Murod Mansur. Judolik diyori (2-kitob)  ( 203238 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24 25 ... 52 B


shoir  27 Sentyabr 2007, 14:40:19

4. ESHON BUVANING QARZ SALOMLARI
yoxud shafoat huquqi


Oyimlarga berib ketishgan xatcha chittak qanotidek kelib-kelmas, biz bolalikda yasab oladigan qog‘oz qushchalarimizga juda-juda o‘xshab ketardi. Faqat buning jindek dumchasi bor-u, tumshug‘i yo‘q.
Shunaqqib Yodgormurodni ana shunday semurg‘chaning belchasiga o‘tkazi-ib, uchiri-ib ketishibdi! Yana uni «bexavotirroq joyga ola ketdik» deb avraganlariga o‘laymi! (Endi u menga bir avrovdek tuyulmoqda edi. Aldanib qolganga o‘xshardim.) Obbo boyvachcha-ey, so‘ramasdan-istamasdan olib ketaveribdi-da? Darvoqe, kim deydi? To‘ra buva deydimi? O‘sha yuzlaridan nur yog‘ilib, chiroyli kuzalgan soqollariyu biroz qisiq, bodomqovoq ko‘zlari anavi rasmlardagi Navoiy bobomizgami, kimgadir juda o‘xshab ketadigan tabib... yuboribdimi? O‘sha borganimda, keldingizmi, belgi bergan sizning kennoyingizmidi, deb... tokchadan avvaldan tayyor-lab qo‘ygan dorularni olib bergan odam-a? Nahot o‘sha odam hamma narsadan voqif?..
Yoki kechagi ko‘ngil so‘rab borganlarida... kenno-yimning o‘zi iltimos qildimikan? Yodgormurodimdan ko‘nglim tinchmas, deb? Balki.
Xudoning qudratini qarangki, shu bir og‘iz so‘z kifoya etib, men tinchiy qolgan edim. Chindan ham To‘ra buva aralashgan bo‘lsalar, nimadan qo‘rqaman, xavotirlanaman?!
Faqat bir narsadan hayratdaman. U kishi kenno-yim yotgan joy — shifoxonani qanday topib bordi-yu, Yodgormurod biznikidaligini qaerdan bildi? Axir kennoyim bizning yangi joylarimizni bilmaydi-ku, aytdi desam? Balki bular ham hov o‘shandagidek, doru tayyorlab, birov kelishini kutib o‘tirganidek, o‘zi belgi beradimikan? Bolaning ustida, bu mushtipar oilaning tepasida aylangan qora xatarni ham shunday sezib... bularga qayishdimikan?
— Balki Hizr deganlari shudir?..
— Kim deding? — oyim mushtdek bo‘lib, tasbeh o‘girib, sano aytib o‘tirib edilar, yalt etib yuzimga qaradilar.
— Tabibni aytaman.
— Qaysi? — u kishi anglamay ko‘z pirpiratdilar, so‘ng kaftlarini o‘pib, salga yoshlanib kelaveradigan, ajinlar mijjalariga qadar siqib borgan ko‘zlariga bosib qo‘ydilar.
— Mahfuz kennoyimga qarayotgan odamni aytaman. Yodgorniyam o‘sha odam oldirib ketibdimish o‘z pano-higa.

