Tohir Malik. Murdalar gapirmaydilar (qissa)  ( 190670 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 ... 34 B


shoir  02 Sentyabr 2006, 07:01:49

— Men ham gapirsam maylimi? — dedi Omonullo xuddi o‘quvchi bola kabi qo‘l ko‘tarib. Fotima sal chegaradan chiqqanini fahmladi-yu, ammo sir boy bergisi kelmay bir oz jilmaygan holda amr etdi:
— Gapiring, o‘rtoq kapitan, so‘z sizga!
— Birinchidan, bu satrlarni menga avval ham o‘qib bergan edingiz, xonim. Ikkinchi gapim shuki, avval aytmovdim, endi aytaman: agar mening o‘g‘lim bo‘lganida uch marta emas, uch ming marta atrofini aylanardim. Bitta emas, uch mingta jonim bo‘lsa, hammasini sadaqa qilib yuborardim.
Fotima yarim tundagi suhbatning bu tarzda nozik torlarni chertib yuborishini sira kutmagan edi. Shu sababli taslim bo‘lishdan o‘zga chorasi qolmadi. Kitobni yopdi. Kipriklari nigohini to‘sdi. Siniq ovozda:
— Ovqat yemaysizmi? — deb qayta so‘radi. So‘ng eriga iltijo bilan boqdi: — Yana ozgina sabr qiling...
Omonullo hozir uy yo‘lagida turib shuni esladi. Hovlida o‘ynab yurgan bolalarga qarab havasi keldi. «Uylangan yilim tug‘ib berganida hozir yetti yoshga to‘lardi. Qo‘lidan yetaklab yurardim. Maktabiga olib borib, olib kelardim. O’zi Hindistonida yursa yuraverardi...»

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 07:02:02

AJR

«Qizimni urgan qo‘llaring akashak bo‘lsin! Sen mening qizimni urding — seni Xudo ursin! Mening qo‘llarim sening yoqangda! Qiyomatgacha qarg‘ayman seni!».
Qaynonasining faryod bilan aytgan bu so‘zlari xotirasiga mixlanib qolgan.
O’shanda sud hukmini kutib o‘tirgan edi. Qaynonasi ayyuhannos solib kirdi. Qarg‘adi. Qarg‘ab-qarg‘ab xumoridan chiqmadi. Dod solib yig‘layverdi. «Sud ishiga xalaqit beryapti», deb uni qariyb sudrab olib chiqishdi. Uning faryodi tashqarida ham tinmadi.
U avvaliga qaynonasining qarg‘ishlariga tushunmadi. Xotinining o‘lganini keyinroq bildi. Bildi-yu, qo‘rqib ketdi. «Agar bu o‘limni ham yelkamga yuklashsa, rahm qilishsa o‘n besh yil berishadi, bo‘lmasa otishlari tayin», deb o‘ylab yuragi orqasiga tortdi. Har tugur «traktorni mast holda haydagani, «Jiguli»ga urilgani, haydovchining jarohat olgani...» qamalish uchun kifoya qildi. Qo‘liga kishan urib, sud xonasidan olib ketishdi. O’sha onlarni keyinchalik eslasa «Baxtimdan o‘rgilay», deb qo‘yadigan bo‘ldi. Xotini o‘sha kuni emas, ikki-uch kun avvalroq o‘lganida otuvdan qutulib qololmasligi tayin edi.
Sudga nima, «urganingda jigari yorilib ketgan», deb qotillik jandasini bo‘yniga iladi. Qaynonasinikiga borib janjal qilgani, xotinini quvib yurib urganini bilishgach, «qasddan o‘ldirgan», deb hukm chiqarib yuboraverishadi.

