Fargʻona kelini (roman). Jo'rjiy Zaydon  ( 155584 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 ... 40 B


AbdurRohman  06 Oktyabr 2007, 23:25:40

Onasining tortinishidan qasrda yashashni istamayotganidan Zirg‘om taajjublandi:
— Yo‘q, oyi, siz men bilan u yerga borasiz. Birga yashaymiz, men xalifaga va’da berib keldim. Va’daga vafo etmaslikka choram yo‘q.
Ona ozgina jim turdi-da: «Mayli, o‘ylashib ko‘ramiz»,— dedi.
— Oyi, vaqt tang, ertaga ko‘chishimiz kerak. Mas’udaga buyursangiz tayyorgarlik ko‘raversa. Men Vardonga aytaman, u ham Mas’udaga yordamlashadi. Siz xalifaning saroyidagi ayollar bilan apoq-chapoq bo‘lib, kunduz kunlari ular bilan suhbatlashib yoki ashula eshitib o‘tirasiz. Bu yerda bitta o‘zingiz o‘tirgandan ko‘ra saroyda yashash yaxshi emasmi? Bundan tashqari, men uchun muhim bo‘lgan bir maslahat vajidan sizning u yerda bo‘lishingiz zarur.
Onasining betiga qon yugurdi, ahvoldi o‘zgardi. Uning avzoyi o‘zgarganligi ojiz ko‘zlarining alang-jalang bo‘lganidan sezilib turardi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  06 Oktyabr 2007, 23:25:58

— Ammo ovunish, suhbatlashish uchun menga sen keraksan, bo‘tam. Mening yolg‘izim, ko‘z qorachig‘im sensan. U yerga bormasligimning chorasi bo‘lmasa, uyda turish yoki u yoq-bu yoqqa chiqib ketish ixtiyori o‘zimda bo‘lishini senga shart qilaman. Xo‘sh, men uchun muhim bo‘lgan bir maslahat vajidan siz u yerda bo‘lishingiz kerak deyapsan. Ko‘rib turibsan, men ko‘zi ojiz bir ayolman. Menga qanday ehtiyojing bor?
— Oyi, siz mening nurim, chirog‘imsiz. Siz xalifaning menga tayyorlab qo‘ygan «baxti»dan qutqazishga yordam beradigan kishimsiz.
— Baxtdan qutqazish? Nima demoqchisan, ochiqroq ayt!
— Xalifa men uchun bir turk qiziga sovchi bo‘lyapti. Aytishicha, bu shaharda undan go‘zal qiz yo‘q emish. Uni boshqa hamma qo‘mondonlaridan ko‘ra menga munosib deb bilgan emish.
— Sen unga nima javob aytding?
— Yo‘q deyishga tilim bormadi. Keyinroq javobini aytaman, deb va’da qildim.
— Nima, uni rad qilmoqchimisan?
— Bo‘lmasam-chi, qabul qilaymi?

Qayd etilgan


AbdurRohman  06 Oktyabr 2007, 23:26:19

Ona sukut etdi. Uning Jahonga bo‘lgan muhabbatini esladi:
— Xalifaning taklifini qanday rad qila olasan?
Zirg‘om yuragidagi dardini ochiq izhor etdi:
— Jahon-chi? Men unga mehr qo‘yganman-ku?
— Meni shuning uchun birga bo‘lasiz deyapsanmi? Xo‘p, men seni bu tuzoqdan qutqazish chorasini ko‘raman, bu qiyin ish emas, albatta.
Zirg‘om xursand bo‘lib ketdi.
— Unday bo‘lsa hammamiz ertaga ko‘chamiz. Siz meni Zirg‘om deb chaqira ko‘rmang, chunki xalifa mening nomimni «Sohib» deb ataydi, Zirg‘om desangiz, mening qo‘ygan nomimni yoqtirmabdi, deb xafa bo‘lishi mumkin.
— Xo‘p, o‘g‘lim, shunday qilaman.
Shu payt ular ovqatlarini yeb bo‘lishdi. Ona ko‘chish taraddudini ko‘rishni Mas’udaga buyurdi. Zirg‘om esa unga yordam berishga Vardonni qo‘shdi.
Ertasiga ular hammasi xalifa saroyiga ko‘chib borishdi va uning yonidagi bir hovliga joylashishdi.
Xalifaning boshqa xizmatlariga suyanishsa ham, ona-bola o‘zlari uchun Mas’uda bilan Vardonni olib qolishdi.

_______________
* To‘rt yuz kilo.
* Arablarda qo‘lni o‘pish odati bor, lekin tavoze yuzasidan kattalar o‘z qo‘lini o‘pishga bermaydi.
* Arab tilida sherning yetti yuzga yaqin nomi bo‘lib, undan bittasi «Zirg‘om»dir.


