Baxil Pahlavon
Har kuni maktabdan qaytayotib, bolalar Pahlavonning bog'iga kirib o'ynashardi. Kattakon bog' juda chiroyli edi, maysalar yam-yashil, yumshoq. Maysalar ichidan u yer-bu yerda xuddi yulduzlardek go'zal gullarning g'unchalari chiqib turardi. Bog'da o'sadigan o'n ikkita shaftoli har bahorda nafis pushti gullar bilan qoplanar, kuzda esa shirin-sharbat meva berardi. Daraxtlarning shoxlarida qushlar sayrashadi. Ular biram chiroyli sayrashadiki, bolalar o'yinlarini qo'yib, ularning qo'shig'ini tinglaydi.
— Biram rohatki bu yerda! — deb bolalar bir-birlariga mamnun xitob qilishadi.
Biroq kunlardan birida Pahlavon uyiga qaytib keldi. U boshqa shaharda istiqomat qiladigan Odamxo'r Pahlavon oshnasinikiga mehmonga borib, unikida yetti yil qolib ketgandi. Yetti yil mobaynida u oshnasi bilan ko'nglida bor gapini gaplashib tamom qildi, nega desangiz unchalik ezma emas edi-da. Shunday qilib, yetti yil o'tgach, u o'z qasriga qaytishga jazm qildi. Qaytib kelgach esa bog'da o'ynab yurgan bolalarni ko'rib, jon-poni chiqib ketdi.
— Bu yerda nima qilib yuribsizlar? — deb baqirdi Pahlavon darg'azab bo'lib. Buni eshitib bolalar tum-taraqay qochib ketishdi.
— Bu — mening bog'im, — dedi Pahlavon, — har kim ham shuni bilib qo'ysinki, men o'zimdan boshqa hech kimning bu yerda o'ynashiga yo'l qo'ymayman.
Shunday deb u bog'ining atrofini baland devor bilan o'rab oldi va unga kattakon e'lon osib qo'ydi:
KIRISH QAT'IYAN TAQIQLANADI.
QOIDANI BUZGANLAR JAZOLANADI.
Pahlavon deganlari uchchiga chiqqan xudbin edi.
Endi sho'rlik bolalarning o'ynaydigan joyi qolmadi, ular yo'l ustida o'ynamoqchi bo'lishdi. Biroq u yerda o'tkir qirrali chaqir toshlar ko'p ekan. Jinday yugursang, hamma yoq chang-to'zon bo'lib ketadi, Xullas, ko'chada o'ynash bolalarga sira ma'qul bo'lmadi. Endi ular maktabdan keyin baland devor atrofida tentirab yuradigan boiib qolishdi. Ular devor ortidagi go'zal bog'ni tez-tez eslab turishardi.
— Bog'da xo'p mazza qilardik-da, — deyishardi ular bir-birlariga.
Keyin Bahor keldi. Hamma joyda daraxtlarning novdalarida kichkina kurtaklar paydo bo'ldi. Kichkina qushchalar quvnoq kuylarini kuylay boshlashdi. Faqat xudbin Pahlavonning bog'idagina hamon Qish hukmronlik qilardi. Bu yerda qushlar qo'shiqlarini aytib sayrashni istamas edilar, chunki bog'da bolalar yo'q edi. Daraxtlar ham gullash fursati kelganini uniitib yuborganday edilar. Bir gal maysalar orasidan suluvgina bir gul bosh chiqarib, atrofga qaradi. Qaradi-yu, e'lonni ko'rib, bola¬larga juda achinib ketdi. Keyin shu daqiqaning o'zida qaytib yerga kirib ketdi-da, u yerda uxlab qoldi. Bog'dagi ahvol faqat Qor bilan Sovuqqagina juda ma'qul keldi.
— Bu boqqa kelish Bahorning esidan chiqib qolipti, — deya xitob qilishdi ular. — Endi bu yerda yil bo'yi o'zimiz hukmron¬lik qilamiz.