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 07:02:09

Qasddan... Xotinini o‘ldirish xayoliga kelganmidi o‘sha damda? Qaynonasinikiga nima uchun borgan, xotinini nima uchun urgan — o‘zi ham bilmaydi. Esida qolgani: shiyponda mehmon kutadigan bo‘lishdi. Raisning muovini kelib, unga «Traktoringni tutatma. Bugun nozik mehmon keladig‘on, bi-ir pazandaligingni ko‘rsat», deb ketdi. Raisning mehmon kutadigan bog‘i, o‘zining oshpazi bo‘lsa ham mehmonning bu yerda kutilishi ular uchun tushunarsiz hol edi. Uning pazandaligiga ko‘pchilik qoyil qolardi. O’zi ham qozon atrofida yayrab ketardi.
Xullas, mehmon keldi. Ovqat yeyishining tayini yo‘q, ozg‘ingina odam ekan, Jussasi nozikmidi yoki amali nozikmidi, bilisholmadi. Bilishga qiziqishmadi ham. Mehmon ketgach, ziyofatni o‘zlari davom ettirishdi. Bir tomondan kunning issig‘i, yana bir tomondan xalqumlarini qizdirib o‘tgan shayton suvi ta’sir qilib, shomga qolmay yumalab qolishdi.
U shom salqinida bir oz o‘ziga kelib, ko‘zini ochdi. Shishalarda, piyolalarda qolgan-qutganini to‘plab, nafsini orom oldirtirgach, bir amallab traktoriga chiqib oldi. Uyga borgani esida. Onasi nimadir dedi. Nima deganini keyin hech eslay olmadi. So‘ng qaynonasinikiga bordi... Qaytishda bir mashina ro‘parasidan chiqdi. Keyin bilsa, uning o‘zi traktori bilan mashina ro‘parasidan chiqqan ekan.
«Shunga yosh umrini juvonmarg qilib qamash shartmidi?..»
Uning xulosasi shu edi.
Ko‘p narsalar esidan chiqib ketdi. Lekin qaynonasining faryodini unuta olmadi. Qamoqda yurganida ham, keyin ham vaqti-vaqti bilan quloQi ostida jaranglayverdi. Har jaranglaganda bir cho‘chib tushadi. «...Seni Xudo ursin!..» Ibodatsiz bo‘lsa ham qo‘rqardi bu qarQishdan. «Xudo qanaqasiga urar ekan?» — deb ko‘p o‘ylardi.
Toshbolta Xudoning qanaqasiga urishini mana endi bilganday bo‘ldi.

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 07:02:17

Bu ojiz banda, bu nodon banda, bu shayton izmidagi banda foniy dunyodagi har bir harakati, har bir aytgan gapi uchun ajr mavjud ekanini, hatto qizining o‘limi ham o‘ziga yarasha mukofot ekanini anglab yetmagan edi.
U «norasmiy kuyovi», bir vaqtlardagi o‘zining ta’biri bilan aytganda «valine’mati» bo‘lmish Tursunalining qo‘liga kishan urilganida ko‘p ham qayg‘urmadi. Topar-tutari yaxshi, obro‘-e’tibori ham baland chin kuyovga yolchiganidan so‘ng Tursunali ko‘ziga shumqadam bo‘lib ko‘rinayotgan edi. Shilqimligi bir kunmas bir kun qizining oilasini buzishi mumkinligini o‘ylay boshlagan, avvalgi fikrlaridan qaytgan, boy amaldorga o‘ynash bo‘lishning qisqa umrli baxt ekaniga tushunib qolgan edi. «Erta-indin urilib ketish ehtimolidagi amaldorga o‘ynash bo‘lishdan, tagida vertolyoti bor olimga xotin bo‘lish ming karra afzal», degan to‘xtamga kelganida uning mushkulotini Xudoning o‘zi yengillatib berdi — o‘ynashni yo‘ldan olib tashladi. Unga qadar «norasmiy kuyovi»ning marhamati bilan Sibiriya shaharlariga meva-cheva olib borib sotishni kasb qilayotgan edi. Bu ish bilan shu paytgacha shug‘ullanib kelgan odamlari Tursunalining nazarida g‘irromlik yo‘liga o‘tishgan, uncha-buncha pulni o‘marib qoladigan bo‘lishgan edi. Gulday qizining nomusini hadya etishdan qaytmagan Toshboltaning sadoqatiga ishonib, Magadanga olib boriladigan bir vagon pomidorni unga topshirdi. Toshbolta pulga qo‘shib, bu yerlarda topilishi qiyin bo‘lgan tilla-javhar buyumlarni olib kelib bergach, mo‘ljalni bexato olganidan o‘zicha quvondi. «Men buni bir laqma oshpaz deb yursam, baloning o‘qi ekan-ku!» deb ishonch darvozalarini kengroq ochdi.
   