Qayd etilgan


AbdurRohman  07 Oktyabr 2007, 11:17:23

     AHMAD IBN ABU DUOD

     Jahonning kelayotgani to‘g‘risida biror yangilik eshitishga ilhaq bo‘lib Sohib xalifa saroyida bir qancha vaqtni o‘tkazdi. Xalifa Sohibga tanmahramlikka tanlagan qizdan xalos bo‘lish uchun u Jahonning tezroq yetib kelishini sabrsizlik bilan kutardi. Xalifa Jahonni ko‘rgach, o‘z qo‘mondoniga boshqa biron qizni ep ko‘rmasligi turgan gap edi. Shuning uchun Sohib dunyodagi hamma qizlarni sevgilisi Jahonning tirnog‘iga ham olmas edi. Buning uchun xalifa undan xafa ham bo‘lmasdi. Biroq Jahon nega kelmayapti ekan? Undan darak bo‘lavermagandan Sohib qattiq tashvishda edi: ko‘ngli g‘ash, yuragiga qil sig‘maydi. Bir kuni do‘sti va xizmatchisi Vardonni yo‘qlatib, undan: «Far-g‘onaliklar xususida qanday fikrdasan?» deb so‘radi.
Uning maqsadini sezgan Vardon:
— Ayam Jahonni aytyapsizmi? — dedi.
— Borakallo. Otasining ta’ziyasi tugagandan keyin Bag‘dodga kelishga va’da bergan edi, lekin hanuz daragi yo‘q. Biror kishi orqali xabar qilmadi. Sen bunga nima deysan?
— Ruxsat etsangiz, o‘zim borib buni surishtirib kelsam?
    Xizmatkorning bu qadar fidokorligidan mamnun bo‘lgan Sohib jilmaydi va: «Borakallo, Vardon, senga bu qadar og‘ir vazifani yuklamoqchi emasman. Faqat nima qilsak bo‘larkin, deb maslahat so‘rayapman, xolos», — dedi.
    Vardon o‘ylab, boshini yerga egib turdi:
— Menimcha, janob Afshin Farg‘onadan kelguncha yana bir oz tahammul qilsak.
— U qachon kelarkin?
— Yaqinda kelarmish degan xabar bor. Kelgan zamon o‘zidan yoki hamrohlarining birortasidan surishtirib bilib olamiz.

Qayd etilgan


AbdurRohman  07 Oktyabr 2007, 11:18:05

     Vardonning maslahati Zirg‘omga mas’ul tushdi: «Bo‘lmasa, buni Afshinning hamrohlaridan o‘zing so‘rab, bilasan». Vardon: «Xo‘p, maqsadingizni angladim», — dedi. Sohib kuldi.
— Men uchun qaysi maslahatni foydali deb bilsang, yashirmay bemalol aytaver! Yodingdan chiqmasin, men seni xizmatchim emas, do‘stim, sirdoshim deb hisoblayman!
     Vardon unga ta’zim qilib, bosh egarkan: «Men hamisha xizmatingizni jon-dildan ado etuvchi xodimingizman. Hozir menga ruxsat bersangiz, Afshinning karvonlari yetib kelmasdan, yo‘liga chiqsam», — dedi. «Mayli, bor, o‘zingga ma’qul ishni qilaver!»— ruxsat berdi unga Sohib Vardon u bilan xayrlashib, chiqib ketdi.
     Zirg‘om qasrda o‘tirgan edi: «Xalifa sizni yo‘qlayaptilar», deb bir kishi keldi. U otlanib, xalifaning qasri tomon yo‘l oldi. Qasrga yaqinlashganda, unga: «Xalifa o‘z xosxonalarida qozikalon Ahmad ibn Abu Duod bilan suhbatdalar», deb aytishdi.
     Ahmadning xalifaga g‘oyat manzurligi Zirg‘omga ma’lum edi. U muhim ishlar xususida Ahmad bilan maxsus gaplashib olardi. Zirg‘om ruxsat so‘rab, ularning oldiga kirib bordi. Xalifa xona to‘rida, o‘z kursisida, Ahmad ibn Abu Duod esa uning yonida, ikkinchi kursida o‘tirardi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  07 Oktyabr 2007, 11:24:55