Qayd etilgan


shoir  27 Sentyabr 2007, 14:40:29

— Heh, bolam-a, — dedilar oyim cho‘zib, so‘ng bosh chayqab, bilinar-bilinmas lablarini jiyirib qo‘ydilar. — Bandaning dasti qaerga yetardi?! Avvalo, Olloh o‘z panohiga olsin!
— Har qalay-da, oyi. O‘zi ham o‘sha yoqdan ekan. Bekorga...
— Qayoqdan-qayoqdan? O‘sha Mirzaxo‘jaboylar borib qo‘ngan tarafdan ekanmi?
Men daf’atan anglay olmadim.
— Mirzaxo‘jaboyingiz kim?..
— Esingdan chiqdimi? Kim bo‘lardi, o‘sha kelinimizning boy otasida, o‘g‘lim. O‘sha bir vaqtgi qoch-qoch, quv-quvlarda qayoqqa qochib, jon saqlabdi?!
— Ha-a... o‘sha ko‘chib borishgan yeri — Tangritog‘da ham bu yoqdagidek bir Olmazor bog‘ qilib, ungayam bir anhor suv opchiqqan, o‘rtasida hovuzu shiyponu supa-supachalar qurdirgan, shusiz bu yoqdagi joylarini unutolmagan odamni aytasizmi?
— O‘sha tabibing... boyni, bularni bilsa kerak- da!
— Bilsa kerakki, odam yuborib, Yodgorni opkettiribdi. Bo‘lmasa, unga nima edi qayg‘urib?..
Ammo oyim birdan mahzun tortib, qo‘llarining yuzini (o‘sha terisi bir kuyib tushib, qayta et bitgandayin quruqshab qorayib qolgan, tomirlari esa ko‘k ipakdayin ingichka tortgan qo‘llarini) silab qoldilar. Ichimga g‘ulg‘ula tushib, yuragim dukirlab keldi: «Nimani nazardan qochiribman? Oyim huda-behudaga tashvishga tushmasdilar-ku...» O‘zim esa yurak yutib so‘rolmasdim. (Urishib berishlaridan hayiqib turibman.)
— Akang tinchmikan, o‘zi? Hech bir xabar bo‘lmadi-ku, — dedilar xavotirlanib.
Men ichim sidirilib, bosh chayqadim.
— Bilsa, o‘sha Chaman akam biladi, u ham bir ketgancha... badar ketib boryapti. Nega unaqa deyapsiz, oyi?
— Mahfuz kennoyingni daragi chiqqanidan bir suyuniblar edim, Ollohning marhamati bilan o‘zi ham osmondan tushganday kirib kelib qoladimi, deb o‘tiruvdim. Manavi voqealar... yaxshilikdan darak bermayotganday-ku?
— Qaysi voqealar, oyi, — dedim zo‘rg‘a. Siz nimani nazarda tutyapsiz, demoqchiman-ku, aytolmasdim.

Qayd etilgan


shoir  27 Sentyabr 2007, 14:40:46

— Kennoyingning daragi chiqqanida bu tabibning paydo bo‘lib, anavi bolaning yo‘qolishi, Yodgorni oldirib ketishlari... — dedilar oyim nigohlarini uzmay, — hammasi allaqanday g‘alati-da, bolam.
Etlarim jimirlab ketdi. Lekin o‘zim sir boy bergim kelmasdi:
— Yo‘g‘-e, oyi, siz o‘ylaganchalikmas, hamma-hamma bilan shunaqa halim, taqvodor odam-a? Qo‘ying.
— Otasi unday bo‘b ketuvdi, bollari bunday to‘zimasa deyman-da.
Men esa fikrimdan qaytolmasdim:
— Qolaversa, u tabibni o‘zim izlab topib borganman, oyi, u bularnimas...
— Keyin-chi, keyin ham ko‘rgani yo‘qmi?
— Kimni? Kennoyimnimi? — dedim bo‘shashib.— Boribdi...
— Ana, aytdim-ku.
Men oyimning yuzlariga esim og‘ibroq tikildim:
— Bularda bir sir bor... deysizmi?
— Shahringda nima ko‘p, kelgindi ko‘p. Ayniqsa, o‘sha yoqdan kelganlar.
— Kelsa, hammasi qochib o‘tganlar, — dedim men.
Baribir, oyim bosh tebrab, qo‘shilmadilar:
— Ularning orasida qancha — eshitar qulog‘i, ay-g‘oqchisi boriykin? Ularam anoyimasdir?
Oyim shunga zingil tashlaganlariga hayron qolib, beixtiyor mehrim tovlandi. (Axir, bu hammasi kennoyim uchun-ku, shular ham bir xalovat topa qolsa edi, deb kuyinganlardan-ku, bo‘lmasa, u kishiga nima!):
— Siz haqsiz, oyi,— dedim chiniga ko‘chib,— lekin Yodgorni oldirib ketib yaxshi qilibdilar qaytaga.
— Shunday bo‘lsayam,— u kishi iltijo etgandek tikildilar,— oying o‘rgilsin, ehtiyot bo‘l, chuv tushirib ketishmasin tag‘in. Hammadan burun Olimdan hazir bo‘l.
Men har narsani kutsam ham, buni kutmagan edim:
— Siz... u hamma narsani biladi, deb o‘ylaysiz-mi?
U kishi boshlarini quyi solintirdilar:
— Bir narsa deb... Ollohning oldida gunohkor bo‘lib qolishdan qo‘rqaman-u, lekin, bolam, akangning boshida yana qora bulutlar o‘ralashib qolganga o‘xshaydi. U bekorga kelmagan. Eslasang, ilgariyam bir shunday bo‘lib edi.

