Umar Hayyom, o‘z "œMen"ligidan kechish inson uchun nihoyatda murakkab jarayon va bu narsa ruhiy erkinlikni yo‘qotishga ham olib kelishi mumkin, deb hisoblaydi. Bu esa, o‘z navbatida, insonni boshqalarning aksi, nusxasiga aylantirib qo‘yishi mumkin. Umar Hayyomning bu fikri olmon faylasufi Fridrix Nitshening inson komillikka o‘zining ruhiy erkinligidan, "œMen"ligidan va irodasidan voz kechmasdan o‘tishi kerak, degan fikriga hamohangdir.
Shunday qilib, Umar Hayyom fikricha, ruhiy muhabbatga ega bo‘lib inson moddiy olamning barcha go‘zalligiyu his-tuyg‘ularidan voz kechmaydi. His-tuyg‘ular, masalan, mayga va go‘zal ma’shuqaga bo‘lgan hissiyotlar ruhiy muhabbatning bir ko‘rinishi, shakli deb hisoblanadi. Umar Hayyom she’riyatida ruhiy muhabbat eng kuchli hayotiy bir quvvatdir. Inson hayoti qisqa, lekin o‘lim inson tanasidagi ruhni yenga olmaydi. Hatto, tana ham izchil hayotdan yo‘qolmaydi. U tuproqdan o‘simlikka, o‘simlikdan toshga, suvga, havoga aylanadi. Moddiy tana materiyaning aylanma harakatida tinimsiz ishtirok etadi. Ruh esa tananing o‘limidan keyin olamiy ruhga qo‘shilib ketadi. O‘lim — bu yo‘q bo‘lib ketish emas, balki bir shakldan boshqa bir shaklga o‘tishdir.