Bu orada mo‘ysafidlar darvozaxonadan xo‘shlashib chiqib ulgurishdi. Biz kuzatishib chiqishimizni ham, joyimizda turaverishimizni ham bilmas edik. Ammo shu payt boyagi oqsoq tanishimiz qayoqdandir paydo bo‘lib:
— Qanu memonlar, marhamat qilusizlar, — deb ichkari qistab qoldi.
Shundagina men xayrlashuvchilar bilan bo‘lib, tabibni ko‘zdan qochirganimizni angladim. U tahorat yangilagani o‘tganmi, hech yerda ko‘rinmas edi. Bizni yolg‘iz derazali chog‘roq bir uyga boshlab kirishdi. U hujra bo‘lib hujra emas, yarmichasini kovshandoz egallagan, tepada esa sandal ham bor edi. Tanchaga vaqt-bemahal olov solib turilsa kerakki, ustiga yalangqavat bir narsa tashlab qo‘yilibdi. Eshikbon mulozim biz kirguncha qizil yo‘l-yo‘l dasturxon yozib, kattakon girdim patnis qo‘ydi. Ko‘rpachalar yig‘ib ulgurilmagan ekan, cho‘kib fotiha qildik. Devorning bir yog‘ini to‘q jigarrang gilam egallagan, bir yog‘idagi somon suvoqli tokchalarda qalin muqovali, jildli kitoblaru sopol ko‘zachalar va ham og‘zi tanobli jajji xaltachalar, zarqog‘ozga o‘ralgan bir narsalar ko‘rinardi. Choy kirib:
— Ichishup o‘tiruvsizlar-da, memonlar, — deya oqsoq tanishimiz chiqdi.
Mening ichim qurishib boryapti. Yana o‘zimga taskin beraman: «Men ignani ustida o‘tirganimni bular qayoqdan bilsin!» Hamrohim buni sezibmi, jilmaydi:
— Siqilmang, keldikmi, kutamiz. To‘ramning shunaqa odatlari bor: tahorat yangilamay bemor ko‘rmaydilar.
— Shunaqami?
— Qolavursa, Siz bilan men nima maqsadda kelganimizni kirganimizdayoq bilganlar, shunaqa odam, — dedi u kamiga.
— Yo‘g‘-e?!
— Xo‘p deyavering. Har soqqanda bir paqirdan sut beradigan sigirimiz bo‘lardi. Bir kun adam uni yetaklab chiqib ketib, shularga tashlab keptilar. Ular musofir, sog‘ib ichib turishsa, savob bo‘ladi, dedilar. Keyin, — u boyagidek beg‘ubor jilmaydi, — keyin bir kun ajabtovur gap topib keldilar. «Hoy, To‘xtaboy, bizga qanaqa sigir berdingiz? Sutini eplab bo‘lmayapti. Har soqqanda ikki chelakdan sut beryapti», dermishlar. Ana, taqsirimning karomatlari, — deb turib, tirsagimga turtib qo‘ydi.— Bu yog‘ini eshiting. Bir kun borsalar, to‘ram «Hoy, To‘xtaboy, siz sinchi odam, bizga bir sigir obermasangiz bo‘lmaydi, sutga o‘rganib qolgan ekanmiz», dermishlar. U sigir-chi, debdilar adam. «Ey, uni Usmon devona opketib qoldi: yoqtirib qopti. Mayli, jo‘jabirday jon. Bizga boshqasiyam bo‘lavuradi», dermishlar. Adam hay, deb bo-zorga tushib ketiptilar. Borsalar bir shopmo‘ylov odam gijinglagan otda yo‘llarini to‘sib turganmish. «Hov, boyvachcha, shu otni qanchaga olasiz?» der emish nuqul sag‘risiga shappalab. «Yo‘q, men sigirga tushgan odamman, otni nima qilaman», desalar, «Hay, unda bahosini chiqaring» der emish. Keyin dallol chaqirib baholatibdi-da, o‘sha yerdayoq birovga sotib, qo‘llariga otning pulini tutqazibdi. «Mang, boyvachcha, bu pul sigiringizning sutidan ham halol» der emish. Adam o‘sha pulga bozorning oldi sigirini olib chiqibdilar. Uning bitta aybi uch emchakli ekan. Keyin to‘ram taqsirnikiga borsalar, «Hoy, To‘xtaboy, bizga qanday hosiyatli sigir olib chiqqansiz? Sog‘sak nuqul qaymoq beryapti... Oling, tatib ko‘ring-a», dermishlar.