     Asli arab bo‘lgan Ahmad ularga zo‘r ixlos va muruvvat bilan tanilgan kishi edi. Mu’tasim arablarni o‘zidan uzoqlashtirgan, ulardan iltifotini uzib, qadr-qimmatlarini ancha pasaytirib qo‘ygan edi. U o‘ziga turklarni yaqin tutardi. Shunday bo‘lsa ham Ahmadga ishonchi zo‘r edi: vazirlari o‘rniga u bilan maslahatlashar va uning maslahatisiz biror ishga qadam qo‘ymasdi.
Odatda xalifalar oldida boshqa kishi gap boshlashi mumkin bo‘lmasa ham, Ahmad Mu’tasim oldida bemalol gapiraverardi...
     Xalifa oldida qozilar qozikaloni o‘tirganini ko‘rgan Zirg‘om o‘zining muhim bir ish yuzasidan chaqirilganini sezdi. U xalifaga salom berdi. Xalifa unga «alik» oldida: «Marhamat, qani, kelaver, Sohib», deb Ahmad ibn Abu Duod yonidan joy ko‘rsatdi. Keyin u qoziga qarab dedi:
— Siz, ehtimol, bu qo‘mondonni hamma biladigan nomi bilan emas, boshqa nom bilan chaqirayotganimdan ajablanayotgandirsiz? Sizning bu yigit to‘g‘risidagi fikringiz maqbul, ko‘pdan beri uning botirligi va sadoqati haqida so‘z yuritardingiz. Men uning siz maqtaganingizdan ham a’lo ekanini amalda sinab ko‘rdim. U men uchun o‘zini o‘lim to‘lqiniga otdi: meni sherning changalidan qutqazib, o‘z qahramonligini namoyish qildi. Shu vajdan uni o‘zimga yaqin tutib, Sohib deb ism qo‘ydim va saroyga keltirib joylashtirdim.
     Oltmish yoshlar chamasida bo‘lib, soch-soqoliga oq oralagan qozi Mu’tasim Zirg‘omni maqtayotganini eshitib: «u maqtovga arziydigan yigit ekan. Men uni dastlab ko‘rishdayoq ma’qul topib, istiqboli ulug‘ bo‘lar, deb umid tutgan edim. Ilohim, xizmatingizda barqaror bo‘lsin!» — dedi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  07 Oktyabr 2007, 11:25:25

— Shuning uchun hozirgi maslahatimizdan uni voqif etish kerak, — dedi Mu’tasim.
Zirg‘om odob saqlab, xalifaning farmonini kutib o‘tirardi. Xalifa unga dedi:
— Ey Sohib, Armanistondagi o‘sha majusiy to‘g‘risida kelgan xabarlarni biz qozi bilan muhokama qilayotgan edik.
     Xalifa Ardabildagi davlat boshlig‘i Bobak al-Xurramiyni ko‘zda tutayotganini sezgan. Zirg‘om: «Bu odam biror voqea sodir qildimi?» — deb so‘radi. Uning xalifa bilan tuzilgan bitimni buzganidan, musulmon askarlari bilan o‘rtalarida yuz bergan voqealardan va Bobakni qo‘lga tushira olmaganlari tufayli uning ishi avj olib ketganidan Zirg‘om xabardor edi. Qozi gapga aralashdi:
— Bobak al-Xurramiyning Armanistonda xalifaga itoat etmagani, u goh Afshin askarlarini, goh boshqalarni xalifaga qarshi gijgijlatgani sizga ayon. Biz bilan Armaniston orasi olis, urush ba’zan bizning foydamizga, ba’zan uning foydasiga hal bo‘lib kelmoqda. Bobak u yerda mustahkam o‘rnashib olgan. Xalifa esa... — u jim bo‘lib Mu’tasimga qaradi. Mu’tasim uning so‘ziga qo‘shimcha qildi:
— Ey Sohib, Afshindan ko‘nglim to‘q emasligini, undan qanday qutulishga hayronligimni senga aytgan edim. Sen uni o‘z yurti, o‘z fuqarosi, qavm-qarindoshi, urug‘-aymoqlari ichida ko‘rding. Xo‘sh, uning xususida qanday mulohazaga kelding?

