Odamo, eshshakquvardin qo‘rqmagil,
Eshshak ermassen, alardin qo‘rqmagil.
To‘ldi to‘rtinchi falak nuringga, bas,
Hoshakalloh, maskaning oxur emas.
Aslida charx uzra, yulduz uzrasen,
Garchi bir kengash ili oxurdasen.
Miri oxur o‘zga, eshshak o‘zga, hay,
Barcha oxur ahli eshshak bo‘lmagay.
So‘ylading eshshakni shuncha, shartmidir,
Endi sen guldin, gulistondin gapir.
Yo anorlardin, turunju olmadin,
Dilrabolardin, sharobdin, ishvadin.
Mavjlari gavhar o‘shal dengizni ayt,
So‘zga lab ochsa magar, tengsizni ayt.
Yoki ul qushlarni ayt, gulchin erur,
Tuxmi zarrindir va yo siymin erur.
So‘yla lochinlarni, kakliklar bilan,
Gohi past parvoz eturlar, goh baland.
Necha narvonlar jahon ichra nihon,
Poya-poya yuksalur to - osmon.
Har guruhning narvoni o‘zgadir,
Har ravishning osmoni o‘zgadir...