Qayd etilgan


shoir  27 Sentyabr 2007, 14:41:01

Qarorgohga sallot tashlashgandagisi rost. Lekin endiyam uni o‘rtaga suqishyaptimi? O‘z ukasining qo‘li bilan nima qilishmoqchi? Ichimda shunday savollar charx urib yotibdi-yu, aytolmasdim:
— Endiyam deysizmi? — deya oldim zo‘rg‘a.
— Ishqilib men adashayotgan bo‘lay, bolam. Kimni hidoyatga boshlab, kimni zalolatga solib qo‘yganini yolg‘iz O‘zi bilmasa, bandasi nimani biladi!
— Nima qil, deysiz? — O‘zimni nochor-notavon, maslahatga muhtoj sezib ketdim.
— Ehtiyot bo‘l, bolam. Har kimni o‘zingga sirdosh tutaverma. Davlatni katta gazetida ishlaysan. Orqa-o‘ngingga qarab yur. Seniyam olib ketib qolishsa, men nima qila olaman?..
—Oyi, hov, oyi, nimalar deyapsiz? — Hech kutmaganimda oyim gap o‘zanini bu yoqqa burib, ko‘zyosh qilib qolishlaridan o‘zim g‘alati bo‘lib ketdim. — Hozir unaqa davrmas-ku, axir.
— Sen aytaverasan!.. Lekin bularning tuslanib-tovlanishiga, so‘zlariga ishonma. Yetimning boshini silashlariga, dushman izlamasliklariga ishonma! Hamma balolarni ko‘rgan men bilamanmi, sen bilasanmi bularni? Sen hali nimani ko‘ribsan? Ko‘rmaginam, kuymaginam, ilohim.
Oyim ro‘mollarining uchini mijjalariga bosa-bosa axiyri tinchidilaru yuzimga xijolat aralash qaradilar:
— Nima deydi? Yorildimi hech?
— Kim, oyi? — dedim dabdurustdan anglamay.
— Olim akang-da. Bekorga o‘ralashib yurmagandir orqangda, — keyin qo‘shib qo‘ydilar. — Bizga-ku, sir bermaydi. Lekin senga aytgandir.
— Aytdi, oyi, aytdi. Bir kishini topishvorish kerak ekan, — dedim yotig‘i bilan.
U kishi yalt etib qaradilar:
— Yana kimga qiziqib qopti?
— Anuv eski mijoziz bo‘lardi-ku, Ilhom sutchi. O‘shanga.
— Voy, o‘lmasam, u g‘irt tarkidunyo qilgan odam-ku. Uning nimasiga qiziqadi? — Oyim hayratlarini yashirolmay yuzlarini siypab qo‘ydilar. — Ayt, tinch qo‘ysin boyaqishni. O‘zining kuygani yetarli.