Qayd etilgan


AbdurRohman  07 Oktyabr 2007, 11:25:39

— Afshin u yurtlarda katta hukmdor. Uni yo‘lboshchi deb hisoblashar, shahanshoh deb atasharkan, qay bir kishilar uni «xudolar xudosi» deb yuborishdan ham toymas ekan. U musulmon diniga kirishdan avval shunday nomga ega bo‘lgan ekan. Hozir u «xudolar xudosi» deb atalishini istamasa kerak. Ey xalifam, u shu qadar katta nufuzga egaki, bir marta xitob qilsa, son-sanoqsiz kishilari uning chaqirig‘iga tayyor bo‘ladi. Xalifa istasalar, uni vazifasidan bekor qila oladilar. Meni uning o‘rniga tayinlamoqchi bo‘lsalar, xizmatlarida qonimni ham, jonimni ham ayamayman. Men o‘zimni Afshindan qudratliroq deb o‘ylamayman, lekin xalifaning sodiq qullariman. Qaysi xizmatga munosib ko‘rsalar, men tayyorman, tangrining o‘zi madadkor bo‘lsin.
Qozi Mu’tasimga qarab:
— Sohib o‘z sadoqatini va davlat xizmatiga fidokorligini ochiq aytyapti. Bunday o‘zgarishlardan kelib chiqadigan xatarli natijaga, albatta, uning idroki yetadi. Men Afshin yoki boshqa biror kishi bizning fikrlarimizdan voqif bo‘lmasligini lozim ko‘rardim. Agar ijozat bersangiz, menda bir mulohaza bor, shuni o‘rtaga tashlasam, balki biror manfaati tegib qolsa ajab emas.
— Qani, eshitaylik, — dedi-da, xalifa Zirg‘omga qaradi: — Men qozini vazir va maslahatchilarim maqomida hisoblayman. Vazirlarim va xos kishilarim ko‘p, lekin ulardan bittasiga ham qozichalik ishona olmayman. Gapiring, qozi afandi!

Qayd etilgan


AbdurRohman  07 Oktyabr 2007, 11:26:01

— Afshin o‘z yurtida podshoh, uning askar va yordamchilari yetarli. U sizga faqat mol-mulk orttirish, boyish maqsadida xizmat qilyapti. Ba’zilarning aytishicha, uning musulmonlarga xizmati faqat mol-mulki uchun, o‘z holiga qo‘yilsa, albatta, Bobak bilan birlashib, biz musulmonlarga qarshi jang qiladi. Bordi-yu, uning musulmon bo‘lgani rost bo‘lsa ham, har qalay sinalmagan-da. Biz unga qattiqqo‘llik qilsak, to‘nini teskari kiyib olsa ajab emas. Bobak bilan bir yoqadan bosh chiqargudek bo‘lsa, o‘zingizga ma’lum, biz uchun ancha xatarli ish bo‘ladi. Menimcha, uni aldashimiz, «sen davlatimiz uchun eng ishonchli kishisan», deb ishontirishimiz, istaganicha pul-mol berib, o‘zini va askarlarini sotib olishimiz va Armanistondagi o‘sha majusiyga qarshi urushga solishimiz kerak. Yengib chiqsa, Bobakdan qutulgan bo‘lamiz. Shundan keyin Afshinning xoinligi xalifaga ochiq-oydin ayon bo‘lsa, jazosini berish hech gap emas. Chunki u yakkalanib, suyanchig‘i qolmagan bo‘ladi. Agar uning bizga chin ko‘ngildan xizmat qilayotgani aniqlansa, u vaqtda tegishli hurmat ko‘raveradi.
     Qozining so‘zini eshitgach, Zirg‘om uning fikri oqilona fikr ekanligiga ishonch hosil qildi. Zirg‘omning o‘ziga qolsa, u bunday hukm chiqara olmasdi, chunki u qahramon bo‘lsa ham, bunday nozik fikrlay olmasdi. Bir kishi ayni vaqtda ham qahramon, ham o‘tkir fikrli bo‘lishi juda kam uchraydi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  07 Oktyabr 2007, 11:26:17

— Qozi, bu eronlik yoki ushrusanalikning kuchiga ortiqcha baho beryapti, undan qo‘rqyapti. Askarlarimiz ichida ulug‘ sarkardalar borligini bu kishi unutganga o‘xshaydi. Ularning har biri o‘z kishilari va qurol-yarog‘i bilan davlatimizni himoya qilishga qodir.
— Xalifamiz rost aytyaptilar. Chindan ham farmonlarida Ashnos, Itox, Bag‘o, Sumo va boshqa bahodirlar bor. Lekin ular oddiy xalqdan chiqqan, ularning birortasi ham askarlar ichida Afshindek nufuzga ega emas. U o‘zining behisob xalqi orasida qancha hokimiyatga ega ekanligini hozir eshitib turibmiz. Agar biz uni xafa qilsak, yuqorida zikr etgan kishilarimiz uning o‘rnini bosishga ojizlik qilib qolar. Bobakning qarshi chiqishi o‘rtaga suqilmasa, biz na Afshinning, na boshqalarning kuch-qudratini pisand etmagan bo‘lardik. Siz xalifam, shijoatli va tadbirkor kishisiz. Tangri sizni xalifalik bilan siylaydi. Binobarin, hiylakorlik yoki sabrpeshalikka yurmaysiz. Ammo hadisda: «Urush hiylakorlik — makrdan iboratdir», deyilgan. Mening ra’yim shu. Yana hamma ish o‘z ixtiyoringizda. Hamma a’yonlar qatori men ham sizning irodangizga bo‘ysunaman. Sizga itoat etish yo‘lida qonimizni ham, jonimizni ham ayamaymiz.

Qayd etilgan