Havoriylarning bu xohishlari ortida Allohning mo‘‘jizasini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rish istagi bor edi. Shunda Iyso alayhissalom Allohning sifatlarini tilga olib duo qiladilar:
«Robbimiz, Bizga osmondan yasatilgan dasturxon tushirgin, u avvalimizgayu oxirimizga bayram bo‘lib qolsin. Sendan mo‘‘jiza bo‘lib qolsin. Va bizga rizq bergin, zotan O’zing eng yaxshi rizq berguvchisan» («Moida», 114).
Alloh taolo Iyso alayhissalomning duosini ijobat etganini bildirish bilan birga shunday dedi:
«...Men, albatta, uni sizlarga tushirguvchiman. Bas, bundan keyin sizlardan kim kufr keltirsa, uni olamlarda hech kimni azoblamagan azob ila azoblagayman» («Moida», 115).
Iyso alayhissalomning navbatdagi duolari quyidagicha:
«Agar ularni azoblasang, ular sening ojiz bandalaring. Agar ularni mag‘firat qilsang, albatta, Sen O’zing qudrat, hikmat egasidirsan» («Moida» 118).
Bu duo Iyso alayhissalom tilidan Alloh bilan quyidagi suhbatlashuvdan so‘ng qilingan bo‘lib, Qur’onda shunday xabar berilgan:
«Alloh: «Ey, Iyso ibn Maryam, sen odamlarga, Allohni qo‘yib, men iva onamni iloh qilib olinglar, dedingmi?»-deganini, u esa: «Ey pok Parvardigoro, men haqqim yo‘q narsani ayta olmayman-ku. Agar aytgan bo‘lganimda, batahqiq, Sen uni bilar eding. Sen mening dilimdagini bilasan, men Sendagi hech narsani bilmasman. Albatta, Sening O’zing g‘ayblarni eng yaxshi bilguvchi Zotsan», deganini esla. Men ularga O’zing menga amr qilgan narsa «Allohga, mening Robbim va sizning Robbingizga ibodat qiling»dan boshqani aytganim yo‘q. Meni O’zingga olganingdan so‘ng, Sening o‘zing ularga kuzatuvchi bo‘lding. Zotan, Sen har bir narsaga guvohsan» («Moida», 116-117).