...Kitobdagi «Ot kishnagan oqshom» qissasini o’qishni boshladim. Uyog’ini bilmayman, bilmayman! Qolgan «Yulduzlar mangu yonadi», «Oydinda yurgan odamlar», «Momo-Yer qo’shig’i» qissalarini qanday o’qib chiqdim, qanday tamomlab qo’ydim — bilmay qoldim! Kitobni yopibmanki, ko’z oldimdan qissalar qahramonlari bir-bir o’ta boshlaydi: Ziyodulla kal va uning «birodari»ga aylangan Tarlon, Bo’ri polvon va do’sti Nasim polvon, ikki do’stning ham diliga birday o’t yoqqan suluv Momoqiz, bir umr yo’q bolaning Momosi, yo’q farzandning Bobosi bo’lib yashab o’tgan Qoplon va Oymomo, «oyog’i yerdan uzilgan», manman shoir Pahlavon Daho...
Qalbimda g’alayon boshlandi. Xo’rsina-xo’rsina chuqur o’yga toldim. Boshqacha bo’lib qoldim... Qissalar ta’siri... Men bu asarlar muallifini eslab qoldim. Uning yana qanday asarlari bor ekan-a?¬¬ Agar topsam, albatta, o’qiyman, bittalab o’qiyman, deb maqsad qilib oldim. Shundan buyon Tog’ay Murod bilan g’oyibona do’st tutindim. Kitob do’konlaridan uning asarlarini qarab yurdim. Nihoyat, bir kuni Tog’ay Murod degan adibning boshqa bir kitobiniyam ko’rib qoldim. U kitob esa... o’sha... bir vaqtlar nomidan ensam qotgan «Otamdan qolgan dalalar» edi! Sotib oldim. Romanni o’qib yana oromimni yo’qotdim! Xalqimizning sovet tuzumi siyosat yuritgan paytidagi nochor, xo’rlangan turmushi, «baxt¬li hayoti» haqida tarix kitob¬laridan o’qigandim. Ammo... bu darajada ta’sirlanmagan ekanman! Xalqimiz, millatimiz boshiga ne-ne qaro kunlar tushgani, o’zbek dehqoniman, degich odamlar qanday qilib «dehqon» bo’lganini shu roman orqaligina bildim. Shu roman orqali men tengi bolalar, o’quvchilar ilk qadamini maktabdan emas, paxta dalalaridan boshlagani, ularning «paxtazor — daftari bo’lgani, g’o’zalar — husnixati bo’lgani»ni, juda ko’p onalarimiz asardagi Ziyod oshnamning onasi singari dalalarda «Paxta urib ketgan bolam-ay!» — deya faryod chekib o’tganini bilib oldim. Bir so’z bilan aytsam, shu roman orqali... men kimligimni bilib oldim! Ota-bobom kim ekanini bildim! Ana shundagina beixtiyor kutubxonachi amaki esimga tushadi. Uning nega bu kitobni doim o’qib yurishini, ba’zan chuqur o’yga tolib, asabiylashib qolishini tushunganday bo’laman....