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 07:02:25

Toshboltaga aynan shu — ishonch darvozasidan o‘tib, ichkariroq kirib, yaxshiroq o‘rnashib olish kerak edi. Aslida u yulduzni benarvon uradigan toifadan emasdi. Tursunali gumon qilganidek, ozgina laqmaligi ham bor edi. Ammo kattaroq daromadning hidi dimoqqa urilsa hiyla bosh ko‘tarib, laqmalikni quvar ekan. Vagon Magadanga yetib borgunicha sheriklarining suhbatlariga zehn solib, pulni pulga urishtirib tilla «yasash»ni o‘rgandi. Magadandagi mijozlar esa «direktorga yaqin odam»ni o‘zlariga og‘dirib olish uchun bu kasbning sir-sinoatlarini o‘rgatdilar. Pulning bir qismiga javhar ko‘zli tilla uzuk olib borish ham ana o‘shalarning maslahati bilan bo‘lgan edi. Birinchi safardayoq kishi bilmas tarzda puldan o‘marib qoldi. Tursunali uning «sadoqati»dan, «vijdonan ishlashi»dan mamnun bo‘lgan holda foydadan tuzukroq ulush ajratdi. Cho‘ntak pulga to‘lgach, yurish-turish ham bo‘lakcha bo‘ldi. «Ko‘rmaganning ko‘rgani qursin», deganlari shu-da!
Tursunali qamaldi-yu, «norasmiy qaynota» ikki jumboq qafasida qoldi. Birinchi jumboq — tilla bezaklarga oid edi. U Sibiriya tomonlardan har safar tilla-javhar bezak olib kelardi. Tursunali qamalib, uyi tintuv qilinganda «boylik chiqmagan» emish. «Boylik topishni bilgan yashirishni ham bilgandir, ammo qaerga yashirgan?» Toshboltaning tinchini olgan jumboqning asosiysi shu edi. Qizidan bir necha marta so‘radi, Nafisa «bilmayman», deb yelka qisib turaverdi. Ikkinchi jumboq Sibirga qatnashning to‘xtashi yoki to‘xtamasligiga bog‘liq edi. Uning baxtiga yangi direktor begonalardan bo‘lmadi. O’zining qo‘lidan taom yeb yurgan, Tursunalining maishatiga sherik bosh muhandis yigit direktorning kursisiga o‘tirdi. Bir oy mobaynida bog‘dagi mehmonxonaga qadam bosmadi. Kelgan mehmonlarni ham idoradan nari kuzataverdi. Yangi «halol» rahbarning ibratli ishlari haqida gap-so‘zlar boshlangach, ustozining yo‘liga pinhona tarzda o‘ta qoldi. Meva-chevalar pishishi arafasida Toshboltani chaqirib, Sibiriya safari haqida surishtirib, ishni avvalgiday davom ettirishi lozimligini aytdi. So‘ng:
— Nafisaxon sog‘-salomatmilar? Bu tomonlarga bir kelaman ham demaydilar-a? Kelsalar bexabar qolmaylik, — deb qo‘ydi.

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 07:02:33

Bu bilan ustozining merosxo‘ri sifatida o‘ynashga ham ega chiqajagini shipshitgan bo‘ldi.
«Obbo xunasa-ey, sening ham darding bormi?! — deb o‘yladi Toshbolta Qashlanib. «E, bola, mening qizim fohisha emas, eri bor, uy-joyi bor!» — deb siltamoqchi bo‘ldi-yu, o‘zini tiydi. «Gapiraveradi-da, ko‘z tikkani bilan qizim kelib to‘shagiga yotib olarmi-di», — deb o‘zini ovutdi.
El og‘zida «Ot bosgan joyni toy bosadi», degan naql yuradi. Shunga ko‘ra Tursunali ot bo‘lsa, shogirdi toy misol edi. Qo‘polroq tarzda tavsif berilsa, Tursunali tupirganu u yalagan edi. Ustozi qamalganida uning ham paytavasiga qurt tushdi. Harholda ustozi oshni o‘zi oshalagani bilan unga yalatib turardi. Yangi direktor Yaratganga emas, rahbarlariga shukr qiladi: har tugul oshalaganlarni olishdi-yu, yalaganlarga marhamat darvozalarini ochishdi. Ular anglashmadiki, yaloqxo‘rlarning nafsi oshalaganlardan ham buzuqroq bo‘ladi. Oshalagan qorni to‘ygunicha yeydi. Yaloqxo‘r esa ko‘zi to‘ygunicha. Ko‘zning hech qachon to‘ymasligi esa barchaga ayon. Xususan, kattalarning xizmatini qilib yurib fe’l-atvorlarini bilib olgan Toshboltaga ham ma’lum bu. Shu sababli qizi tilga olinganda uning ko‘zlarini o‘yib olgisi kelgan bo‘lsa-da, o‘z aravasini o‘zi tortib ketishga qurbi yetmasligini bilgani uchun o‘zini tiydi. «Yaloqxo‘r» deb yangi direktordan nafratlangani bilan tirjayib, unga qulluq qilib turishga majbur edi.
Yangi direktor ham Toshboltani suymas edi. «Belida belbog‘i bo‘lsa gulday qizini xo‘jayinga o‘ynash qilib qo‘yarmidi», deb g‘ijinib yurardi. Bu g‘ijinish pokizalik alomati emas, balki rashk olovining mevasi edi. Tursunalining qilmishi haromning o‘zi bo‘lgani kabi buning g‘ashligi halollik emas edi. Ba’zan bu go‘zalning bir kechalik og‘ushi uchun dunyosini berishga rozi bo‘lib ketardi. Omadini qarangki, dunyosini bermasa ham jonon naqd bo‘lib qoldi. «Bu Oshbolta deganlari hozircha xizmatimni qilib yuraversin. Vaqti kelganda bir tepsam enasinikiga kirib ketadi» — yangi direktorning mo‘ljali shu edi.