Qayd etilgan


shoir  27 Sentyabr 2007, 14:41:12

Mening savol xaltam ochilib ketgan edi:
— Nimadan, oyi?
— Birov tagiga yetolmaydigan tarix bu, bolam.
— Nima tufayli?
— Koshki bir og‘iz so‘z bilan tushuntirib bo‘lsa.
Oyim nimaningdir andeshasida bu tarixni ochgilari kelmas, men esam tagiga yetmagunimcha ko‘nglim joyiga tushmas edi:
— Yuzko‘rmas bo‘lib ketishganmi yo...
— Unday deb ham bo‘lmas...
— Bolalari bormish-ku, bizlar tengi. Shunday odamlar ham... — Men aytmaganlariga qo‘ymay ijikilay boshlagan edim.
— Ha, endi, bolam, taqdirning yozmishi-da. Kim undan qochib qutulibdi. Bular ham o‘sha imtihon tuzog‘iga tushganlardan,— dedilar oyim o‘zlaridan qochirib.
— Imtihon tuzog‘i?— Men endi hech narsaga tushunmay boshlagan edim.— Kim tufayli? Qachongi tarix?
— He-e, bolam-a, Olloh suygulik qilsa qilsin ekan-u, kuygulik qilmasin ekan hech kimni. Bularni tarixi shunaqaroq, — dedilar bir chekkasini ochib. Judayam qiziq edi, qaytarib so‘radim:
—Og‘zilariga biron so‘z olib qo‘yganmilar?
Oyim, shunga yaqinroq, degan kabi bosh silkidilar:
— Bo‘lmasa, o‘zi boyning qizini opqochib kelib, o‘qitib muallim qilib, nikohlab olgan. Shunaqa mulla odam. Ammo oraga urush tushib, bir kun qaytib kelsaki, oyday xotini ayol zotiga suyagi yo‘q mudirning qo‘liga ishga o‘tib qopti. Shu g‘ashlangancha... uyining ostonasigayam qadam bosmay ketdi.
Shunaqa rashkchi ekanmi? Yo biron gap eshitib, to‘nini teskari kiyibdimi? O‘zim ming xil o‘ylarga borib kelyapman-u, koshki oyimlardan so‘rolsam...
— U odamga ham bir og‘iz bir narsa demabdimi?— deya oldim axiyri.
Oyim bosh chayqadilar:
— Nima degan, nima qo‘ygan — bilmadim. Lekin shu voqeadan yarim yil o‘tib, o‘sha odam qamalib ketdi. O‘z oyog‘idan yitdimi, u qamatdimi — yolg‘iz Olloh biladi.
— Shundan keyinam qaytmadimi?

Qayd etilgan


shoir  27 Sentyabr 2007, 14:41:28

— Qayoqda. Qancha odamlar o‘rtaga tushdi. Xotiniyam xiyonat qilmagan ekan... Lekin u so‘zidan qaytmadi. Boshqa uylanmadiyam, ro‘yxush ham bermadi. Shaharda katta idorada ishlarkan, u yerdan ham ketib, bizning shu Cho‘lponotaga kelib qoldi.
— Odamoviligi shundan ekan-da?
— Bir chekkasi shundan bo‘lsa, bir chekkasi ishidan ham etak silkib ketganga o‘xshaydi. Omad shuna- qa — bebaqo, bolam, u yuz o‘girsa, har aqllilar devonaga aylanib, u kulsa, har adashganlar hidoyatga tushib qoladi. Bu odam serzardaroq ko‘ringani bilan o‘zi halim. Faqat har kim bilan iqi suyib gaplashavermaydi.
Oyim aytganlaricha bor edi. Ayniqsa, qora sovuq tushgan qish kunlari eski movut ko‘ylak-shimiyu nag‘alli etigi ustidan uzu-un jun chakmonni ilib, namat telpakni bostirib olsa, deng, juda tund ko‘rinardi. Qo‘liga bitta nagan yetishmasdi. U bo‘lsa bir gala sutdan bo‘shagan bonkalarini obkashiga qo‘shib orqalagancha bozordan qaytar, atrofiga qarab qo‘ymasdi. Ba’zan Soli pismiqning gapida ham jon bormi, deb o‘ylab qolardim. Anvar kennoyim (Solining oyisi) topgan uzun-quloq gaplarga qaraganda bu odamning oldiga, o‘sha birovning tashqisida turadigan joyiga manman degan o‘g‘rilar ham yurak yutib kirolmasmish. Boshiga naganini qo‘yib yotarmish. Anvar kennoyi bu gapni qaerdan olgan, naganni qaerdan ko‘ra qopti — hech kim bilmaydi. Lekin necha yilki, shu duv-duv gap to‘xtamaydi-tinmaydi. U ham birontasining peshonasidan darcha ochib qo‘yganini hech kim ko‘rgani ham, eshitgani ham yo‘q. Ammo u o‘tib ketguncha hammamiz hayiqib turganimiz-turgan edi.
Mana endi Olim akam shu odamni surishtirib-so‘roqlab yuripti. «Bu buz-buz, ko‘ch-ko‘chlarda qayoqqa jildiykan, surishtirib ko‘rsang, o‘tib kelardik», deydi. O‘zi uni qaerdan biladi, bizning tomonlarga kelib qolganining daragini qaerdan eshitgan — aytib o‘tirmadi. O‘zi shaxsan tanimagan (balki tanir) odamni orqavarotdan surishtirib, qidirib yurishi qiziq. Men uni topib berishga ham, bermaslikka ham hayron edim. Axiyri o‘ylab-o‘ylab oyimlarga maslahat solishga majbur bo‘ldim.
— Balki shu ko‘ch-ko‘ch bahonasida bolalari... endi qayoqqa ham borasiz, deb... olib ketishgandir? Ular asli Ko‘tarmadanmidi? — dedim.
— Sutchimi, qaytsa o‘sha boshidayoq qaytardi. U tuflagan tufugini qaytarib oladiganlardanmas. Undan ko‘ra haliyam bo‘lsa guzardan surishtir, — dedilar oyim.
— Yaxshi, lekin boshlab borib uyalib qolmasmikanman? — dedim oyog‘im tortmayotganini sezdirib.

