HILOL IBN UMAYYA
Ozod va nomusli xotinlarga til tekkizib, ularni zino qilganlikda ayblashga, sharaflari-la o’ynashishga jur’at etganlar haqida Alloh taolo hukmini bildirdi: bir xotinni zinoda ayblash uchun to’rtta guvoh keltirish shart qilindi. Agarda shunaqa da’vo bilan chiqqan erkak yoki xotin to’rtta guvoh topmasa, unda o’ziga sakson darra uriladigan va bundan bu yog’iga uning guvohligi qabul etilmaydigan, bunaqa odamlar fosiq kishilar deb bilinadigan bo’ldi.
Ammo bu masalaning nozik tomoni ham bor edi. Fikrli zehnlarga bu masalaning javobi qandaydir qorong’u bo’lib qoldi. Bir kuni Hazraj qabilasining ulug’i Sa’d ibn Uboda shu mavzuni ko’taradi:
— Ey Allohning payg’ambari, sizga oyat shunday tushirildimi? — deb so’radi.
Rasululloh(s.a.v.) uning bu savolidan xayron bo’ldilar. Yonlaridagilarga o’girildilar:
— Ey Ansor! Eshitdilaringmi, ulug’laringizning so’zlarini?!
Ichlaridan biri so’z qotdi:
— Ey Allohning payg’ambari, bu so’zi uchun uni ayblamang. Ishonmaganidan emas bu gapi. Biz bilamiz, Sa’d juda rashkchi odam. Nuqul bokiralarga uylangani ham shundan. Eridan chiqqan xotinga uylanganini bir kimsa ko’rmagan, — dedi.
Sa’d ibn Ubodaning o’zi ham tushuntira boshladi:
— Ey Allohning payg’ambari, qasam ichaman, siz yetkazgan bu oyat haqdir va xaqiqatni aytyapti. Yana qasam icha¬man, uni Alloh tushirdi. Faqat, meni bir narsa hayron qoldiryapti: agar men zino yo’liga kirgan xotinni bir erkak bilan nojo’ya ish ustida tutib olsam, nima qilaman? Sizlar shunday turib turinglar, men tezda to’rtta guvoh topib kelaman, deya olmayman-ku, axir?! Men guvoh topib kelgunimcha, vallohi, u odam allaqachon ishini bitirib ketgan bo’ladi*. (Ibn Kasir. Тafsir, 3/267.)
Sa’d ibn Ubodaning bu so’zlarida xaqiqat ham yo’q emasdi.
O’sha kunlari madinalik musulmonlardan Osim yuzi xomush tortgan Uvaymirni uchratib qoldi.
— Senga nima bo’ldi? G’am bosgan odamday yuribsan? — dedi.
— Yuragim siqilib ketyapti, ey Osim, — deb javob qildi Uvaymir.
— Yuragingni buncha siqayotgan narsa nima?
Uvaymir yerga cho’kdi. Хuddi aytadigan so’zlarini tishlarining orasiga olib ezrilayotganday, jim edi.
— Gapir, ey Uvaymir, dardini aytmagan darmon topmaydi, deyishadi.
Uvaymir jigar-jigariga yopishgan g’amini chuqur bir nafas-la tashqariga chiqarib tashlaganday, xorg’in ko’zlarini ko’tardi. Atrofdagi narsalar uning ko’ziga har xil sharpalar bo’lib ko’rinardi. Ovozi ham shu holatiga yarasha tolg’in.
— O’zing o’yla, Osim, xotinini begona erkak bilan zino ustida ko’rib qolgan er nima qiladi?
Osimning peshonasiga ter tepchidi. Chunki Uvaymirning xotini uning yaqin qarindoshi edi. Uvaymir gapida davom etdi:
— U odamni o’ldirsa, jazo o’laroq o’zi ham o’ldiriladi. Birovga aytsa, juda yomon gap aytgan bo’ladi. Хotiniga tuxmat qilgan sharafsiz bir odam holiga tushadi. Aksincha, o’zi jazoga tortiladi. Aytmagan taqdirda juda og’ir bir yuk ostida ezilib qolaveradi. Nomusi toptalgan odamligini aytolmasdan, uyat ichida yashaydi.
Uvaymir ichini qurt kabi kemirayotgan dardining shunchasini anglatib hamda bir necha chuqur nafas-la jigarlarini bo’shatib olgach, niyatini ochdi:
— Sendan iltimos, ey Osim, Rasulullohga bu axvolni tushuntir, nima tavsiya qilsalar, mening nomimdan bilib kel, — dedi.