Ey Quraysh xalqi, men sizlarga tilakdoshdirman. Muhammad so‘ragan ishini beraylik, mundoq kishilarga urush ochmoqdan saqlanaylik, chunki bu urushda yengilib qolishdan qo‘rqadurman, — dedi.
Muning so‘zini Quraysh qavmi dag‘i qabul qilmay:
— «Muhammad bu yilcha qaytsin, kelasi yil kelur ersa, ani to‘smag‘aymiz», dedilar.
Urva ko‘rdikim, aning so‘zi qabul bo‘lmadi. Shundan ko‘ngli olinib, o‘ziga qarashlik bir necha kishilarni olib, Toyifga qaytdi. Bulardin xabar bo‘lmagach, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Xuzo’a qabilasining raislaridan Xarrosh ibn Umayya degan kishini yana yubordilar. Bu kishini Rasululloh o‘z tuyalariga mindirdilar. Quraysh oldiga borgach, elchilik xizmatini ado qilib, Rasululloh so‘zlarini alarga yetkurdi. Uning so‘zini ham qabul qilmadilar. Balki Abu Jahl o‘g‘li Ikrima g‘azab bilan o‘rnidan turib, elchi minib kelgan Rasululloh tuyalarini oyog‘iga qilich urdi, elchini ham o‘ldirishga qasd qilgan edilar. Ahobish qabilasi, elchi o‘ldirish yana odat bo‘lib qolgay, deb alarni qaytardilar.
Elchi o‘limdan qutilib Rasululloh oldilariga keldi, ko‘rgan-bilganlarini gapirib berdi. Muning so‘zini anglagach, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Hazrati Umarni yana yubormoqchi bo‘ldilar. Anda Hazrati Umar:
— Yo Rasululloh, agar men borur bo‘lsam, ular meni o‘ldirmaqqa qasd qilgaylar. U chog‘da meni himoya qilgudek qavmu qarindoshlarimdan Makka shahri ichida hech kim yo‘qdir. Quraysh xalqiga menim qo‘limdan, tilimdan ziyon yetganligini ular yaxshi bilurlar. Shuning uchun menga ko‘zlari tushishi bilan jonimga qasd qilishlari shubhasizdir. Mendan ko‘ra bu xizmatga Hazrati Usmonni yuborur bo‘lsangiz, balki yaxshiroq bo‘lur, chunki aning tuqqanlari Bani Umayya Makka shahrida ko‘pdurlar. Agar dushmanlar tomonidan biror turlik ko‘ngilsiz ish bo‘lishi sezilar ekan, u yerdagi qarindoshlari uni himoya qilgaylar, yo Rasulalloh, — dedi.