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 07:02:41

Bir-birlarini yomon ko‘rganlari bilan ularni nafs deb nomlangan ko‘rinmas zanjir mahkam bog‘lagan edi. Nafsning miqdorini o‘lchaydigan tarozi bo‘lganda ham qaysi biriniki buzuqroq ekanini aniqlab bera olmas edi. Nafsga bandi bandalar shu holatlarida bir-birlari bilan murosa qila oladilar. Pokiza hayotni afzal biluvchilar esa arzimagan masalalar bo‘yicha gap talashib, oqibatda ittifoq qila olmaydilar va oqibatda nafsga bandi bandalar yetkazgan zulmdan azob chekib noliy boshlaydilar.
Toshbolta ham, yangi direktor ham qimorbozning «gardkam!» deyishi kabi tavakkal qilgan edilar. Dastlabki ittifoq ikkovlari uchun ham manfaatli edi. Ayni choqda ikkovi ham ajralish onlariga tayyorgarlik ko‘rardilar. Yangi direktor Toshboltaning avvalgi kabi sadoqat bilan ishlashiga ishonmagani sababli uning o‘rniga «o‘z odami»ni tayyorlardi. Toshbolta ham yangi xo‘jayin eskisi kabi marhamatli bo‘la olmasligini anglab mustaqil ish yuritishni, hatto boshqa yerga ko‘chib ketishni ko‘zlardi. Shu borishida Sibiriyada orttirgan oshnalari bilan maslahat qilib ayrim ishlarni pishitdi. Yangi direktorga topshiradigan puldan ko‘proq urib qolib, noyob mollar xarid qildi. Safardan ko‘ngli to‘lib, yaxshi niyatlar bilan kelib qizi yashaydigan uy eshigini ochdi-yu...
Yaratgan tayyorlab qo‘ygan mukofotlardan biri — shu edi...
Ko‘zlariga ishonmadi. Xuddi tush ko‘rayotganday bo‘ldi. Eshikni ochishi bilan dimoQiga sassiq hid urilganida «Eri bilan ketgan bo‘lsa, ovqat-povqati hidlanibdi», deb o‘yladi.
Keyin... avval notanish erkakning jasadini ko‘rib bir seskandi. So‘ng qizining ahvolini ko‘rib tanasidan jon chiqib ketganday bo‘ldi. «Qizim! Nafis!» — deb baqirmoqchi edi, ovozi pichirlab chiqdi. Ko‘z oldi qoronQilashib, hamma narsa ayqash-uyqash bo‘lib ketdi. Ana shu qoronQulik qa’ridan qaynonasining hayqirig‘i otilib chiqdi: «Seni Xudo ursin!!».
   