Qayd etilgan


shoir  27 Sentyabr 2007, 14:41:41

— Nima ishi borakan o‘zi? Aytdimi?
— Bir uchini chiqarganday bo‘ldi.
— Nima deydi?
— Otam rahmatlining qarz salomlari bor, deydi.
Oyim bu gapdan eslari og‘ib, aftimga tikildilar:
— Nima, nima?!. Kimning gapini gapiryapsan?
— O‘zining gapi... Shu odamga qarz salomlari bor, yetkazishim kerak, deydi.
— O‘ylab gapiryapsanmi? Eshon pochchani olib ketishganiga qancha bo‘lyapti?! U kishi tengilar ko‘karib chiqdi-ku...
— Men bilmasam, oyi. O‘shoqdan keldim, qo‘limda jon berdilar, deydi.
— O‘shog‘i — qayoq... ekan? — dedilar oyim hamon o‘zlariga kelolmay.
— Tangritog‘dan... topdim, deydi.
— Yo qodir Olloh! Hayot ekanlarmi?!
— Daraklarini eshitib, topib borganmish. O‘zi qo‘li bilan yerga qo‘yganmish.
— Subhanalloh! Oxirgi damlarini ko‘rib qolish unga buyurgan ekanmi? — deb oyim azza-bazza ko‘zlariga yosh oldilar. — Eshon pochchani-ya? Qancha vaqt, qancha suvlar oqib o‘tib-a? Tumanli yurtmi — allaqayoqqa olib ketgan deyishardi-ku. Bu yoqda ekanlarmi? Ollohim hifzu himoyasiga olib, rizq-ro‘zlarini shu yoqqa sochgan ekanmi, tavba?
Oyimlarga qo‘shilib, men ham g‘alati bo‘lib ketdim; tavba, biz bu yoqda ne xayollarga borib yuribmiz: tumanli yurtlarga surgun qilingan bo‘lsalar, go‘rlari qaerlarda qoldi ekan, shunday odam kafansiz ketdilarmikan, deb o‘tiribmiz-ku! U kishi esa, mana, qaerda ekanlar! Yana u odamni tirik ko‘rish, duolarini olib qolish — kelib-kelib kimga nasib etibdi!
Voh, kim bu xonadonni to‘zitganlar bilan kelisholmay, qaerlarda sarson-sargardon yuribdi, hatto yurtiga sig‘may — bosh olib ketdi, unga yo‘liqmay shu Olim akamga yo‘liqibdilarmi? U kishini ko‘rib, duolarini olib qolish shunga nasib etibdimi? Bunda qanday siru sinoat, hikmat bor ekan, anglab yetolmasdim. Axir, Sultonmurod akam ham o‘sha Tangritog‘ tomonlarda edi-ku?! Qolaversa, u kishi u diyorga qanday borib qolibdilar? Nima bu, taqdirning karamimi yo Ollohning inoyati? Oyimlar aytmoqchi, Olloh xohlasa, bandasini chohlardan ham tortib olib, adashgan farzandi-zurriyodiga ro‘baro‘ qilishga ham qodirmi?!