Qor maysalar ustiga oppoq qalin ko'rpasini yopdi. Sovuq esa daraxtlarning hammasiga kumush bo'yog'ini surib chiqdi. Shundan keyin Qor bilan Sovuq huzurlariga Shimol Shamolini mehmonga chaqirishdi. Shimol Shamoli darrov yetib keldi. U boshdan-oyoq mo'ynaga burkanib olgan edi: Kun bo'yi daraxtlar orasida quturib izg'ib yurdi va uy ichidagi pechkaning mo'risida chiyillab-uvilladi.
— Juda ham ajoyib joy ekan! — dedi Shimol Shamoli. — Biz Do'lni mehmonga chaqirmog'imiz kerak. — Shundan keyin Do'l ham yetib keldi. U har kuni soatlab qasrning tomini taraklata boshladi, nihoyat, butun tomni teshib, ilma-teshik qilib yubordi,
so'ng bor kuchi bilan bog' ustiga yopirilib, daraxtlarni ship-shiydon qilishga kirishdi. Uning ustidagi kiyimi tussiz edi, nafasi esa muzdan battar sovuq edi.
— Bilmadim, Bahor nima uchun kechikdi ekan? Allaqachon uning keladigan vaqti bo'lgan, — dedi xudbin Pahlavon deraza oldida o'tirib, o'zining oppoq sovuq bog'ini ko'zdan kechirar ekan. — Ha demay ob-havo yurishib ketar...
Ammo, baribir, Bahor kelmadi. Yoz ham kelmadi. Kuz keldi. Kuz bilan birga har bir boqqa oltin mevalar keldi, ammo Kuz xudbin Pahlavonning bog'iga qayrilib ham qaramadi.
— U uchchiga chiqqan xudbin odam, — dedi Kuz. Shunday qilib, Pahlavonning bog'ida hamisha Qish hukmron bo'lib qolaverdi va daraxtlar orasida faqat Shimol Shamoli bilan, Qor-u Doi bilan Sovuqqina raqs tushib, aylanib, o'ynab yurishdi.
Kunlardan birida Pahlavon uyqudan uyg'onib ketdi-da, yotgan joyida juda nafis, juda chiroyli bir musiqani eshitdi. Bu musiqa uning quloqlariga shunaqa shirin tuyulib ketdiki: "Qasrimning yonidan podshoning mashshoqlari o'tib ketmayotganmikin?" — deb o'yladi u. Aslida bular mashshoqlar emas, kichkinagina bir chigirtka edi. Chigirtka uning derazasi tagida chirillab qo'shig'ini aytar edi. Pahlavon esa ko'pdan beri bog'ida qushlar sayrashini eshitmagani uchun, chigirtkaning chirillashini ham dunyodagi eng go'zal musiqa deb o'ylagan edi. Shu choq Do'l uning boshi uzra tomni takillatishdan to'xtadi. Shimol Shamoli ham o'zining uvlashlarini bas qildi, ochiq turgan derazadan esa odamga rohat baxsh etuvchi xushbo'y hidlar kirib kelaboshladi.
— Har holda, kechikib bo'lsa-da, Bahor kelganga o'xshaydi, — dedi Pahlavon va yotgan joyidan sapchib turib, derazadan boqqa qaradi.
Boqqa qarab nimani ko'rdi u?