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 07:02:50

Militsiyaga xabar qilgach, yuklarni ichkari olib kirdi-da, jomadon ustiga holsizlanib o‘tirdi. Boshini changallab, tebrandi. Yig‘lashi kerak edi — yig‘lay olmadi. Yig‘i ham Ollohning ne’mati ekan, rahm qilganiga berar ekan bu ne’matni. Yaratgan Toshboltaga bu onda yig‘isiz ruh azobini ravo ko‘rdi.
Poezdda kelayotganida yuragi g‘ash edi. o‘ashlikni yoyish uchun sheriklari uzatgan aroqni qaytarmay ichaverdi. Ikki tun ketma-ket birinchi xotinini tushida ko‘rdi. Xotini ozib ketgan, eti ustixoniga yopishgan holda emish. Holsiz emish, xasta emish. «Meni qaraydiganim yo‘q, mehribonim yo‘q», deb yig‘lar emish. Ko‘zlaridan oqqan yosh muz donalariga aylanib qolarmish. Toshbolta «Seni bu yerdan olib ketaman», deb opichib olganmish. Xotini esa yig‘lab, yalinib «yo‘q, olib ketmang, o‘zingiz keling», der emish.
Toshbolta ertalab uyg‘onib, bu tushidan ajablandi. U tush yo‘yishni bilmas edi. Harholda bu tush yaxshilikka ishora emasligiga aqli yetdi. Keyingi uyqusida xotinini yana ko‘rdi. Xotini juldur kiyimda emish. Keyin qaynonasi paydo bo‘ldi. U qarg‘adi, qarg‘ayverdi, xotini esa kuldi, kulaverdi...
Jomadon ustida boshini changallaganicha tebranib o‘tirgan Toshbolta shularni esladi.
Keyin... odamlar kelishdi.
Keyin... tergovchi so‘roq qildi...
Bularning hammasi tush kabi edi. Go‘yo hozir uyg‘onadiganday, dahshatli tush barham topadiganday edi.
Tekshiruvchilar tekshiradiganlarini tekshirib bo‘lishgach (Sibiriyadan keltirgan mollari ham e’tibordan chetda qolmadi — xatga tushirildi), «uyni berkitib, muhrlaymiz», deyishdi. Qalbi muhrlangan banda uyni muhrlamoqchi bo‘lganlarga nima ham deya olardi? Boshini xam qilib uydan chiqdi. Qizining nomusi sotilganda egilishi lozim bo‘lgan bosh ajal tig‘i qo‘zg‘olgach, birato‘la egildi.

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 07:02:59

Toshbolta uyiga anchagina mol-dunyo ko‘tarib kelishni reja qilgan edi. Bu safar adoqsiz alam-g‘am dunyosini yelkasiga ortmoqlab kirib keldi. Erini g‘amnok ahvolda ko‘rgan Adolat avvaliga ajablanib qarab turdi. Keyin uch-to‘rt qadam qo‘yib peshvoz chiqdi-da. «Salomaykum», deb savol muhrlangan nazarini eridan uzmay qarab turdi. Savol so‘ralmagan bo‘lsa ham Toshbolta bu qarashda «Ha, nima bo‘ldi, yuklaringiz qani?» degan ma’noni uqib g‘ijindi-da, ichida «He, saloming boshingni yesin!» — deb qo‘ydi.
...Toshbolta qamoqdan chiqib qishlog‘ida uzoq yashay olmagan edi. Xuddi birov atayin uyushtirayotganday qaynotasiga, qaynog‘asi, qaynilariga duch kelaverdi. Ular, ayniqsa qaynonasi, tilda gapirmasalar ham ko‘z qarashlari bilan qarg‘ardilar. Traktorchilikka birga o‘qigan oshnasi cho‘ldagi yangi sovxozda brigada boshlig‘i ekan, onasining ziyoratiga kelganda Toshboltani uchratib, ishga taklif qildi. Tasodifni qarangki, o‘sha yili Adolat ham «qalb da’vati» va komsomol yo‘llanmasi bilan «cho‘l quvgani» kelgan ekan. Uning shahardagi qiliqlaridan bexabar Toshbolta jilmayib qo‘yishlariga xushtor bo‘lib, «o‘qituvchi xalqi yaxshi bo‘ladi», degan fikrda odam qo‘ydi. Adolat «qamalib chiqqan traktorchiga tegamanmi», deb nozlanib o‘tirmadi. Zero, bu yerga kelishdan maqsadi cho‘l quvish emas, biron laqmani topib er qilib olish edi. Unga nomi uchun er bo‘lsa bas edi. Shunga binoan uning maqsadi shoirlarning tili bilan aytiluvchi «cho‘lquvarlik» emas, balki «erquvarlik» edi. Toshbolta uylangach, «xotinimning ismi o‘ziga mos ekan», deb qizini olib keldi. Dastlab turmushidan rozi edi. Adolat ko‘p jihatlari bilan birinchi xotinidan a’loroq tuyuldi. Keyin-keyin asal oylari tugab, zahar kunlari boshlangach, «Agar Adolat degani shu bo‘lsa, adolatiga ming la’nat!» deb peshonasiga shapati urdi. «Qo‘shning yomon bo‘lsa, ko‘chib qutulasan, xotining yomon bo‘lsa qo‘yib qutulasan», deyishadi. Toshbolta bu maqolni birinchi kim to‘qiganini bilmaydi. Bilganida edi, o‘sha aytgan odam hayot bo‘lganida edi, unga tik boqib: «Bekor aytibsan! — derdi. — Gapimga ishonmasang, ana, Adolat degan shaytonning urg‘ochisiga uylanib ko‘r-chi, qo‘yib qutula olarmikansan!»

