldingga yana kelamiz, obdan suhbatlashamiz.