So‘ng Munavvarxonimga qaradi:
— Bizning qizimiz gapga kirmayapti, so‘zimizni olmayapti, qo‘shnijon. Qizim bunchalik ochilma, shamollab qolasan desam, quloq solmaydi. Boshiga ro‘mol o‘ratolmayman. Ko‘ylagini tizzasidan baland kiyarmish. Moda bu yil shunaqamish. Shu yetmay turgandi o‘zi. Bu modasi qayoqdan chiqdi. Avvallar biz bunaqa moda-podani bilmasdik. Shundaymi, Munavvarxonim?!
Qiz "portladi":
— Siz onamga qaramang, quloq solmang, Munavvar xola. Eskilik sarkitlariga yopishib olganlar. Zamonga moslashaylik degan maqsad yo‘q. Qo‘llaridan kelsa, meni erli xotinlar, kampirlarday kiyintiradilar. Ro‘mol o‘rarmishman, tizzamdan bir qarich past libos kiyarmishman. Kinoga borish yo‘q. Yana bir qancha mantiqsiz ishlar. Hech bu ham yosh, aylansin, ko‘ngil ochsin, yoshlik zavqini totsin demaydilar.
So‘ng onasiga qaradi:
— Ona, nima bo‘ldi o‘zi sizga?! Uyda gapirasiz mayli, endi bu yerda nimaga tinmaysiz?! Uyning gapini tashqariga chiqarishdan ne foyda? Hamma kulmaydimi? Bunchalik mutaassib bo‘lish to‘g‘rimi? O’zingiz amal qilmaysiz, bizga xalal bermang, masxara bo‘lmaylik.
Amina xastaligini unutdi. Ona-bola hol so‘ragani emas, bahslashgani, gurunglashgani chiqqanday. Soriya xonim qizining gaplaridan ko‘ngli og‘ridi.
— To‘g‘ri aytasan qizim, hamma mendan kulmoqda. Qizini modaga o‘rgatdi, odobga o‘rgatmadi, axloqini unutdirdi, sotiladigan narsaning mazasi, hidini ko‘rsatganday qizining qo‘l-oyog‘ini ochib qo‘ydi, deb mendan kulishmoqda. Qarang qizimga, ochiq joylarini ko‘rib qo‘ying, shunga ko‘ra baho bering, deyayotganlar bu holga tushganim uchun kulsalar o‘rinli, qizim. Mening otam: «Xotinim, qizim nomusli bo‘lsin, hayo bilan yashasin, yo‘qsa o‘laman», deb dushman bilan urushdi, shu yo‘lda shahid bo‘ldi. Men uning vasiyatiga amal qilib, shu kungacha bir tola sochimni nomahramga ko‘rsatmadim. Faqat sen meni xor qilding, naslingga tortmading. Nima, soyangni sotasanmi, hammaga ko‘z-ko‘z qilasan?