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 07:03:14

Yomon xotun shayotun qamchisidur,
Qo‘lung bog‘laguvchi arg‘amchisidur.
O’shal xotunki nomahram nazardur,
Agar u shamsu qamardur mochaxardur.
Agar chandiki buzrukzodadur ul,
Yaqin bil, to‘rt oyoqlik modadir ul...


Ayni chilla paytida brigadalariga bir muxbir kelib, qamish chaylada oshxo‘rlik qilib, «yuzta-yuzta otib» o‘tirishganda yomon xotindan gap chiqdi-yu, mehmon shu satrlarni o‘qib berdi. Ayrim so‘zlariga yaxshi tushunmasa ham she’r Toshboltaga ma’qul kelib, uch marta qayta o‘qittirdi. Muxbir yigit «xotin oydek bo‘lsa ham, quyoshdek bo‘lsa ham, agar u yomon bo‘lsa urg‘ochi eshshakning o‘zidur», deb izoh bergach, to‘lqinlanib, ko‘zlari yoshlanib «akam bo‘lasiz!» deb cho‘lpillatib o‘pib ketdi. So‘ng satrlarni bir parcha qog‘ozga yozdirib ham oldi. Kayfi tarqagach, she’rni ham, satrlar yozilgan qog‘ozni ham unutdi. Ko‘ylagi yuviladigan bo‘lganda Adolatning qo‘liga tushib, u labini burdi. She’rni o‘sha muxbir yozgan deb o‘ylab, eriga dashnom berdi-da: «o‘shaningiz bekorlarning beshtasini aytibdi, shayton urg‘ochi bo‘lmaydi, erkak bo‘ladi, she’r ham «yomon xotun emas, yomon erkak deyilgan», deb donolik qildi. Uning ishonch bilan aytgan gaplarini tinglagan kishi «shaytonni shu tuqqanga o‘xshaydi, shaytonning erkakligini aniq bilyapti-ku» deyishi mumkin.
Er-xotin orasida birinchi janjal chiqqanida Adolatning o‘zi unga «ovora bo‘lmang, meni qo‘ya olmaysiz. Mendan faqat o‘libgina qutulasiz», deb dangal aytgan edi. Toshbolta nima qilsin, taqdirga tan berib yashayverdi. Faqat ichib olgan kezlari do‘stiga hasrat qilib «e, oshnam, sen mening dardimni bilmaysan, peshonamning sho‘rini o‘lchash uchun traktor tortadigan tarozining ham kuchi yetmaydi», deb nolirdi. Adolat esa mehribonlik qilib unga yana uchta qiz tug‘ib berdi. Qizlari tug‘ilgunicha bir navi edi. Ana undan keyin Nafisaning ham qora kunlari boshlandi. O’gay ona qanday bo‘lmog‘ini bilmoq istaganlar Nafisadan so‘rasalar edi, u aytib berardi. O’gay onalarning zulmi haqida hikoyalar ko‘p. Adolat ulardan o‘tsa o‘tardiki, kam emas edi. Nafisani Tursunaliga ro‘para qilish fikri dastlab aynan shu xotindan chiqqani inobatga olinsa, makr bobida tengsiz ekanini anglamoq mumkin.

Qayd etilgan