Islomxonni o‘ylab yotgan paytida yelkasiga oq xalat tashlab olgan tanish yigitni ko‘rib, yuragi urishdan to‘xtab qolganday bo‘ldi. Boshini yostiqdan uzib, qaddini ko‘tarmoqchi edi, majoli yetmadi. Yigit — uning pushti kamari, o‘ttiz uch yil xayolida erkalab, avaylagani — salom berib, «bezovta bo‘lmang», deb yelkasidan ushladi. Jahongir beixtiyor uning qo‘liga kaftini qo‘ydi. Bu xayolidagi do‘mboq qo‘lcha emas... Ammo bu qo‘lning tafti yuragiga qayta jon berganday bo‘ldi. Salom-alikdan so‘ng ota-bola tildan qolganday bir-birlariga tikilishdi. Alamlar — shodliklar ham, dardlar — hasratlar ham, faryodlar — baxtiyorlik ham shu qarashlarda zohir edi. Jahongirning qarashida xijolatlik, yo‘q, xijolat emas, kechirilmas gunoh qilib qo‘ygan bandaning iztirobi bor edi: harholda jigarini, pushti kamarini musofirliklarda xor qilib qo‘ymay voyaga yetkazgan odamning o‘limiga sababchi bo‘ldi. Yo‘lchivoy uni shohid emas, balki qotil deb bilar, nafratlanar? «Nafratlanarmikin? — Jahongirning ko‘ngliga shu savol keldi. — Nafratlanganida yo‘qlab kelarmidi? Yo onasi yubordimi? Men qotil emasman, deb aytib qo‘yaymi?»
Jahongir bu gapni ayta olmadi. Og‘zini ochdi-yu, ovozi chiqmadi.
«Boshingizga tushgan savdolarni milisaxonada aytishdi. Bir boshga shunchalara kulfat yetar. Qotilni ko‘rgan bo‘lsangiz, ayting, bag‘rimizga qayting», Yo‘lchivoy shunday demoqchi edi, uydan chiqayotganidayoq shu gaplarni aytaman, deb qaror qilgan ham edi, ammo aytolmadi. Otasining mo‘ltillab turgan ko‘zlariga qarab gapirolmadi. Noqulay jimlikdan qutulish uchun xaltani ochib, kosani oldi.
— Ayam berib yubordilar, — dedi Yo‘lchivoy kosa ustidagi nonni olib.