Uning ko'z o'ngida butunlay boshqacha manzara namoyon bo'ldi. Bolalar devorning kichikroq tirqishidan boqqa kirib, daraxtlarga chiqib olishipti. Hamma daraxtlarda — bolalar. Pah¬lavon qaysi tomonga nazar tashlamasin, har bir daraxtning ustida bironta bola o'tirganini ko'rdi. Daraxtlar ham bolalarning qaytib kelishganidan juda xursand ko'rinardi. Xursandliklaridan chappar urib gullashipti. Daraxtlar bolalarning boshlari uzra novdalarini silkitib turishipti. Qushlar ham daraxtma-daraxt sakrab, xursandlikdan sho'x-sho'x sayrashyapti. Yashil maysalar orasidan gullar jilmayib qarab turishipti. Bu manzara juda go'zal va maftunkor edi. Faqat bog'ning bir burchidagina Qish dirillab turardi. Bu yer bog'ning eng xilvat joyi edi. Pahlavon u yerda kichkinagina bir bola turganini ko'rdi. Bolakay shunaqa kichik ediki, daraxtning butog'iga bo'yi yetmasdi. Shuning uchun daraxt atrofida aylanib, alamidan xo'ng-xo'ng yigiardi. Sho'rlik daraxt ham uch-uchlarigacha hali qirov bilan qoplangan, butalaridan qor ketmagan edi. Daraxtning tepasida Shimol Shamoli uvillab charx urardi.
— Mening ustimga chiqib ol, bolakay! — dedi Daraxt butog'ini pastga egib. Lekin shunda ham bolaning bo'yi yetmadi — u juda kichkina edi.
Pahlavon derazaga qarab, yuragi yayrab ketdi.
— Men juda ham xudbin bo'lgan ekanman-da! — dedi u. Nima uchun Bahor mening bog'imga kelishni istamaganini endi bildim. Men bu bolakayni daraxtning tepasiga chiqarib qo'yaman-da, devorni buzib tashlayman. Shunda mening bog'im bir umr bolalar o'ynaydigan joy boiib qoladi.
U chindan ham qilib qo'ygan nojo'ya ishidan juda-juda pushaymon edi.
Pahlavon oyoq uchida ohista yurib, zinadan tushdi, qasrining dabdabali eshigini sekin ochib boqqa chiqdi. Biroq bolalar Pahlavonni ko'rishlari bilanoq juda qo'rqib ketishdi va tum-taraqay qochib qolishdi. Shu zahotiyoq boqqa Qish yana qaytib keldi. Faqat birgina mitti bolakay qochib ketmadi, chunki uning ko'zlari jiqqa yosh edi — u Pahlavonning kelganini ko'rgani ham yo'q. Pahlavon bolaning orqa tomonidan asta-asta keldi-da, ehtiyot bilan uni ko'tarib, daraxtning tepasiga chiqarib qo'ydi. Shu zahotiyoq daraxt gulga burkandi, uning ustiga qushlar uchib kelib qo'nishdi va shoxdan-shoxga sakrab quvnoq qo'shiqlarini boshlab yuborishdi. Kichkina bolakay esa Pahlavonning bo'ynidan quchib, o'pib oldi. Shunda boshqa bolalar ham Pahlavonning yomonligidan asar qolmaganini ko'rishib, yugurishib boqqa qaytib kirishdi, ular bilan birga esa Bahor ham qaytib keldi.
— Endi bu bog' sizlarniki, bolalar, — dedi Pahlavon va kattakon boltani olib, devorni buzib tashladi. Qishloq ahli peshinda bozorga ketayotib, bog' ichida bolalar bilan birga o'ynab yurgan Pahlavonni ko'rishdi. Bu bog' dunyodagi hamma bogiar ichida eng go'zali edi.
Bolalar bog'da kun bo'yi o'ynashdi, kechqurun esa ular Pahlavonning yoniga kelib, unga xayrli tun tilashdi.
— Kichkina o'rtog'inglar ko'rinmaydi? — deb so'radi Pah¬lavon. — Men daraxtga chiqarib qo'ygan bolakay bor edi-ku — qani o'sha? — Bolakay Pahlavonga juda ham ma'qul tushib qol¬gan edi, negaki u Pahlavonning yuzidan o'pgan edi-da!
— Bilmay qoldik, — deb javob berishdi bolalar. — Biror yoqqa ketganga o'xshaydi.