Qayd etilgan


shoir  27 Sentyabr 2007, 14:41:49

Oyim shunday xabarlar topib kelganimdan bir yerga yetib, yuz-ko‘zlarimga mamnun-mamnun tikilar ekanlar, yana allaqancha narsalarni so‘ramoqqa shaylanib-shaylanib ham qo‘yar edilar. Nihoyat, bir kalima Qur’on tilovat etib, savobini bag‘ishlagach:
— Aytmoqchi, u kishi sutchini qaerdan tanirkanlar? — deb qoldilar.
— Kim? — dedim men anglab-anglamay.
— Eshon pochchani aytaman-da. Hamonki, qarz salomlari bo‘lsa?..
Chindan g‘alati edi: eshon pochcha qayoqdalaru hukumatning ishongan idoralarida xizmat qila-qila bu dunyo xoyu havaslaridan etak silkigan sutchi qayoqda!
—Bilmasam, oyi. So‘ramabman, qarang-a,— deya oldim.
— So‘rashing kerak edi, bolam. Eshon pochchaday Olloh aziz qilgan odam har kimga ham duoi salom yo‘llamasalar kerak. U kishining nazarlari tushibdimi, shundan bilaver. Topishib yuborsang, savobga qolasan.
Oyim shunaqalar. O‘tganlarga daxldor ish chiqsa, tamom, mahkam ushlab oladilar. Olloh rozi bo‘ladigan ish ekan, orqasidan qolma, deb turib oladilar. Ado etilmaguncha so‘rayverib, surishtiraverib, kishini hol-joniga qo‘ymaydilar.
Hozir ham ra’ylariga qarab:
— Xo‘p, bugunoq o‘tib, surishtirib kelaman, — dedim-u, lekin yuragimning bir chekkasidagi g‘ashlikdan hech qutula olmasdim. Qulog‘im ostida ko‘zga ko‘rinmas bir mahluq hadeb visirlar edi:
«Hamma qolib, shu dog‘uliga ishondingmi? Olimga-ya?» «Xonumoningni kuydiradi-ku, bu seni Ilhom sutchingga qo‘shib!..»

Qayd etilgan


shoir  27 Sentyabr 2007, 14:42:45

5. YURTDAN MUJDAYU SUYUNCHILUG‘
yana o‘sha hikoyachiga qorong‘u, muallifga ayon safar tarixidan


U qa’daga o‘tirib, endi payg‘ambar alayhissalom haqlariga salovat boshlab edi, hovlida qachondan beri chertak o‘ynab, xalinchak uchayotgan qizaloqlar gurra chopishib qoldilar:
— Voy, opoqbuvamla...
— Chopdik-uchdik, eshontamla!
— Guzardan keluttila...
— Namozdan keluttila...
Hojining daragidan kap-katta odam Xudoyberdi ham shoshib, ikki yoniga salom berib, namozni yakunlay qoldi. Bu vaqt noz-ne’matlarga to‘la dasturxon ham bir chetda qolib, lo‘labolishni tirsagi tagiga tortgancha asta yonboshlagan Aka pochcha — shunday alp odam ham uyqu elitib mishillay boshlagan edi. Tog‘u tosh oshib, duch kelgan yerda tunab kelaturgan safar kishilari uchun boy otanikidagi bu e’tiboru bu mulozamatlar... ularni elitmay kimni elitsin...
U bir tabiatli, islimiy gullar solinib, oq ipakdan suvlar yurgizilgan, ustiga ustak allaqanday iforlar gurkirab turgan joynamozni tokchalar o‘rtasidagi qoziqqa ilib, sherigini shoshirdi:
— Hoy, aka pochcha, turing, tura qoling, Hoji buva keliptilar...
— Nima, kim? — Aka pochcha azbaroyi cho‘chib tushganidan boshini sirlangan devorga urib oldi. Ko‘zi moshdek ochilib, norozilandi: — Vahmangni qara-yu...
— O‘zingiz ham, — dedi beshikchi, qistab kelaturgan kulgusini bosib, — cho‘kdim deguncha boshiz og‘ib ketovurmasin-da. Mehmon degan nomiz bor.
— Chittakdek odam o‘zingga teng qildingmi? — Aka pochcha ijirg‘anib o‘rnidan qo‘zg‘oldi. — Tag‘in qiyomatli o‘rtoqmish bu.
— Biz bilan yurib hali duoni kattasiga sherik bo‘lganizda bilasiz. Hali Hoji ota bilsinlar.
— Hammasidan bir chimdim uyqu o‘taversin, — deya to‘ng‘illab, usti yopiq xanik chetida yarqirab turgan oftoba bilan turnadek bo‘yni cho‘ziq obdasta tomon o‘taverdi u.
Beshikchi kuldi:
— To‘nu sovg‘a-salomlardan ham-a? Yelkangizga tashlashganda yoqib qolar?
Beshikchi o‘ziga qaytib keladigan gapni sezmay qolgan edi. Aka pochcha miyig‘ida kuldi:
— Saritoyni cholga nevarasi o‘rnida o‘tkazib-a? To‘n teshib chiqmasin.

