Yura-yura uch qavatli binoga yetdilar. Burgut to‘xtab, yon-atrofiga alangladi-da, chaqqonlik bilan o‘zini yo‘lakka urdi. Jahongir uning izidan uchinchi qavatga ko‘tarildi. Burgut charm qoplangan eshikni taqillatdi. Zum o‘tmay eshik qiya ochilib, go‘shtdor bashara ko‘rindi. Mehmon kim kelganini bilishga ulgurmay Burgut eshikni kuch bilan itarib ochib ichkari kirdi. Past bo‘yli, tepakal mezbon dahlizda haykalday qotdi.
— O‘rtoq Tozidullin, omonmisiz, mana, iltimosingizni yerda qoldirmay keldik. Andak kuttirib qo‘yganimiz uchun uzr. Badxatroq ekansiz, turar joyingizni topguncha picha vaqt o‘tdi. Ko‘p emas, u, oygina qidirdik uyingizni. Hamshahrim qamoqdan chiqib kelayotgan ekan, «Yur, dedim, qiyomatli oshnam bor, palovxonto‘rani damlab kutyapti», dedim. Palov tayyormi, o‘rtoq Tozidullin, kiraveraylikmi?
Burgut shunday deb unga yaqinlashdi. Tozidullin degani bir qadam tislanib tilga kirdi:
— Keligiz, keligiz, plov tayyor, — dedi u duduqlanib.
— Qani, hamshahar, tortinmang, kiravering. O‘rtoq Tozidullin o‘zimizning odam.
— Gazidullin, — deb o‘zini tanishtirdi mezbon.
Jahongir ichkari kirdi. Xona bir oz betartib edi. Gazidullin yo kecha mehmon kutgan, yo yeb-ichib yig‘ishtirishga erinib, idish-tovoqni to‘plab qo‘yavergan edi.
Burgut borib divanga o‘tirdi-da, oyoqlarini chalishtirib oldi.
— Hamshahar, keling, o‘tiring, — dedi Jahongirga, so‘ng mezbonga qaradi: — Tozidullin, kim aytadi sizni davlat odami deb, shu ham tirikchilikmi, odam turadimi bu uyda yo molmi? Tez yig‘ishtiring. Keyin qorin g‘amini yeng. Vaqtimiz ziq, tez bo‘ling.
Mezbon gavdasiga yarashmagan holda chaqqon harakat qilib dumaloq stol ustini birpasda tozaladi. So‘ng non, kolbasa, pishloq qo‘ydi.