Uhud g‘azoti
Kofirlar Badr jangida mag‘lub bo‘lib, Makkaga qaytdilar. Bir oy azadorlik qilib, keyin qasos olish niyatida jangga tayyorgarlik ko‘ra boshladilar. Keyingi yilda uch ming lashkar bilan Madinaga qarab yul oldilar. Hazrati Payg‘ambar kofirlarning lashkarlari kelganini eshitib, ashoblarining mo‘‘tabarlarini yig‘ib mashvarat o‘tkazdilar va dushmanlarning lashkari ko‘p ekan, agar biz shahar darvozalarini berkitib, ichkaridan jang qilsak yaxshi bo‘lar, dedilar. Ashoblarining g‘ayratli yoshlari bu maslahatga quloq osmay, shahardan tashqariga chiqib dushman bilan yuzma-yuz jang kilamiz, dedilar. Hazrat ularning tashqariga chiqib jang qilish tarafdorlari ekanliklarini ko‘rdilar va hech narsa demay yetti yuz nafar musulmonlar bilan shahar tashqarisiga chiqdilar. Madina shahri tashqarisidagi Uhud tog‘ining tagida dushman bilan yuzma-yuz keldilar. Islom lashkarining chap tomonida bir dara bo‘lib, Hazrat ellik nafar o‘qchilarni ajratib, sizlar shu joyda turinglar, aslo boshqa joyga ko‘chmanglar, agar dushman bu yerga kelib hujum qilsa, ishimiz mushkullashadi, dedilar. Jang boshlandi, musulmonlar hujum qildilar, kofirlar chekina bordilar, lekin boyagi ellik nafar o‘qchi Hazratning farmonini yoddan chiqarib, kofirlarning har yerda qolgan molini o‘lja olish uchun daradan keldi. Bir qancha dushman askarlari bu fursatni g‘animat bilib, ana shu darani egallab oldilar va shu yerdan Islom lashkariga hujum qildilar. Musulmonlar mag‘lub bo‘ldilar, yetmish nafar musulmon shahid bo‘lib, Payg‘ambarimizning amakilari hazrati Hamza ham shu qatorda edilar. Hazratning ham bu jangda tishlari sinib, aziyat cheqdilar. Garchi kofirlarning qo‘llari bu jangda baland kelgan esa-da, musulmonlarning yana kuch to‘plab hujum qilib qolishlaridan qo‘rqib chekindilar.