Qayd etilgan


shoir  27 Sentyabr 2007, 14:42:57

Bu gapdan beshikchining boshi aylanib, etlari jimirlayozdi:
— Olloh asrasin! Kim bu niyatda keptiyu shunday bo‘ladi, deb o‘ylabdi? Siz meni kim deb o‘ylayapsiz, aka pochcha?
— Uzr-uzr, unday demoqchimasdim, o‘zingga olmaysan. — U cho‘nqayib, yuzini chaya boshladi. Ulkan odamning yuzidan ortgan suv oftobaning do‘ngalakchasini o‘pib tushib, ichiga jildirab yo‘qolar ekan, u oshnasining ko‘nglini oladigan bir so‘z qidirinar edi. Nihoyat, belbog‘iga artinib turib edi, o‘sha so‘z ham tiliga kela qoldi:
— Shu bilan qiyomat qarzdan qutulsang — biz xursand, oshna. Sovg‘a-salomsiz ham odamni kuni o‘taveradi.
— Ha, bu boshqa gap, aka pochcha, endi o‘zizga keldiz..
Bu orada nashvatilari moyguldayin ochilib, asalarilarga «vatan bo‘lib» ulgurgan hovlida boyagi qizaloqlarning quvalashib chopishgani, rahmat aytib bir yerga yetganlari — sakrab quvnaganlari eshitildi. Ular Eshon otadan nasibalarini olib qaytmoqda edilar. Keyin qay biri chug‘urlab, u kishidan suyunchi ola boshladi:
— Voy, Eshonta, me’mon boluni ko‘rmabsizu...
— Qani-qani? Qanday bola?
Boy otaning alanglab, kamzullari hamyonini kavlashtirib nevaralari ichidan saritoyni izlaganini tasavvur etib, beshikchi beixtiyor jilmaydi. So‘ng o‘zi ham u kishining istiqbollariga chiqarkan, sherigini shoshirdi:
— Bo‘la qoling, aka pochcha, u kishini tavof etgali chiqqaymiz.
U hovliga tushib borganda cho‘qqi soqolidan nur yog‘ilib, ko‘zlari hamisha yoshlanib turganday, ammo su-yib-suyib tikilguvchi o‘sha jikkak chol yo‘l-yo‘l banoras to‘nining poylari yerni o‘pgancha cho‘nqayib, me’mon bola — kemshiktoyning peshonasidan o‘pib turar edi.
Boya chittigul o‘ynab, halinchak uchayotgan, qirq kokillari yetmaganday, tolchovkandan sochpopuklar taqqan qizaloqlar biri olib, biri qo‘yib, buvalariga tushuntirish berishar edi.
— Buva, buva, ular dovon oshub kelishiptu...
— Uzoqdan kelishiptu... Toshkan degan joydan kelishiptu.

Qayd etilgan