Yo‘l yoqalarida adirlar bo‘ldi. Adirlar ot tuyoq tovushlari aks sadosini berdi.
Soyda tog‘ suvi toshdan-toshga urila-urila oqdi, ko‘piklana-ko‘piklana oqdi.
Osmono‘par tog‘ bag‘oyat ko‘rkam bo‘ldi, tarovatli bo‘ldi.
Otliq shu toqqa tikilib bordi, xayollanib bordi.
Sho‘ro kotibi qorovullikka olaman, dedi, Albatta, gap-so‘zsiz olmaydi. O‘zi, qolabersa, boshqalari so‘rab-surishtiradi. Nimaga qo‘ltig‘ingiz ostidagi ishni tashladingiz, ko‘p yillar yonma-yon ishlagan odamlarga qo‘l siltadingiz, demaydimi? Yo‘l olis bo‘lsa, yana tag‘in to‘qson so‘mlik qorovullik bo‘lsa, nimasiga orzumand bo‘lasiz, demaydimi? Olisdagi palovdan yaqindagi sho‘rva yaxshi demaydimi?
Shunda, nima deydi? Befarzand bo‘ldim, eldan tilim qisiq bo‘ldi, shu bois, eldan xolisroqda yurayin, deydimi? Minba’d! Indamay tura beradi. Baribir ishga oladi. O‘zi aytdi, sadqai suxaningiz, dedi...