Inson hayotiga zarur hisoblangan ayrim narsalarning oz bo‘lishi fazilatdir. Masalan: ovqat bilan uyquning kami shu jumlaga kiradi. Odamlar azalu azaldan me’yorida ovqatlanish bilan kam uxlashni maqtab, ko‘p yeyish bilan ko‘p uxlashni ayblashgan. Ko‘p yeyish, ko‘p ichish ochko‘zlik, harislik, shahvatparastlik nishonasidir. Ko‘p yeyish va ko‘p uxlash bu dunyoda ham, u dunyoda ham zarar, koni ziyon, turli kasalliklarni keltirib chiqaradi, aqlni zaiflashtirib, xomush qilib qo‘yadi; oz yeyish esa qanoatning, nafsni jilovlay bilishning, shahvatni o‘ldirishning nishonasidir, badanni sog‘lomlashtirib, zehnni o‘tkirlashtiradi; ko‘p uxlash kishini lanj, zaif, xomush, yalqov qilib qo‘yadi, inson umrini zoe ketgizadi, diydasini qotiradi, g‘aflatda qoldirib, dilini o‘ldiradi. Payg‘ambar alayhis-salom oz yeb, kam uxlaganlar. Shu bois u kishi doim oz yeyishni targ‘ib etganlar: "Odam bolasi qorin degan rasvo idishni to‘ldirolgani yo‘q. To‘yish uchun bir necha luqma kifoya, Yeyish zarur bo‘lganda u oshqozonning uchdan birini ovqat uchun, uchdan birini suv uchun, uchdan birini nafsi uchun ajratib qo‘ysin", deganlar. Ko‘p yeyish bilan ko‘p ichish ko‘p uxlashga sabab bo‘ladi. Oisha raziyallohu anho: "Payg‘ambar alayhis-salomning qorni yolchib ovqatga to‘ygan emas. U kishi oilasidagilardan bo‘lakcha ovqat so‘ramas, berganni yeb, berganni ichardi", deydi. Payg‘ambar alayhis-salom: "Men suyanib o‘tirib ovqat yemayman", deganlar. Tabiiyki, kishi chordona qurib, bemalol suyanib o‘tirsa, ko‘proq ovqat yegisi kelishi turgan gap. Rasululloh esa qovushmasdan cho‘nqayib o‘tirganlaricha naridan-beri ovqatlanganlar. "Men bir qulman, ovqatni quldek o‘tirib yeyman", deganlar u zoti muborak. Rasululloh juda kam uxlaganlar, shunda ham: "Ikki ko‘zim uxlagani bilan qalbim sira uxlamaydi", deganlar.