— Unga, albatta, aytib qo'yinglar, ertaga bu yerga kelish esidan chiqib qolmasin, — dedi Pahlavon.
Biroq bolalar chuvillashib, bu bolaning qaerda turishini bilmaymiz, chunki uni avvallari biron marta ham ko'rgan emasmiz deb javob berishdi. Buni eshitib, Pahlavon qattiq xafa bo’ldi.
Har kuni bolalar maktabdan chiqib Pahlavonning oldiga kelib, u bilan o'ynar edilar. Ammo Pahlavonga yoqib qolgan kichkina bolakay boqqa boshqa biron marta ham kelmadi. Pah¬lavon endi hamma bolalarga mehribon-mushfiq bo’lib qolgan edi, lekin kichkina do'stini ko'p sog'inar va uni tez-tez eslab turardi.
— Biram uni ko'rgim kelyapti-ey! — derdi Pahlavon o'qtin-o'qtin.
Birin-ketin yillar o'tdi. Pahlavon ham qarib munkillab qoldi. U endi bog'da bolalar bilan o'ynolmay qolgan edi, faqat yumshoq o'rindiqda o'tirib ularning o'yinini kuzatar va bog'iga qarab to'ymasdi.
— Mening bog'imda chiroyli gullar ko'p,— derdi u. — Le¬kin dunyoda bolalardan ham chiroyliroq gullar bormikin?!
Bir kuni qish faslida Pahlavon uyqudan turib kiyinar ekan, derazaga qaradi. Endi u Qishni ko'rganda g'ashlanmay qo'ygandi, chunki u Bahor hozircha uyquda ekanini, gullar ham dam olishayotganini yaxshi bilardi.
To'satdan u ko'zlarini ishqalab, derazaga tikilib qoldi. Go'yo u derazaning narigi tomonida mo’jiza ko'rayotganday edi. Bog'da esa chindan ham mo’jiza ro'y berganday — uning nigohi qarshisida juda ajoyib manzara paydo boidi. Bog'ning eng xilvat joyida bir daraxt turar, u boshdan-oyoq oqqa chulg'angan edi. Uning shoxchalari sof oltindan bo’lib, ularda kumush mevalar osilib turar, daraxtning tagida esa o'sha Pahlavon yoqtirib qolgan bo¬lakay qarab turardi.
Pahlavon shodlikdan o'zini bilmay zinadan yugurib tushdi-da, boqqa otildi. Maysazor ustidan tez-tez odim otib, to'g'ri bolakayning oldiga bordi. Biroq u bolaning yoniga yaqin borishi bilanoq yuzi g'azabdan bo'zarib ketdi. U so'radi:
— Kim senga bu jarohatlarni yetkazdi?
Pahlavon bolakayning kaftlarida ikkita mixdan yetgan jarohatni, tovonlarida yana ikkita mix jarohatini ko'rgan edi.
— Kim senga bu jarohatlarni yetkazdi? — deb hayqirdi Pah¬lavon. — Ayt menga, men katta qilichimni olib, u nobakorni chopib tashlayman.
— Yo'q! — deb javob berdi bolakay. — Bu jarohatlar Muhabbatdan paydo bo'lgan.
— Ayt menga — sen kimsan o'zing? — deb so'radi Pahlavon. Beixtiyor uning vujudini allanechuk ehtirom chulg'adi va bolaning qarshisida tiz cho'kdi.
Bolakay esa Pahlavonga qarab jilmaydi-da, dedi:
— Bir kuni sen menga bog'ingda o'ynagani ruxsat berganding. Bugun men seni o'zimning bog'imga olib ketaman. Bu bog' — jannat deb ataladi.
Ertasi kuni bolalar boqqa kelishganda, Pahlavonning o'lib yotganini ko'rishdi. U boshdan-oyoq oqqa chulg'angan daraxt tagida yotar edi.